Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 15:04 Chop etish versiyasi

Ayollar va jamiyat taraqqiyoti

Andijon davlat universitetida “Boburiylar saltanatida ayollarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Respublika xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan olima ayollar, adabiyotshunoslar, tadqiqotchilar, magistrlar va iste’dodli talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Ilm-fan sohasida izlanayotgan xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, olima ayollar tajribasini ommalashtirish, ularning ilmiy-tadqiqot va izlanishlar olib borishi uchun sharoit yaratish, innovatsion ishlanmalarini hayotga tatbiq etish va ilmiy to‘plamlarini nashr qilishga ko‘maklashish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida 150 ga yaqin olima ayol faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi “Olima” uyushmasi viloyat bo‘limi raisi, pedagogika fanlari doktori Shohida Yusupova. – Ularning 12 nafari fan doktori, ko‘pchiligi fan nomzodlaridir. Jumladan, Hanifa Solihova, To‘xtaxon Muhiddinova, Lolaxon Saidboyeva, Salima Mirzayeva, Shohida Shahobiddinova, Diloro Nabiyeva, Mahfuza Yusupova singari olimalarning tilshunoslik, tibbiyot, pedagogika, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi ilmiy, amaliy tadqiqot va innovatsion ishlanmalari mamlakatimiz ilm-fani rivojida alohida ahamiyatga ega.

O‘tgan yili viloyatda 7 nafar olima fan doktori va dotsent ilmiy darajasi hamda unvoniga sazovor bo‘lgan. “Olima” uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan iqtidorli qizlarga o‘z ilmiy salohiyatini namoyon etishi uchun ko‘maklashish, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanish va yutuqlarini keng targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy va ma’rifiy loyihalar, olimalarga uslubiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida o‘tkazilayotgan seminar va ko‘rik-tanlovlar ularning ilmiy izlanishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Anjumanda “Bobur hayoti va ijodi – ma’naviyat ko‘zgusi”, “Boburning ilm-fan va san’atga e’tibori”, “Boburiylar sulolasi boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

– Boburiylar sulolasida ayollar alohida o‘rin tutgan, – deydi Andijon davlat universiteti dotsenti Dildora Abdullayeva. – Jumladan, Gulbadanbegim o‘zining “Humoyunnoma” asarida shunday yozadi: “Boburning sevimli xotini Mohimbegim saroy ayollari ichida eng dono va bilimdoni bo‘lib, ichki va tashqi siyosat bobida shohga o‘rinli maslahatlar berib turgan. Akbarshohning onasi Xadichabonu davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etib, katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan”. Umuman, boburiy malikalar orasida Jahonarobegim, Arjumandbonu, Nurjahonbegim, Zebunnisodek oqila ayollar nafaqat davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan, balki san’at, adabiyot, ilm-fan va madaniyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan.

Tadbir doirasida yurtimizdagi turli oliy o‘quv yurtlari olimalarining 70 dan ortiq ilmiy maqolasi jamlangan “Boburiylar saltanatining rivojlanishida ayollarning o‘rni” nomli kitob taqdimoti, Bobur va boburiylar hayoti, faoliyati, ijodiy merosi haqidagi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbir so‘nggida talabalar tomonidan adabiy kompozitsiya namoyish qilinib, ulkan shoir g‘azal va ruboyilaridan namunalar o‘qildi, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 333






Все о погоде - Pogoda.uz