O‘zA O`zbek

11.05.2019 22:10 Chop etish versiyasi

Bugungi taʼlim – ertangi kelajak

Bugungi taʼlim – ertangi kelajak

Yoshlar taʼlim-tarbiyasini toʻgʻri, milliy manfaatdorlik nuqtai nazaridan qayta qurish jiddiy masala. Chunki taʼlim-tarbiya sifati va tarkibi har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini belgilaydigan eng asosiy omillardan biridir.

XX asr ikkinchi yarmida yoshlar taʼlim-tarbiyasini maqsadli isloh etish natijasida yuksak taraqqiyotga erishgan davlatlarga bir eʼtibor beraylik: Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Norvegiya... Ushbu davlatlar islohotni bogʻchadan boshlab, 2-3 oʻn yillikda oʻziga xos, samarali taʼlim-tarbiya tizimini yaratish evaziga fuqarolari ijtimoiy himoyalangan, iqtisodiy barqaror mamlakatlarga aylandi.

Oʻzbekistonda bu boradagi islohotlar deyarli tugagan maktabgacha taʼlim-tarbiya tizimini tiklashdan boshlandi. Har bir viloyatda zamonaviy, har jihatdan shinam, yaxshi jihozlangan bogʻchalar qurishga kirishildi. Eng avvalo, uzluksiz taʼlimning eng muhim halqasi boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasalari mazmunan va tashkiliy jihatdan mutlaqo yangi shaklda tashkil etilmoqda. Ushbu tizim nafaqat bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻlamini oshirish, shuningdek, 3-6 yoshidanoq ularning qiziqishi, erkin muloqot qila olish qobiliyatiga qarab alohida-alohida guruhlarga boʻlib taʼlim-tarbiya berish mexanizmlarini joriy etish imkoniyatini beradi.

photo_2019-05-11_22-05-18.jpg

Maktabgacha taʼlim muassasalari uchun tarbiyachilarni tayyorlash ham deyarli yoʻq boʻlib ketgan edi. Oliy taʼlim muassasalarida bogʻchalar uchun tarbiyachilar, murabbiylar tayyorlashning son va sifat jihatidan yangi davri boshlandi.

Bogʻchalar va umumtaʼlim maktablari xususiy shakllarining hayotimizga kirib kelishi taʼlimda sogʻlom raqobat muhitini yaratmoqda. Buning natijasida taʼlim muassasasini tanlash, shu bilan birga, innovatsion taʼlim beruvchi murabbiy va oʻqituvchilarga boʻlgan yangicha talab va shunga munosib haq toʻlash tizimi ham amaliyotga kirib kelmoqda.

11 yillik maktab taʼlimiga qaytilishi bolalarimizning taʼlim olish sifati va tarbiyasini yanada koʻtarish imkonini berdi. Bu taʼlimdagi eng muhim islohot boʻldi. Umumiy oʻrta taʼlimdagi oʻzgarishlar ham jadallik bilan ketmoqda: fanlarga yangi dasturlar, darsliklar kirib kelyapti, oʻqituvchilarning maoshi oshirilyapti va bu jarayon uzluksiz davom etmoqda.

photo_2019-05-11_22-05-19.jpg

Kasb-hunar taʼlimi ham qayta koʻrib chiqilmoqda. Bu tizim ish beruvchilarning real talabidan kelib chiqqan holda, aniq va optimal boʻladi.

Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz kelajagi, xalqimizning farovon hayotini taʼminlaydigan milliy elita yoshlarni tarbiyalash boʻyicha davlat siyosati yuritilayotgani va taʼlimga konseptual yondashilayotgani yaqin yillarda iqtisodiyotimizning barcha sohalarini innovatsion fikrlaydigan mutaxassis-kadrlar bilan taʼminlash imkonini beradi.

Bu maqsadga erishish uchun taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omillar belgilandi va ularni mamlakat miqyosida bajarish boʻyicha qator manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu omillar ichida akademik litseylar yangicha tashkil qilinishi, maktabgacha taʼlim tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida tubdan oʻzgartirilishi, taʼlim sohasida raqobat muhitini yaratishga olib keluvchi xususiy taʼlim muassasalari ochilishi, yoshlarning innovatsion bilim va fanni egallash uchun xorijiy universitetlarda tahsil olishi, va albatta, Prezident maktablarining tashkil qilinishi taʼlim islohotlarini jadallashtirish va uni yuqori pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi.

photo_2019-05-11_22-05-20.jpg

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida oliy taʼlimdagi islohotlarga alohida toʻxtaldi: “Qanday ogʻir boʻlmasin, tan olishimiz kerak, yurtimiz ravnaqi uchun eng zarur yoʻnalishlar boʻyicha izlanuvchan, isteʼdodli yosh kadrlarni chetda, rivojlangan davlatlarda oʻqitishga majburmiz. Shuning uchun ham Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy oʻquv yurtlari, mamlakatimizdagi ilmiy markazlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan yaqin hamkorlikda samarali ish olib borishi kerak”.

Albatta, mamlakatimizning porloq kelajagi, ravnaqi va barqarorligi, dunyo mamlakatlari ichida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi soʻzsiz innovatsion bilimlarni egallagan, boshqacha aytganda, inson kapitali sohibi boʻlgan bugungi yoshlar qoʻlida. Shu sababli yoshlar tarbiyasidagi eng muhim qadamlardan biri bu davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻldi.

Qarorda 2019-2021 yillarda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 14 ta Prezident maktabini qurish belgilangan va eng muhim jihatlaridan biri bu maktablarda tahsil oladigan oʻquvchilarni tanlashni Kembrij universiteti professor-oʻqituvchilari oʻtkazishi toʻgʻrisida Xalq taʼlimi vazirligi maxsus memorandum imzoladi.

photo_2019-05-11_22-05-21.jpg

Yana bir muhim holatni taʼkidlash lozim. Prezident maktablarida respublika umumtaʼlim maktablarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijasida tanlash hamda xalqaro “STEAM” taʼlim dasturi (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – sanʼat, Mathematics – matematika) asosida oʻqish tashkil qilinishi, 9-11-sinflarda oʻquvchilar oʻzlarining qiziqishiga qarab ayrim fanlarni tanlash orqali individual bilim olish imkoniyatiga ham ega boʻlishi bilan umumtaʼlim maktablaridan tubdan farq qiladi. Chunki Prezident maktablarining asosiy vazifalaridan biri – tabiiy va aniq fanlarni chuqur oʻqitish, oʻquvchilarning innovatsion bilimlarni oʻzlashtirishi, ularning intellektual, ilmiy-ijodiy salohiyatlarini ochib berish va rivojlantirishdan iborat.

Shu jihatdan Prezidentimizning Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 26 yilligiga bagʻishlangan tadbirdagi quyidagi soʻzlari ham biz – taʼlim sohasi masʼullari uchun chuqur daʼvat boʻlishi lozim: “Farzandlarimizning qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga bolalikdan eʼtibor berib, ularning kamoloti uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etsak, yurtimizda yana koʻplab Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar yetishib chiqadi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu sohada tashlangan yana bir oʻta muhim qadam boʻldi. Bu hujjat yoshlarimizni ilm-fan bobida yanada gʻayrat-shijoat koʻrsatishlariga katta turtki beradi.

Taʼlim sifati jamiyat ravnaqini taʼminlaydigan asosiy va birlamchi omil sifatida davlatning ustuvor masalasiga, iqtisodiyotning real sektorlari talabidan kelib chiqib milliy elita kadrlarni tayyorlash va ularni dunyo bozorida raqobatbardoshligini taʼminlashni tashkil qilish esa mintaqa (viloyat)lar strategiyasining bosh masalasiga aylanib bormoqda. Bu oʻta muhim siyosatning muvaffaqiyati mamlakatning har bir fuqarosi taʼlim islohotlarida faol ishtirok etishini taqozo qiladi.

Prezidentimiz 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, islohot – bu yangilanish, oʻzgarish degani. Islohotlarning ijobiy natija berishi uchun, avvalo, rahbarlarimiz va odamlarimiz oʻzgarishi kerak. Inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi.

Haqiqatan ham taʼlim sifati har bir oʻqituvchining malakasi va oʻz kasbiga fidoyiligidan tashqari, jamiyatning taʼlimga munosabatiga ham bevosita bogʻliq. Bugun biz yangi avlod oʻqituvchisini xorijda yoki yurtimizda tarbiyalash bilan parallel ravishda hozir oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 25-45 yoshdagi pedagoglar malakasini oshirishning yangi, mukammal va iqtisodiy-ijtimoiy oʻzgarishlarga moslashuvchan tizimini ishlab chiqishimiz lozim. Chunki bugun yangi tipdagi bogʻchada tarbiyalanayotgan bolalar oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kelgunicha kamida 12-15 yil oʻtadi. Vaholanki, shu vaqt ichida hozirgi professor-oʻqituvchilarning 75-85 foizini yangilash kerak. Kutishga va loqaydlikka berilishga esa biz – taʼlim sohasi xodimlarining haqqi yoʻq.

Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida taʼkidlagan Najmiddin Kubroning “Muvaffaqiyatni – saʼy-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlik va dangasalikda koʻrdim”, degan hikmatli soʻzlari maʼnosini hammamiz yaxshilab chaqishimiz kerak. Har bir kishida mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik va fidoyilik tuygʻusini uygʻotish vaqti keldi, bu jarayonni kundalik turmush tarziga, millat mentalitetining ilhom bulogʻiga aylantirish kun tartibimizdagi birlamchi masala boʻlishi lozim.

Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasida, xususan, yoshlar masalasi boʻyicha olib borayotgan siyosati tufayli yaqin 5-10 yilda Oʻzbekistonda taʼlim, fan va texnologiyalarning yangi pogʻonaga chiqishiga mustahkam zamin yaratilmoqda. Ana shu poydevor asosida taʼlim sifati va samaradorligi ijobiy tomonga keskin oʻzgaradi, innovatsion bilim va fanni shakllantiradigan ilmiy texnologik infratuzilmalar shakllantiriladi, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda minglab intellektual darajasi yuqori yosh kadrlar tayyorlanadi, ular yurtimizning jahon intellektual mulk bozoridagi mavqeini yuksaltiradi. Taʼlim islohotlaridan koʻzlanayotgan asosiy maqsad – shu.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori.

OʻzA
3 462