Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 16:49 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi

Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetida mehnat yarmarkasi va “Karera kunlari” tashkil etildi.

Unda 50 ga yaqin tashkilot va muassasa vakillari o‘z faoliyatlarini yorituvchi bukletlar, kalendarlar, reklamalar, bannerlar, broshyuralar bilan ishtirok etdi.

Universitet rektori R.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarga puxta bilim berish va ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida yoshlarga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1999-yili tashkil etilgan Toshkent islom universitetini tamomlagan mutaxassislar mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida xizmat qilmoqda.

– Ta’lim dargohimizda yosh avlodning o‘zlari tanlagan kasb sirlarini puxta egallashi va yetuk mutaxassis bo‘lib ulg‘ayishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan, – deydi universitet prorektori I.Usmonov. – O‘quv auditoriyalari, kutubxona va axborot-resurs markazi zarur adabiyotlar, komputerlar hamda boshqa jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. Iste’dodli va izlanuvchan yoshlar munosib qo‘llab-quvvatlanmoqda. Talabalarning ishga joylashishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Ushbu yarmarkada talabalar taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoiti, ishga joylashish uchun qo‘yiladigan malaka talablari haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.

Joriy o‘quv yilida universitetni islom tarixi va manbashunosligi, dinshunoslik, din sotsiopsixologiyasi, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, informatika va axborot texnologiyalari, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishlarida 136 bakalavr, dinshunoslik, islomshunoslik, din psixologiyasi, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha 25 magistr tamomlaydi.

Tadbirda talabalar turli tashkilotlar vakillari bilan suhbatda bo‘ldi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Natijada ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida yuzga yaqin shartnoma imzolandi.

Dilshod Karimov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
322






Все о погоде - Pogoda.uz