Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 16:16 Chop etish versiyasi

Bolalar mehr va g‘amxo‘rlik qurshovida

Jizzaxlik Mirzo Abdulhoshimov hali o‘spirin yigit bo‘lishiga qaramay hayotning qiyinchiliklari, sinovlarini boshidan kechirgan. Bundan yetti yil oldin poytaxtimizdagi 100-ixtisoslashtirilgan maktab-internatga olib kelingan bu bola nafaqat yurishga, balki gapirishga, hatto oddiy narsalarni so‘rashga ham qiynalardi.

Tayanch harakat a’zolarida nuqson bilan tug‘ilgan Mirzoning o‘qishi, savodli bo‘lishini istagan ota-onasi bolani uyda o‘qitdi. Biroq nogironligi sabab hech kimga qo‘shila olmagan, tengdoshlari bilan birga o‘ynash tugul, hatto suhbatlashishga ham uyalgan bolakay kundan-kunga so‘lib borardi. Hammadan o‘zini chetga oladigan, tortinchoq, hech nimaga qiziqmaydigan befarq bo‘lib, darslarga ham qunt qilmay qo‘ydi.

Bolakayning hayotiga mazmun bag‘ishlash, bolalik, o‘quvchilik gashtini his qilishi uchun uning onasi bor imkoniyatini ishga soldi. Farzandini Toshkentdagi 100-tayanch harakat a’zolari shikastlangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatga joylashtirgan Buchiroy Sindorova Mirzoning kelajakda yaxshi o‘qib, hayoti butunlay o‘zgarishiga ishondi.

– Shu dargohga kelib farzandim hayotga qaytdi, yashashni o‘rgandi, – deydi B.Sindorova. – Uyda faqat menga suyangan, yordamimga muhtoj bo‘lgan o‘g‘limni uzoq joyga qanday tashlab ketaman, deb ko‘p o‘ylardim. Ming shukrki, bu yerdagi yaxshi insonlar, tarbiyachilar, mehribon ustozlar o‘g‘limga yo‘qligimni bildirmadi. Tengdoshlari bilan birga yashab, birga o‘qib, Mirzo butunlay o‘zgardi. Uning dunyoqarashi, fikrlashi o‘sganini, o‘qishdagi yutuqlarini ko‘rib, juda quvonaman. Biz kabi ko‘ngli yarim onalarning ko‘nglini to‘ldirib, har bir farzandga mehr-e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan mana shunday yurtdan, bag‘rikeng, mehr-saxovatli xalqimiz, g‘amxo‘r Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman.

Mirzo hozirgi kunda 9-sinfda a’lo baholarda o‘qiyapti. Jonkuyar ustozlar, mohir logopedlarning mehnati tufayli fanlarni yaxshi o‘zlashtirib, nutqidagi kamchiliklar ham bartaraf etilmoqda. U yaxshi so‘zlashish bilan birga, maktabdagi tadbirlarda faol qatnashadi.

– Onamning hamma narsa qo‘lingdan keladi, degan gaplariga sira ishonmas, hech bir ishni uddalay olmayman, deb qo‘rqardim, – deydi Mirzo. – Bu yerdagi ta’lim-tarbiya tufayli o‘zimga bo‘lgan ishonch ortib, mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgandim. Ustozlarim va onamning mendan umidlari katta, ularning orzularini ro‘yobga chiqarib, kelajakda yetuk mutaxassis, yaxshi inson bo‘lishim kerak.

Bolalarga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish, ko‘ngli o‘ksiklarni qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat zamirida ana shunday ezgu qadriyatlar o‘z ifodasini topmoqda. Boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tarbiyalash hamda voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktab-internatlar, Mehribonlik uylarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va bilimli bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yil 26-dekabrda imzolangan "Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham bu boradagi ezgu amallar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.

100-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlarning o‘qib-o‘rganishi, ta’lim-tarbiya olishi, sog‘lig‘ini tiklashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Mamlakatimizdagi har bir navqiron avlod mehr va e’tibordan bahramand ulg‘aymoqda, – deydi maktab-internat direktori O‘tkir Qurbonov. – Ta’lim dargohimizda bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan birga ularni bepul davolash, jamiyatga qo‘shilishi, fikrlashi va dunyoqarashini o‘stirish ustida ham ish olib boriladi. Ayniqsa, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasiga alohida e’tibor bermoqdamiz.

Maktab-internatda o‘quvchilarga umumta’lim dasturi va murakkab nuqsonli bolalar uchun maxsus yordamchi dastur asosida ta’lim beriladi. Dars mashg‘ulotlaridan tashqari logopediya, ritmika o‘qitilmoqda. 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi bilan hamkorlikda o‘quvchilar sportga jalb qilinadi. Buning samarasida sportning suzish turi bolalar o‘rtasida keng ommalashgan.

O‘quvchilarning har bir kunini mazmunli tashkil etish, jismonan chiniqishi uchun yoshi va qiziqishiga mos ko‘plab mashg‘ulotlar olib boriladi. Har xil to‘garaklar tashkil etilgan. “Mohir qo‘llar”, “Orasta qizlar” klublari qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, hunar o‘rgatishga yo‘naltirilgan.

Maktab-internatda o‘quvchi-yoshlarni sog‘lomlashtirish maqsadida bir yilda ikki marotaba tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, shifokor ko‘rsatmasiga binoan davolash ishlari olib boriladi. Bu maskanga 17-oilaviy poliklinika mutaxassislari biriktirilgan. O‘quvchilar Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Respublika bolalar ortopediya markazi va Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish institutida ham davolanib, salomatligini tiklaydi. Kam ta’minlangan, chekka hududlardan kelgan bolalar yod va vitaminlar, oziq-ovqat, darslik va o‘quv qurollari, yotoqxona bilan bepul ta’minlanadi.

2016-yilda kapital rekonstruksiya qilingan mazkur dargoh yangicha qiyofa kasb etdi. Mo‘jazgina bezatilgan ushbu dargohning yo‘laklari toza-ozoda, atrofi obod. Mevali va manzarali daraxtlar, gullar, turli rasmlar bilan bezatilgan hovlida o‘g‘il-qizlarning xushchaqchaq ovozi quloqqa chalinadi.

Yaratilgan imkoniyatlar samarasida maktab o‘quvchilari nafaqat mamlakatimizda, balki Yaponiya, Rossiya, Gretsiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro sport musobaqalarida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotir. Bundan tashqari bolalar insho va rasm tanlovlarida ham faol qatnashayotir.

Mehr-muruvvat va oqibat maskaniga aylangan bu dargohda tarbiyalanib, katta hayotga qadam qo‘yganlar orasida turli sohalarda faoliyat yuritayotganlar, rassomlar, sportchilar ham bor. Bu davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 646






Все о погоде - Pogoda.uz