Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 17:41 Chop etish versiyasi

Bolalar kutubxonasi chorlaydi

Bolalar kutubxonasi chorlaydi Axborot-kommunikatsiya vositalari shiddat bilan rivojlanayotgan XXI asrda “internet bor-ku, kutubxona xizmatidan foydalanish shartmi...” degan gaplar ham quloqqa chalinib qoladi. Aslida internet tarmog‘i o‘ziga xos kutubxona. Ammo unda foydalanuvchining axborot xavfsizligi ta’minlanmagan. Xolis bo‘lmagan, yolg‘on, yovuzlikni targ‘ib qiluvchi axborotlar ham bor unda. Kutubxonaning o‘quvchi axborot-ma’naviy ehtiyojini qondirish borasida o‘rni boshqacha. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasi faoliyati bunga misol.

Respublika bolalar kutubxonasi 13 mingdan ziyod kitobxonga xizmat ko‘rsatadi. Ziyo maskanining umumiy fondi 200 mingdan ziyod kitob va 6 ming 500 ga yaqin elektron adabiyotdan iborat. Foydalanuvchilarning aksariyati maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari, kollej va litseylar o‘quvchilaridir. Kutubxona xizmatidan ota-onalar, ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari, keng aholi foydalanmoqda.

Kutubxonaning maktab yoshigacha va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish bo‘limidamiz. O‘quv zalida 20-25 chog‘li o‘g‘il-qiz kitob mutolaasi bilan band. Ayrimlari kutubxonachi opalari ko‘magida kitob tanlamoqda. O‘qigan asarlari haqida bahslashib turganlar ham bor. Bu bo‘limda bog‘cha yoshidagi bolalarni kitobga jalb etish maqsadida o‘ziga xos multimedia burchagi tashkil qilingan. Unda kichkintoylarga milliy ertaklarimiz asosida ishlangan multfilmlar namoyish etilishi bilan birga, interfaol o‘yinlar ham uyushtiriladi.

Yuqori sinf o‘quvchilariga ta’lim resurslari bo‘yicha axborot xizmati ko‘rsatish bo‘limida ochiq kitob fondi tashkil etilgan. Shuningdek, alifbo va tizimli kataloglardan foydalanib buyurtma berish imkoniyati ham mavjud. O‘quv zalidagi maxsus javonlarda kutubxonaning eng nodir kitoblari, badiiy adabiyotlar, ensiklopediyalar, lug‘atlar, darsliklar, gazeta va jurnallar taxlamlari jamlangan.

O‘quv zalida bir o‘quvchi e’tiborimizni tortdi. Mutolaa qilayotgan kitobidan zavqlanayotgan bo‘lsa kerak, gohida kulib-kulib qo‘yadi. Yoniga bordik. Bolalar adibi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini o‘qib o‘tirgan bolakay Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Kozim Abduqayumov ekan.

"Bu yerda turli xil kechalar, taniqli yozuvchilar, shoirlar, mashhur kishilar bilan ham uchrashuvlar tez-tez o‘tkaziladi", deydi u. Kozim sevimli adiblari Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon bilan bo‘lgan uchrashuvlar taassurotlarini ham so‘zlab berdi.

Kutubxonaning ma’naviyat, ma’rifat va san’at yo‘nalishidagi mediaresurs bo‘limi musiqa, raqs, kino, teatr, tasviriy san’atga oid 4 ming nusxadagi adabiyotlarni o‘zida jamlagan. Notalar kitoblari ham alohida javonlarda joylashtirilgan. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Teatr”, “San’at”, “Saodat”, “Guliston”, “Veselыe notki”, “Yunыy xudojnik” jurnallari taxlamlari ham bor. Bo‘lim faoliyati doirasida yurtimizning taniqli san’at ustalari, kino aktyorlari, shoirlar va kompozitorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilar ekan. Eng kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun “Musiqiy mehmonxona” burchagi tashkil etilgan. Bu yerda bolakaylar o‘zbek va jahon mumtoz musiqalarini tinglaydi, ko‘rgazmaga qo‘yilgan musiqa asboblari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega.

– Vazifamiz bolalar va o‘smirlarning elektron kutubxona, internet, kitob va videodan foydalanish madaniyatini shakllantirish va boyitishdan iborat, – deydi kutubxonaning jahon axborot resurslari va yangi texnologiyalar bo‘limi boshlig‘i Mastura Alimova. – Kutubxona faoliyatiga yangi texnologiyalarni joriy etish va kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning yangi usullarini yaratish maqsadida internet sinfi va lingofon xonasini ham tashkil etganmiz. Ular DVD, eshitish moslamalari, yassi ekranlar kabi audioviziual apparatlar bilan jihozlangan. Bu ko‘zi ojiz va harakati cheklangan bolalar va o‘smirlarga ham xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Bo‘limning barcha komputerlari internet tarmog‘iga ulangan. O‘quv zali videoproyektor, DVD, videomagnitofon, audiokuchaytirgich va mikrofonlar bilan ta’minlangan. Bolalarga komputerdan foydalanish qoidalari o‘rgatilmoqda. Buning uchun “Kompyuter kutubxonasi” burchagi tashkil qilingan bo‘lib, unda axborot texnologiyalari, komputer savodxonligiga oid ilmiy-ommabop nashrlar, darsliklar va qo‘llanmalar jamlangan.

Internet tarmog‘ida Respublika bolalar kutubxonasining o‘zbek va rus tillarida “Kitob.uz” va “Taqvim.uz”saytlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda Bu saytlarning ma’lumot bazasi doimiy boyitib boriladi. "Kitob.uz" saytida taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida har oyda bir marta onlayn muloqot tashkil etilmoqda.

Respublika bolalar kutubxonasi o‘z nashriga ega. 2016-yildan chiqa boshlagan «Bolalar adabiyoti» jurnali audiodiskli ilovaga ham ega bo‘lib, bunda jurnalxon har bir sonda e’lon qilingan sara hikoya va ertaklar, qiziqarli ma’lumotlar, yangi chiqqan kitoblar haqidagi xabarlarni tinglash imkoniyatiga egadir.

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq ziyo maskanimizda kitobxonlikni ommalashtirish, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirishga bag‘ishlab turli tadbirlar, aksiyalar tashkil etmoqdamiz, – deydi Respublika bolalar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Muqaddas Komilova. – “Eng faol kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi ko‘rik-tanlovlar shular jumlasidan. Bu tadbirlarda o‘zbek hamda jahon adabiyotining mumtoz va zamonaviy badiiy asarlarini targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilayotir.

Har yili O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda “Tong yulduzi” gazetasi bilan hamkorlikda “Mustaqillik madhi bolalar ijodida” respublika ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi, “XXI asrda bolalar kitobxonligi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazilmoqda.

Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarda mutolaa va axborot olish madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham o‘quvchi-yoshlarda chuqur taassurot qoldirdi. Tadbirda ishtirokchilar kutubxonalarda yaratilgan imkoniyatlar, darslik va badiiy adabiyotlar, ma’lumotlar bazasi, elektron resurslar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Qiziqarli viktorinalar, o‘yinlar o‘tkazildi. Tadbir doirasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “Art Flex” nashriyoti bilan hamkorlikda “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” deb nomlangan kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Muxtasar aytganda, kelajagimiz vorislari bo‘lgan farzandlarimizni har tomonlama yetuk, ma’naviyatli, mustaqil fikrli va yuksak salohiyatli insonlar etib tarbiyalash ularni kitobga muhabbat ruhida kamol toptirishni talab etadi. Kutubxonalar, axborot-resurs markazlari bu ishda bizga asosiy ko‘makchidir.

Malohat Husanova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
6 585






Все о погоде - Pogoda.uz