O‘zA O`zbek

21.05.2019 10:27 Chop etish versiyasi

Yaylovlar to‘g‘risida

Yaylovlar to‘g‘risida


Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 2 aprelda

qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda

ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Yaylovlar

Yaylovlar chorva mollari uchun ozuqa bo‘lgan o‘simliklarning tabiiy qoplamiga ega yerlardir.

Yaylovlar umummilliy boylik bo‘lib, davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Yaylovlar cho‘ldagi, yarim cho‘ldagi, tog‘ oldidagi, tog‘dagi
va tekislikdagi, suv bilan ta’minlangan hamda suv bilan ta’minlanmagan yaylovlarga ajratiladi.

Tog‘dagi yaylovlar mavsumiy bo‘lib, ulardan yilning faqat muayyan vaqtida foydalaniladi.

2-bob. Yaylovlardan foydalanish va ularni

muhofaza qilish sohasini tartibga solish

4-modda. Yaylovlardan foydalanish va ularni

muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining

asosiy yo‘nalishlari

Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish;

yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan qoidalar, normalar
va normativlarni belgilash;

davlat nazoratini amalga oshirish;

yaylovlardan oqilona foydalanishni, ularni muhofaza qilishni, takror ko‘paytirishni va tiklashni ta’minlash;

ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;

xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

5-modda. Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish

sohasidagi davlat boshqaruvi

Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yaylovlardan foydalanish
va ularni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari amalga oshiradi.

Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi;

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibini tasdiqlaydi.

7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining

yaylovlardan foydalanish va ularni

muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;

yaylovlarda pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini tasdiqlaydi;

yuridik va jismoniy shaxslarga yaylovlarni foydalanish uchun beradi;

yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha choralar ko‘radi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining yaylovlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlarning holatini yaxshilash, ulardan foydalanishni prognoz qilish va istiqbolli rejalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazadi;

yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirishni amalga oshiradi;

yaylovlarning monitoringini yuritadi.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining yaylovlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi;

yaylovlardagi o‘simliklar holatining monitoringini o‘tkazishda ishtirok etadi.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi

davlat qo‘mitasining yaylovlardan foydalanish

va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:

o‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlarda pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini belgilashda ishtirok etadi;

chorva mollarini o‘tlatish uchun uchastkalar berilishini ta’minlaydi;

o‘rmon fondi yerlarida yaylovlar monitoringini o‘tkazishda ishtirok etadi.

11-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining

hamda fuqarolarning yaylovlardan foydalanish

va ularni muhofaza qilishni tashkil

etishdagi ishtiroki

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadi;

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

12-modda. Yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalari

Yaylovlardan foydalanuvchilar yaylovlardan birgalikda foydalanish hamda ularni muhofaza qilish uchun yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalarini tuzishi mumkin.

Yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmalari yaylovlardan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga doir ishlarni tashkil etadi hamda yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

3-bob. Yaylovlardan foydalanish

13-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqi

Yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalarini doimiy egalik qilishga, ijaraga, shuningdek vaqtincha foydalanishga olish yo‘li bilan yaylovlardan foydalanishi mumkin.

Yaylovlar doimiy egalik qilishga, ijaraga va vaqtincha foydalanishga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qaroriga
ko‘ra berilishi mumkin.

O‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining ruxsatnomasi bo‘yicha foydalaniladi.

14-modda. Yaylovlardan foydalanuvchilarning

huquq va majburiyatlari

Yaylovlardan foydalanuvchilar:

yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir
chora-tadbirlarga muvofiq chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish;

yaylov infratuzilmasini barpo etishga doir ishlarni amalga oshirish;

yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmasini tuzish huquqiga ega.

Yaylovlardan foydalanuvchilar:

yaylovlardan ularning belgilangan maqsadiga ko‘ra oqilona foydalanishi;

yaylov o‘simliklarini takror ko‘paytirishga ko‘maklashishga, o‘simlik qoplamini tiklashga, shuningdek yaylovlarning tanazzulga uchrashiga
yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi;

yaylovlar almashinishini tashkil etishi va unga rioya qilishi;

yaylovlarda yong‘inlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rishi, yong‘in o‘choqlarining o‘z vaqtida tugatilishini ta’minlashi;

yaylov o‘simliklari zararkunandalariga va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirishi;

yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan belgilangan qoidalar, normalar va normativlarga rioya etishi shart.

15-modda. Yaylovlardan foydalanishga doir tadbirlar

Yaylovlardan foydalanishga doir tadbirlar yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish va geobotanik jihatdan tekshirish ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda tuziladi hamda quyidagilarni
o‘z ichiga oladi:

yaylovlardan foydalanuvchilarning ro‘yxatini;

yaylovlarda o‘tlatish uchun mo‘ljallanadigan chorva mollari ro‘yxatini;

hayvonlar kasalliklarini profilaktika qilishni;

yaylovlarning chegaralari va uchastkalari belgilangan xaritani;

podaning mavsumiy harakatlanish yo‘nalishlarining kalendar jadvalini, yaylovlarning almashinishi, chorva mollari haydab o‘tiladigan joylar va foydalaniladigan qo‘tonlar sxemalarini;

yaylov infratuzilmasi ob’ektlarini rivojlantirishni, shu jumladan suvloqlarni tiklashni;

yaylov uchastkalarining holati va sifatini yaxshilashni, o‘t-o‘lanlar tanazzulga uchrashining oldini olishni.

16-modda. Yaylovlardan foydalanish normalari va muddatlari

Chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish yaylovlarning turiga, shuningdek yaylovning muayyan uchastkasida o‘tlatiladigan chorva mollarining turi va soniga qarab tasdiqlanadigan yaylovlardan foydalanish normalari hamda muddatlariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Yaylovlardan foydalanish normalari va muddatlari yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda geobotanik jihatdan tekshirish materiallari asosida belgilanadi.

17-modda. Yaylovlarning almashinishi

Yaylovlarning almashinishi yaylov uchastkalaridan davriy ravishda va navbati bilan foydalanishdir.

Yaylovlarning almashinishini ta’minlash uchun yaylovlar uchastkalarga ajratiladi.

Yaylovlarning almashinish uchastkalari maydonini belgilashda yaylovlar uchastkasi uchun eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan foydalanish normasi inobatga olinadi.

Yaylovlarning almashinishi yaylovlardan oqilona foydalanish
va ularni muhofaza qilish uchun tashkil etiladi.

18-modda. Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq to‘lash

Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq yer solig‘i yoki ijara haqi tarzida undiriladi.

19-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqining tugatilishi

Yaylovlardan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:

yuridik shaxs tugatilganda;

jismoniy shaxs vafot etganda;

yaylovlar berilgan muddat tugaganda;

boshqa maqsadda foydalanilganda;

oqilona foydalanilmaganda;

yaylov yerlari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda;

yaylovlardan foydalanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda.

20-modda. Yaylovlardan foydalanish huquqini cheklash

Tanazzulga uchragan yaylovlarni takror ko‘paytirish va tiklash, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob
hamda yo‘qolib ketayotgan o‘simlik va hayvonlar turlarini muhofaza qilish maqsadida maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan yaylovlardan foydalanishga cheklovlar hamda taqiqlar belgilanadi.

4-bob. Yaylovlarni muhofaza qilish, takror ko‘paytirish

va tiklash

21-modda. Yaylovlarni muhofaza qilish

Yaylovlarni muhofaza qilish yaylovlardan belgilangan maqsadda, oqilona foydalanishga, ularni takror ko‘paytirishga va tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va boshqa tadbirlar tizimini o‘z ichiga oladi.

Yaylovlarni muhofaza qilish:

yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash qoidalari, normalari hamda normativlarini belgilash;

yaylovlardan foydalanishga cheklovlar va taqiqlar belgilash;

yaylovlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning, o‘simliklarni payhon qilishning oldini olish va ularga barham berish;

yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish;

yaylovlarning geobotanik jihatdan tekshirilishini amalga oshirish;

yaylovlarning monitoringini yuritish;

yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash ustidan nazoratni amalga oshirish yo‘li bilan ta’minlanadi.

22-modda. Yaylovlarni takror ko‘paytirish va tiklash

Yaylovlarni takror ko‘paytirish va tiklash yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish hamda geobotanik jihatdan tekshirish asosida amalga oshiriladi.

Yaylovlarni takror ko‘paytirishga doir tadbirlar tuproq unumdorligini, yaylovlardagi o‘simliklar qoplamining miqdoriy va sifat holatini saqlab turishning tabiiy jarayonlariga ko‘maklashishdan iboratdir.

Yaylovlardagi tiklash tadbirlari o‘simliklarning muayyan turlarini ekishni qo‘llash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda
tabiiy yaylovlarda o‘simliklarning begona turlarini ekish
taqiqlanadi.

23-modda. Yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish

Yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish yaylovlar holatining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashga hamda kartografik
va boshqa materiallarda yaylovlarning holatini tasvirlashga
(aks ettirishga) doir ishlar majmuidan iboratdir.

Inventarizatsiya jarayonida sifat holati yaxshilanishi talab etiladigan va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan tanazzulga uchragan
yaylov uchastkalari, shuningdek suv bilan ta’minlanmagan yaylovlar aniqlanadi.

Yaylovlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish materiallaridan yaylovlarda pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalari
hamda muddatlarini belgilash uchun foydalaniladi.

24-modda. Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish

Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish yaylovlarning mahsuldorligini, o‘t-o‘lanlarning tuzilishi va tarkibini, ularning
unib chiqish joylarini, yaylovlardan chorva mollarini o‘tlatish uchun foydalanish imkoniyatini, yaylovlardagi o‘simliklarning sifati
va zaxiralarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan tekshiruvdir.

Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish materiallaridan:

yer tuzish loyihalarini ishlab chiqishda;

ajratilgan uchastkada yerni, o‘suvchi o‘tlarning ozuqaboplik xususiyatlarini kadastr jihatdan baholashda;

yaylovlardan foydalanishni yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshirilishini o‘z ichiga oladigan yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda;

yaylovlarning geobotanik xaritalarini tuzishda;

yerlarni rekultivatsiya, konservatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishda, yerdan foydalanishga doir cheklovlar belgilashda, yaylovlarni takror ko‘paytirish, tiklash, muhofaza qilish va ularning hosildorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishda, shuningdek yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqishda foydalaniladi.

25-modda. Yaylovlar monitoringi

Yaylovlar monitoringi yaylovlar to‘g‘risidagi miqdoriy va sifatga doir ma’lumotlar haqida axborot to‘plash, ularning holatini baholash
va prognoz qilish, salbiy jarayonlarni aniqlash hamda bartaraf
etish maqsadida yaylovlarning holati, yaylovlardan foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar yuzasidan kuzatuvlar
tizimidir.

Yaylovlarni geobotanik jihatdan tekshirish va inventarizatsiyadan o‘tkazish yo‘li bilan olingan tizimli kuzatish ma’lumotlari monitoringning asosidir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha yaylovlarning holati to‘g‘risidagi monitoring ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining veb-saytida vaqti-vaqti bilan joylashtirib boriladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

26-modda. Yaylovlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

Yuridik va jismoniy shaxslar yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi
va yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganlik natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart.

27-modda. Nizolarni hal etish

Yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

28-modda. Yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini

buzganlik uchun javobgarlik

Yaylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan tartibda javobgar
bo‘ladi.

29-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi,
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga

muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan
o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                Sh. Mirziyoev


O'zA
1 829