Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2017 13:23 Chop etish versiyasi

Chet tillari bilimdonlari

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘quv dasturlari, darsliklar chop etilmoqda, ta’lim muassasalarida turli ko‘rik-tanlovlar, interaktiv o‘yinlar o‘tkazilmoqda.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida o‘tkazilgan «Spelling competition» so‘zlarni harflab talaffuz qilish musobaqasida o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bir guruh iqtidorli talabalaridan tarkib topgan «Yosh izlanuvchilar» guruhi tashabbusi bilan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, «O‘zbekistonda xorijiy tillar» nomli elektron jurnal va internet portali, Britaniya Kengashi O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Maktab-internat direktori M.Maqsudov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olishi, qiziqqan sohalari bo‘yicha kasb-hunar egallashi, ijodiy-intellektual salohiyatini namoyon etishi, chet tillarini puxta o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mazkur musobaqa oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘rish imkoniyati cheklangan talaba-yoshlar orasida o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi musobaqa ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etildi.

– Mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillari, xususan, ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan talab va ehtiyoj tobora ortayotir, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchisi Yoqut Sharipova. – Bu jarayonda jismonan sog‘lom yoshlar bilan bir qatorda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham faol ishtirokini ko‘rish mumkin. Chet tillarini o‘rgatish orqali ularning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘mak berish loyihamizning asosiy maqsadlaridan biri sanaladi.

– Musobaqada ishtirok etayotganimdan xursandman, – deydi 8-sinf o‘quvchisi Madina Umarova. – Ingliz tili fanini sevib o‘qiyman. Tayyorgarlik jarayonida grammatika, fonetikaga oid ko‘pgina yangi bilimlarni egallashga harakat qildim. Kelajakda ingliz tilini puxta egallashni niyat qilganman.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
290






Все о погоде - Pogoda.uz