O‘zA O`zbek

24.05.2019 01:52 Chop etish versiyasi

Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublikamizda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlash, shuningdek, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy oʻzgartirishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tarmoqni jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mineral xomashyo resurslarini qayta ishlashga investitsiyalarni jalb qilish va qurilish materiallarini eksport qilish hajmlarini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2019-2025 yillarda mahalliy xomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirishprognoz koʻrsatkichlari hamda 2019-2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli koʻrsatkichlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutgan holda:

geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasi hajmlarini ohaktosh boʻyicha – 13,1 million tonnaga, gips toshi boʻyicha – 1,8 million tonnaga,loysimon komponentlar, gʻisht xomashyosi, kvars qumi boʻyicha – 1 million tonnaga, koʻchgan togʻ jinslari (bazalt) boʻyicha – 0,1 million tonnaga, tosh-shagʻal materiallar boʻyicha – 5,6 million metr kubga;

ishlab chiqarish hajmlarini oboylar boʻyicha – 47 barobardan ortiq hajmga, yigʻilgan parket panellari va plitalari boʻyicha – 19 barobarga, yogʻoch qirindili plitalar hamda yogʻoch va boshqa yogʻochbop materiallardan tayyorlangan plitalar boʻyicha – 15 barobarga, gazbeton bloklari boʻyicha – 7 barobarga, lak-boʻyoq materiallari hamda energiya va issiqlikni tejovchi float-texnologiya asosida ishlab chiqarilgan arxitektura-qurilish oynasi boʻyicha – 4 barobarga, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura boʻyicha – 3 barobarga va sement boʻyicha – 2 barobarga oshirish;

b) xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning kreditlarini jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan,2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarningyigʻma koʻrsatkichlari hamda 2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladiganistiqbolli loyihalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat) 3 va 3.1-ilovalarga muvofiq;

v) 2019-2020 yillarda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Kompleks chora-tadbirlarda koʻzda tutilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

Belgilansinki:

vazirlik va idoralar rahbarlari Kompleks chora-tadbirlarda koʻzda tutilgan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan maʼlumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradilar va ushbu maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladi;

Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda koʻzda tutilgan vazifalarning ijrosi natijasi va samaradorligi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish holati boʻyicha hisobotlarini har chorakda eshitib borish amaliyotini joriy etsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va takror hosil qilish davlat dasturini shakllantirishda yangi konlarni aniqlash uchun noruda foydali qazilma boyliklari maydonlarini geologik oʻrganish ulushini 15 foizga oshirishni nazarda tutsin;

b) bir oy muddatda noruda foydali qazilma boyliklar mavjud yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi boʻyicha litsenziyalar berish tartibini murojaatchilar zarur malakali mutaxassislarga ega boʻlishi haqidagi majburiy litsenziya talabini joriy etgan holda yanada takomillashtirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

v) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – Uyushma) bilan birgalikda quyidagilarni oʻz ichiga olgan qoʻshma chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

mineral xomashyoni geologik oʻrganish, qazib olish va qayta ishlashda yer qaʼridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishni, sanoat va tajriba-sanoat shaklda qazish uchun berilgan konlarda konchilik ishlarini marksheyderlik va geologik taʼminlash;

foydali qazilma boyliklarining selektiv tanloviga, foydali qazilma boyliklari joylashgan maydonlarda asossiz va oʻzboshimchalik bilan qurilmalar qurilishiga yoʻl qoʻymaslikka alohida ahamiyat qaratgan holda yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq litsenziya talablarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;

mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilma boyliklarining meʼyordan ortiq yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilganligi holatlarini aniqlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, shu jumladan, aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish orqali.

4. 2019-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport qilinayotgan mahsulotini sertifikatlashtirish boʻyicha xarajatlari “Oʻzstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;

b) tadbirkorlik subyektlarining soliqqa tortish bazasi besh yil davomida teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini oʻzlashtirish uchun zarur boʻladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish xarajatlari miqdoriga, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Transport vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlarga muvofiq hisoblanadigan summadan ortiq boʻlmagan miqdorga kamaytiriladi;

v) tegishli sinovlardan oʻtgan va belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikati berilgan qurilish materiallari qurilish ishlarida qoʻllanilishi mumkin;

g) texnogen mineral hosilalarning turi yoki koʻrinishi, ularning miqdor va sifat koʻrsatkichlari hamda ularni saqlashning kon-texnikaviy shart-sharoitlarini tavsiflovchi maʼlumotlar tadbirkorlik subyektlariga ularning soʻroviga asosan bepul taqdim etiladi;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

kredit summasidan qatʼi nazar qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022-yil 1-iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari boʻyicha foiz xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan miqdorida, biroq 10 foizlik punktdan oshmagan miqdorda, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlari boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi miqdorida, biroq 4 foizlik punktdan oshmagan miqdorda qoplanadi;

qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022-yil 1-iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi.

5. 2021-yil 1-yanvarga qadar olib kelinayotgan xomashyo 5-ilovadagi roʻyxatga muvofiq bojxona bojlarini toʻlashdan ozod etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va Uyushmaning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 2019-2021 yillarda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning 500 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarini (keyingi oʻrinlarda – kredit liniyalari) jalb qilish va foydalanish;

b) kredit liniyalari hisobiga qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi mexanizmini joriy etish:

kredit liniyalari mablagʻlari birinchi navbatda Roʻyxatga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

loyihalar import orqali keltiriladigan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning qiymati miqdorida, biroq loyiha boʻyicha umumiy kapital xarajatlarning 70 foizidan oshmagan miqdorda moliyalashtiriladi;

Roʻyxatga kiritilgan loyihalarni kredit liniyalari mablagʻlaridan moliyalashtirish hajmlarini koʻzda tutilgan limitlardan oshirish hamda Roʻyxatga kiritilmagan loyihalarni moliyalashtirish tijorat banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va Uyushma bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihani amalga oshirishning aniq mexanizmlari va muddatlari, shuningdek, loyiha tashabbuskorlari va masʼul ijrochilarini koʻzda tutgan holda har bir loyiha kesimida kredit liniyalari mablagʻlarini jalb qilish va oʻzlashtirish boʻyicha tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq kelmaydigan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni 2021-yil 1-yanvarga qadar koʻmirdan va tabiiy gazga muqobil boʻlgan boshqa yoqilgʻi turlaridan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Uyushma bilan birgalikda:

ikki hafta muddatda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini nazarda tutgan holda sement ishlab chiqaruvchilar, gʻisht zavodlari, soʻndirilgan ohak ishlab chiqaruvchi sexlarning energiya tejamkorligini, shu jumladan, koʻmirdan va tabiiy gazga muqobil boʻlgan boshqa yoqilgʻi turlaridan foydalanishga oʻtkazish orqali bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin;

2019-yil 1-sentyabrga qadar energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq keluvchi asbob-uskunalar va texnologiyalarni tasniflovchi koeffitsiyentlar, meʼyorlar va mezonlar ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin;

har yili 1-noyabrga qadar korxonalarni xatlovdan oʻtkazishni va tabiiy gaz sarfining shartli meʼyorlari energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq keluvchi korxonalar roʻyxatining tasdiqlanishini taʼminlasin;

qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni koʻmirdan va tabiiy gazga muqobil boʻlgan boshqa yoqilgʻi turlaridan foydalanishga oʻtkazishda atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtirish boʻyicha ekologik talablarga amal qilinishini taʼminlasin;

tadbirkorlik subyektlari uchun mamlakatda qazib olinadigan koʻmirning prognoz hajmlari va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi yillar va hududlar kesimidagi maʼlumotlardan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlansin.

9. Quyidagilar:

2021-yilning 31-dekabriga qadar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash orqali qabul qilinadigan qurilish materiallari sohasidagi xalqaro standartlar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;

2019-yilda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining qurilish meʼyorlari va qoidalari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Oʻzstandart” agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 6 va 7-ilovalarda nazarda tutilgan meʼyoriy hujjatlarning oʻz vaqtida qayta koʻrib chiqilishi va qabul qilinishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 6 va 7-ilovalarda nazarda tutilgan meʼyoriy hujjatlarning qayta koʻrib chiqilishi va qabul qilinishining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 8-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligining asoslantirilgan buyurtmanomalariga asosan Chora-tadbirlar dasturini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va Uyushmaning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) quyidagilar uchun masʼul boʻlgan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimini kiritish:

qurilish materiallari sanoatini innovatsion rivojlantirish, talab yuqori boʻlgan sifatli mahsulot turlarini kengaytirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirishga doir ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;

innovatsiyalar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ishlarini tashkillashtirish, ishlab chiqilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovlarini olib borish, yangi turdagi qurilish materiallarining sinov partiyasini ishlab chiqarish va ularni seriyali ishlab chiqarishga qoʻyish boʻyicha tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;

ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar natijalarini yuqori qoʻshilgan qiymatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilishini taʼminlash hamda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish;

b) “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida quyidagilar uchun masʼul boʻlgan Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashini (keyingi oʻrinlarda – Ilmiy-texnikaviy kengash) tuzish:

zamonaviy innovatsion ishlanmalarni hisobga olgan holda qurilish meʼyorlari va qoidalarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, yangi turdagi energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz qurilish materiallarning tezkorlik bilan amaliyotga joriy etilishi va qoʻllanilishini taʼminlash;

yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy, tajriba-konstruktorlik, innovatsion va startap-loyihalarni koʻrib chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va ularni saralab olish boʻyicha ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish;

qurilish materiallari sanoatiga innovatsiyalarni joriy qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar va texnologik jarayonlarni har tomonlama oʻrganish;

yuqori tijorat salohiyatiga ega va roʻyobga chiqarishga tayyor boʻlgan istiqbolli startap-loyihalarni tanlash hamda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

mamlakatimizning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion salohiyatidan keng foydalanish orqali yangi turdagi yuqori samarador qurilish materiallarini yaratishga qaratilgan maqsadli dasturlarni shakllantirish.

12. Belgilansinki:

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Uyushma taʼsischilarining qaroriga muvofiq saylanadi;

innovatsion rivojlanish vaziri lavozimi boʻyicha Ilmiy-texnikaviy kengashning raisi hisoblanadi;

Ilmiy-texnikaviy kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, qurilish vaziri, “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining qoʻshma qarori bilan shakllantiriladi;

Ilmiy-texnikaviy kengashning qurilish meʼyorlari va qoidalarini takomillashtirish, innovatsion ishlanmalarni hamda yangi turdagi energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz qurilish materiallarini joriy qilishga doir takliflari qurilish tarmogʻini texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun asos boʻladi.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bir oy muddatda:

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti va Fargʻona politexnika institutida “Qurilish materiallari, buyumlari va qurilmalarini ishlab chiqarish texnologiyalari”, “Yigʻma temirbeton, beton qurilmalar va buyumlarni ishlab chiqarish”, “Materialshunoslik va yangi turdagi qurilish materiallari texnologiyasi (turlari boʻyicha)”, “Devorbop va pardozbop qurilish materiallari texnologiyasi” taʼlim yoʻnalishlarida kunduzgi va sirtqi oʻquv shakllari boʻyicha kadrlar tayyorlashni tashkillashtirish choralarini koʻrsin;

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti va Fargʻona politexnika institutiga taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 2019/2020 oʻquv yiliga qabul kvotalari yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki:

texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda vazirlik, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar (ish beruvchilar)ning ehtiyojlaridan kelib chiqib, qurilish materiallari sanoati sohasidagi taʼlim yoʻnalishlarida sirtqi oʻquv shakli boʻyicha toʻlov-shartnoma asosida talabalarni oʻqitishni tashkil etish huquqiga ega;

qurilish materiallari sanoati sohasidagi taʼlim yoʻnalishlarida sirtqi oʻquv shakli boʻyicha talabalarni oʻqishga qabul qilish qurilish materiallari sanoati sohasidagi korxonalarda ishlayotganlar orasidan ish beruvchilarning tavsiyanomasiga va oʻtkazilgan suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi;

Uyushma, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qurilish materiallari sanoati korxonalarini talabalarning amaliy mashgʻulotlari, oʻquv-tanishtiruv va diplomoldi amaliyotlarini oʻtkazish uchun jalb qilishga masʼul hisoblanadi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

Uyushma bilan birgalikda bir oy muddatda yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha malaka va koʻnikmalarni oshirish markazlarini tashkil etishga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qurilish materiallarining tannarxini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhni tashkil etgan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini optimallashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shu jumladan, mahsulotlarning birja savdolariga qoʻyilishi va sotilishida shaffoflikni taʼminlash va narxlar boʻyicha kunlik monitoring olib borish yoʻli bilan qurilish materiallari narxlarining asossiz ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin.

16. Uyushma, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

qurilish materiallarining koʻrgazmali namunalari va respublikada mavjud boʻlgan noruda xomashyosi resurslari, ilgʻor texnologiyalar, uskunalar hamda mahalliy va xorijiy tarmoq ilm-fanining yutuqlari toʻgʻrisidagi muntazam yangilanib turiluvchi maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan doimiy faoliyat yurituvchi koʻrgazma tashkil etish;

“Kvars” AJning 2018-yil yakuni boʻyicha sof foydasining bir qismini va oʻtgan yillardagi taqsimlanmagan foydasini kapitalizatsiya qilish va mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-sentyabrdagi “Kvars” AJda listlangan oyna ishlab chiqariladigan yangi float-liniyasini qurish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-5374-son farmoyishiga muvofiq amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini moliyalashtirishga maqsadli yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda Uyushmaga Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Tafakkur koʻchasi, 68-A uy manzilida joylashgan maʼmuriy binoning davlat mulki sifatida bepul foydalanish huquqi asosida berilishini taʼminlasin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K.Saidova va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 23-may


O'zA
1 637