Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 19:06 Chop etish versiyasi

Fan olimpiadasining mamlakat bosqichiga o‘quvchilar saralandi

Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari ishtirokida respublika fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Iste’dodli o‘quvchi-yoshlarni aniqlash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, fanlarni chuqur o‘zlashtirishiga yordam berish maqsadida o‘tkazilgan olimpiadada quyi bosqichlarda muvaffaqiyat qozongan 400 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.

Tanlov jarayonida ochiqlik va xolislikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, o‘quv xonalariga o‘quvchilarning ota-onalari kuzatuvchi sifatida taklif etildi.

Har bir fan bo‘yicha yozma ish va test sinovlari topshirgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchinchi bosqich o‘quvchilari bellashuvlarida 37 nafar g‘olib aniqlanib, ular olimpiadaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Olimpiadada o‘zbek tili fani bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi 1-akademik litsey o‘quvchisi R.Jovbo‘riyeva. – Bu litseyimizda ta’lim olishimiz uchun yaratilgan sharoit va ustozlarimiz mehnatining samarasidir. Endi olimpiadaning mamlakat bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun puxta tayyorgarlik ko‘raman va g‘olib chiqishga harakat qilaman.

Ikkinchi bosqich o‘quvchilari o‘rtasidagi bahslarda 14 yigit-qiz birinchi o‘rinni egallab, 2017-2018 o‘quv yilida o‘tkaziladigan fan olimpiadasining viloyat bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, olimpiadaning viloyat bosqichida yuqori o‘rinlarni egallagan 46 o‘quvchi matematika, kimyo, biologiya, geografiya va informatika fanlaridan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etish uchun Samarqand viloyati jamoasi tarkibiga saralandi. 15 nafar g‘olib endi xalqaro fan olimpiadasiga boruvchi mamlakat jamoasini shakllantirish bahslarida qatnashadi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 339






Все о погоде - Pogoda.uz