Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Inspeksiya ish boshladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hududiy bo‘limi ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatsiya qilish boshqarmasi negizida tashkil qilingan inspeksiyaning asosiy vazifasi ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya jarayonlarini, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish sifatini tekshirish, pedagog kadrlarga mutaxassislik kategoriyalarini berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishdan iboratdir.

Inspeksiya ma’muriy bo‘ysunishi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazadi. O‘quvchilar, talabalar va tinglovchilar bilimining ta’lim standartlariga, davlat va mutaxassislik talablariga muvofiqligini tahlil qilib, ta’lim muassasalarining reytingini aniqlab boradi. Nodavlat ta’lim muassasalariga litsenziyalar berib, xorijda o‘qib kelganlarga berilgan hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalashni tashkil etadi. Respublikamiz hududida xorijiy ta’lim muassasalari faoliyatiga ruxsat berish uchun tavsiya etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazadi. Ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yadi.

Shuningdek, talabalar bilimining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini o‘rganib boradi, saralaydi, kadrlar tayyorlashning monitoringini yuritadi hamda oliy o‘quv yurtida ichki attestatsiyani tashkil etadi.

– Davlat inspeksiyasi hududiy bo‘limining tashkil etilishi ta’lim muassasalariga, ularda faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarga ancha qulayliklar yaratadi, – deydi inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i Ilesbay Qunnazarov. – Sababi, ta’lim muassasalari shu yerning o‘zida attestatsiya hamda akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Lavozim va mutaxassislik toifalariga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi. Shu bilan birga, davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘limlariga ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari tomonidan o‘quv-tarbiya jarayoni, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kadrlar tayyorlash va ularning mutaxassisligini oshirish sifatini nazorat qilish bo‘yicha qonun talablari buzilgan holda qabul qilingan har qanday buyruq, farmoyish va qarorlarga amal qilinishini to‘xtatib qo‘yish, attestatsiya yakunida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mazkur muassasa rahbari va pedagog xodimlariga jarima solish huquqi ham berilgan.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida hududiy bo‘lim xodimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Shu jumladan, Nukusda o‘z faoliyatini boshlagan "Nukus Ziyoda nur" nodavlat o‘quv markaziga sertifikat, xorijda oliy o‘quv yurtini tamomlagan fuqarolarga diplomlarini tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘yicha tushunchalar berildi. Undan tashqari, Beruniy tumanida yangidan tashkil etilgan "Shirintoy sayyorasi" nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining litsenziya olishi uchun davlat inspeksiyasiga tavsiya etiladigan hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Anvar Nasirlayev, O‘zA
4 652