O‘zA O`zbek

15.03.2018 12:46 Chop etish versiyasi

Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda qorako‘l mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ularning turlarini ko‘paytirishga qaratilgan keng ko‘lamli tarkibiy o‘zgartirishlar amalga oshirildi.

O‘tgan davr mobaynida qorako‘l zotli qo‘ylarning bosh soni qariyb 2 baravarga ko‘payib, sohada olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida qorako‘l qo‘ylarining yangi turlari va cho‘l ozuqabop ekinlarining yangi navlari yaratildi.

Shu bilan birga, quyidagilar qorako‘lchilik sohasining jadal rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda:

birinchidan, qorako‘l zotli qo‘ylarning irsiy xususiyatlari buzilishi, qo‘ylar tana hajmining kichiklashishi;

ikkinchidan, cho‘lda ozuqa ishlab chiqarishni intensivlashtirishning ilmiy va amaliy asoslari yaratilmaganligi, cho‘l ozuqabop o‘simliklari istiqbolli navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish ishlari yo‘lga qo‘yilmaganligi;

uchinchidan, yaylovlarni rivojlantirish va ularning hosildorligini oshirishga qaratilgan ilmiy va innovatsion ishlanmalarning joriy etilmaganligi, yaylovlardagi mavjud suv inshootlarining eskirganligi;

to‘rtinchidan, qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan yetishtirilgan qo‘y terisi, qorako‘l terisi va junini xarid qilish, ularga ozuqa mahsulotlari yetkazib berishning yagona tizimi mavjud emasligi;

beshinchidan, qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarning modernizatsiya qilinmaganligi, ushbu sohada yangi zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi korxonalarning barpo etilmaganligi;

oltinchidan, qorako‘lchilik sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmining mavjud emasligi hamda ularning qo‘nimsizligi.

Qorako‘lchilik sohasini yanada isloh qilishni ta’minlash, sohada naslchilik ishlarini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish va jahon bozori talablariga javob beradigan sifatli qorako‘l terilarini yetishtirish, Buxoro qorako‘li nufuzini qayta tiklash va sohaning eksport salohiyatini oshirish, qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Buxoro viloyati hokimligining:

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Buxoro filialini (keyingi o‘rinlarda – Filial);

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Filialning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq va Markazning tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktoriga, zarur hollarda, Filialning va Markazning tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

3. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:

naslchilik va sun’iy urug‘lantirish ishlarini ilmiy asosda tizimli tashkil etish, bunda qimmatli, eksportbop yarim doira qalamgul, qovurg‘asimon, yassi gul tiplaridagi sur va qora rangli qorako‘l qo‘ylari seleksiyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish;

Buxoro viloyatining qorako‘lchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida ilmiy ishlanmalarni amaliyotda sinash va uning ijobiy natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;

naslli qo‘chqorlarning rangi va tipi bo‘yicha hududlar hamda xo‘jaliklar kesimida almashinuvini tashkil etish;

qorako‘lchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va qorako‘lchilikda olib borilayotgan naslchilik va seleksiya ishlarini o‘rganish va bu borada erishilgan ilg‘or yutuqlarni joriy etish.

4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

cho‘l hududlarida ozuqa ishlab chiqarishni intensivlashtirishning ilmiy va amaliy asoslarini yaratish, cho‘l ozuqabop o‘simliklar istiqbolli navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish;

cho‘l ozuqabop ekinlari urug‘liklari yetishtiriladigan maydonlarda ilg‘or agrotexnik tadbirlarni joriy qilish, ushbu maydonlarni sifatli urug‘liklar bilan ta’minlash va urug‘lik yetishtirish hajmini oshirish;

yaylovlar tuproq iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda mos navlarni tanlash va ularning urug‘larini jadal ko‘paytirish;

inqirozga uchragan yaylov maydonlarini aniqlash va ularni tiklash hamda hosildorligini oshirish uchun cho‘l ozuqabop ekinlarni ekish ishlarini tashkil etish;

qorako‘lchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning talabiga asosan ozuqabop ekinlar urug‘larini yetkazib berish.

5. Buxoro viloyati hokimligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi bilan birgalikda Markaz tomonidan cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘larini yetishtirish maqsadida Buxoro viloyatining tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib 4 ta uchastka tashkil etib, ularga jami 1 000 gektar yaylov yer maydonlari ajratib berish;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Filial va Markazni bir binoda joylashtirish choralarini ko‘rsin.

Markaz respublikaning boshqa viloyatlarida ham o‘z filiallarini tashkil etishi va kelgusida Markaz hamda uning filiallari faoliyatini davlat-xususiy sherikchilik asosida yo‘lga qo‘yishi mumkinligi belgilansin.

6. Quyidagilar Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut), Filial va Markaz faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

Institut, Filial va Markazni saqlash, shu jumladan, xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliyaviy va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grant mablag‘lari.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratiladigan grant mablag‘lari qorako‘lchilik sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan aniq ishlanma va loyiha tashabbuskorlarini rag‘batlantirish maqsadlari uchun yo‘naltirilishi belgilansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Institut, Filial va Markazni saqlash, xodimlar uchun byudjet hisobidan ish haqi to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘larni 2018-yil 1- apreldan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xarajatlari parametrlari doirasida ajratsin, 2019 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida nazarda tutsin.

8. Belgilansinki, Markazning cho‘l yaylov o‘simliklarning urug‘liklarini yetishtirish va ularni cho‘l hududlarda ekish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, shu jumladan, 2018-yilda 2,5 milliard so‘m miqdorda ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inqirozga uchragan yaylov maydonlarining tiklanish davrida yaylov sifatida foydalanilmasligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Filial va Markazda zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalar tashkil etish hamda Markazni qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlash uchun zarur mablag‘lar ajratilishini;

bir oy muddatda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Qorako‘lchilik” uyushmasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab qorako‘lchi seleksioner va cho‘l o‘simliklari yaylovshunosi yo‘nalishida sirtqi bo‘limni tashkil etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar, shuningdek, Institut tuzilmasini maqbullashtirish va uning faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

10. Belgilansinki:

a) 2023-yil 1-yanvarga qadar qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar va qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari qorako‘lchilik uchun zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;

b) qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig‘i stavkalari 2023- yil 1-yanvarga qadar o‘zgarishsiz qoldiriladi;

v) respublika hududida qorako‘l terisi va junini tayyorlash hamda xarid qilish “O‘zbekcharmpoyabzali” va “Qorako‘lchilik” uyushmalari tizimidagi korxonalar tomonidan oldindan 50 foiz bo‘nak to‘lash orqali amalga oshiriladi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpaxtayog‘” AJ, Respublika tovar-xom ashyo birjasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” va “Qorako‘lchilik” uyushmalari bilan birgalikda bir oy muddatda qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar tomonidan yetishtirilgan qo‘y terisi, qorako‘l terisi va junini xarid qilish, shuningdek, ularga omixta yem, arpa, paxta shroti va sheluxasini yetkazib berish tizimi joriy etilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida qorako‘lchilik sohasida naslchilik-seleksiya ishlarini takomillashtirish, jahon bozori talablariga mos bo‘lgan raqobatbardosh qorako‘l terisi ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Qorako‘l” uyushmalarining O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki filiallarida ochiladigan maxsus hisob-raqamlar shaklida Qorako‘lchilikni rivojlantirish jamg‘armalari (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘armalar) tashkil etilsin.

13. Jamg‘armalarning asosiy vazifalari etib:

jahon bozorida qorako‘lchilik mahsulotiga bo‘lgan talab va takliflarni, qorako‘lchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, malaka oshirish masalalari bo‘yicha mahalliy qorako‘lchi mutaxassislarning xizmat safarlarini tashkil etishni;

respublika miqyosida naslli qorako‘l ko‘chqorlarini xo‘jaliklararo almashtirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlar tashkil etish xarajatlarini;

qorako‘lchilik sohasida mahalliy va chet el mutaxassislari ishtirokida ko‘rgazmali o‘quv seminarlari o‘tkazishni;

respublikada qorako‘lchilik mahsulotlarini eksport qilishda qorako‘lchilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlashni;

qorako‘lchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari va naslchilik korxonalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonasini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki filiallari orqali 3 yil muddatga 3 foizli imtiyozli yillik stavka bo‘yicha kredit liniyalarini ochishni moliyalashtirish hisoblansin.

14. Quyidagilar Jamg‘armalarni shakllantirish manbalari etib belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslarning, xayriya jamg‘armalarining grantlari, ixtiyoriy badallari, xorijiy donorlarning mablag‘lari;

Jamg‘armalarning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hamda Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlari hokimliklarining mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq Jamg‘armalarning dastlabki mablag‘larini shakllantirish to‘g‘risidagi tashabbuslari ma’qullansin.

Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari hokimliklari 2019-2020 yillar davomida Jamg‘armalar mablag‘larining o‘zlashtirilishidan kelib chiqib, zaruratga ko‘ra, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan tegishli mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq bankiga “Qorako‘lchilik” uyushmasi tarkibiga kiruvchi Buxoro viloyati hududida qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarida mavjud qorako‘l qo‘ylarining zotini yaxshilash maqsadida chetdan naslli qo‘ylar sotib olish hamda viloyatda qorako‘l terisi, junini qayta ishlash korxonalarini tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan stavka bo‘yicha 30 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish tavsiya etilsin.

16. Qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida sun’iy urug‘lantirish punktlarini modernizatsiya qilish va yangilarini tashkil etish, chetdan naslli qo‘ylar, qorako‘lchilikka ixtisoslashgan korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun zarur texnologik asbob-uskunalarni xarid qilish, qorako‘l terisi va junini qayta ishlash, cho‘l ozuqabop o‘simliklarni yetishtirishga mo‘ljallangan yaylovlarni rivojlantirish va ularning hosildorligini oshirish bilan bog‘liq loyihalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan resurs mablag‘lari ajratilishiga, kafilliklar berilishiga hamda kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar to‘lanishiga ruxsat berilsin.

17. “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, Buxoro viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki 2018 yil 1 sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 yanvardagi PQ-2718-son “Oziq-ovqat, charmpoyabzal va farmatsevtika sanoatidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan kredit liniyalari hisobidan Buxoro shahrida qorako‘l terisi xom ashyosini chuqur qayta ishlash korxonasi tashkil etilishini ta’minlasin.

18. “O‘zagrotexsanoatxolding” va “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatlari qorako‘lchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlarga cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklarning urug‘liklarini yetishtirish va ularni cho‘l hududlarida ekish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan texnikalarni lizing asosida yetkazib berish choralarini ko‘rsin.

19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari mazkur qarorning 4- va 5-ilovalariga asosan 2018-2020 yillarda uzoq cho‘l hududlarida qorako‘l qo‘ylarini sug‘orish inshootlari (tik va shaxtali quduqlar)ni ta’mirlash va yangilarini qurish bilan bog‘liq xarajatlari uchun mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 45 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, zaruratga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining so‘roviga asosan yil yakuniga qadar qaytarish sharti bilan ushbu maqsadlar uchun respublika byudjetidan byudjet ssudalari ajratilishini ta’minlasin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining sug‘orish inshootlarini ta’mirlash va qurish ishlarining maqsadga muvofiqligi bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda gidrogeologik xulosalari hamda quduqlarni eng maqbul joylarda qazish bo‘yicha takliflari asosida sug‘orish inshootlarini ta’mirlash va yangilarini qurish ishlarini amalga oshirish hamda ularning saqlanishi yuzasidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha mas’ul etib belgilansin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi, Respublika “Qorako‘lchilik” va “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmalari bilan birgalikda bir oy muddatda qorako‘l terisini xalqaro mo‘yna kimoshdi savdolarida realizatsiya qilish va salohiyatli chet ellik sheriklarni topish orqali tashqi bozorlarga chiqish, o‘zbek qorako‘l terisining xalqaro miqyosdagi brendini tiklash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimlariga, qo‘shni davlatlarga chegaradosh tumanlar hokimlariga qorako‘lchilik mahsulotlarini respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hududiy tuzilmalarining boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari qorako‘lchilik mahsulotlarining respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketilishi hollarining o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha ishlarning ahvoli uchun shaxsiy javobgarligi belgilansin.

22. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Qorako‘lchilik” uyushmasi bilan birgalikda qorako‘lchilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadi, mohiyati va mazmuni aholi orasida muntazam ravishda keng yoritilishini ta’minlasin.

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T.Mirzayev, “Qorako‘lchilik” uyushmasi raisi N.E.Yuldashov va Buxoro viloyati hokimi O‘.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 14-mart

23 532