Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2017 13:06 Chop etish versiyasi

Bibixon xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi

Murg‘ak qalblarga shirin kalom o‘rgatib, odob-axloqdan saboq beruvchi muhtaram ustozlarning kasb bayrami yaqinlashmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani xalq ta’limi tizimi xodimlari ham ushbu sanaga puxta hozirlik ko‘rayotir.

Bayram tadorigi boshlanib ketgan shu kunlarda tumandagi 1-umumta’lim maktabi rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Bibixon Seytnazarova 6-11-sentabr kunlari Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro Pushkin tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etib qaytgani haqida xushxabar tarqaldi.

Xalqaro miqyosda pedagog kadrlarning malakasini oshirish va tajriba almashishga yo‘naltirilgan ushbu mahorat ko‘rigida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan dunyoning 48 mamlakatidan 50 dan ziyod o‘qituvchi munosib taqdirlandi.

Ushbu nufuzli xalqaro tanlov joriy yilning fevral oyida internet orqali o‘tkazilib, g‘oliblar nomi iyun oyida e’lon qilingan edi.

–O‘zbekistondan tanlovda g‘olib bo‘lgan 4 o‘qituvchi Fransiya, Italiya, AQSh, Avstraliya kabi davlatlardan tashrif buyurgan hamkasblar bilan o‘zaro tajriba almashdik, – deydi B.Seytnazarova. – Rus tilini yaxshi bilganimiz tufayli bir-birimizni tushunish oson bo‘ldi. Hech qiynalmasdan ta’lim jarayonidagi ilg‘or texnologiyalar, tajribalar haqida fikr almashdik. O‘zbekistonlik o‘qituvchi-ustozlar ham hech kimdan kam emasligi, aksincha, shunday nufuzli tadbirlarda muvaffaqiyatga erisha olishini namoyon qildi. Pushkin nomidagi Moskva davlat rus tili va adabiyoti institutida qisqa muddatli malaka oshirish kursida qatnashib, sertifikat oldim. Tanlov g‘oliblari Moskva shahar meri qabulida bo‘ldi, diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi. 9-sentabr kuni shaharning 870-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda ishtirok etdik. Rossiya davlat akademik teatrida “Qirol Lir” spektakli namoyish etildi, turli ko‘rgazmalar, konsert dasturlari va uchrashuvlar o‘tkazildi. Akademik litseylarda o‘tkazilgan ochiq saboqlarda ishtirok etib o‘zaro tajriba almashdik.

Taxtako‘pir tumanida mavjud 23 ta umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 6 mingga yaqin o‘quvchiga Bibixon Seytnazarova kabi 856 nafar tajribali va fidoyi ustozlar ta’lim-tarbiya bermoqda. Joriy o‘quv yilida ular safiga yana 45 nafar yosh pedagog qo‘shildi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
1 829






Все о погоде - Pogoda.uz