Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 19:56 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida davlat siyosatini sifat jihatdan o‘zgartirishni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarini xususiylashtirilgandan keyin amaliy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilsin.

2. Xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va samaradorligini oshirishni har tomonlama keng qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi daromadlarining barqaror o‘sishini ta’minlaydigan yangi ish o‘rinlarini yaratish, ushbu maqsadlarda vakolatli davlat organlari, moliya hamda boshqa bozor tuzilmalarining Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan mustahkam xamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining g‘oyat muhim vazifasi deb hisoblansin.

3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari bo‘yicha muttasil yangilanib turuvchi ma’lumotlar bazasini hamda xususiylashtirilgan obyektlar reyestrini, shuningdek, davlat aktivlari reyestrini shakllantirish;

xususiylashtirilgan korxonalar faoliyati moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda doimiy asosda tahlil qilib borish, buning asosida faoliyat ko‘rsatmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni, bo‘sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan obyektlar hamda yer uchastkalarini aniqlash;

ilgari xususiylashtirilgan korxonalar samaradorligining pastligi hamda ishlamayotganligi sabablari va omillarini, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari, bo‘sh yotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni aniqlash;

yangi ish joylarini yaratish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish va modernizatsiyalash hamda raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda, kommunikatsiyalarga ulanishda va tijorat banklaridan kreditlar ajratilishida ularga ko‘maklashish maqsadida aniq xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni ta’minlash;

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xususiylashtirilgan obyektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga biznes yuritish va biznes-rejalarni ishlab chiqish asoslari, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa fanlarni kasb-hunar kollejlari bazasida o‘tkaziladigan kurslarda o‘qitishni tashkil qilish, bunda tajriba almashish uchun respublikamizda ishlayotgan katta muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish va yangi investorlarni jalb etish dasturlarini ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishda ishtirok etish;

davlat aktivlarini boshqarish, davlat ulushiga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari faoliyatini monitoring qilish va tahlil etish, ularda korporativ boshqaruvning zamonaviy halqaro standartlari va metodlarini joriy etish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga, shu jumladan, “nol” xarid qiymati bo‘yicha sotishning ochiq-oydinligi va shaffofligini ta’minlash, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoring olib borish;

monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshirish, raqobatni va qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish, baholash, rieltorlik va birja faoliyatini litsenziyalash, reklama bozorini tartibga solish;

kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislar, shu jumladan, idoraviy tuzilmalar rahbarlari hamda mutaxassislarining ish shakllari va uslublarini takomillashtirish, zimmasiga yuklangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun ularning mas’uliyatini oshirish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2018-yilning 1-yanvariga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda muttasil yangilanib turuvchi:

soliq, statistika va kadastr organlarining ma’lumotlar bazasi bilan o‘zaro elektron aloqani ta’minlaydigan tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari kesimida davlat mulkining xususiylashtirilgan obyektlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini;

bo‘sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan xususiylashtirilgan obyektlar, ishlab chiqarish maydonlari va qurilishi tugallanmagan obyektlardan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun foydalanish maqsadida ularning hududiy reyestrlarini;

xususiy biznesni tashkil etish uchun tadbirkorlarga taklif etilayotgan bo‘sh yotgan davlat mulki obyektlarining hududiy reyestrlarini yaratsin.

5. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahrining xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy organlari hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining rahbarlarini tayinlash, tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Kollegiyasining qarori bilan amalga oshiriladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

2017-yilning 1-iyunidan boshlab har bir tumanda xususiylashtirilgan obyektlar negizida loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlar uchun kasb-hunar kollejlarining binolarida o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtda o‘quv kurslarini tashkil etsinlar;

uch oy muddatda yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga biznes-rejalar tayyorlashda, zarur axborotni olishda va tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq amaliy masalalarni hal etishda ularga ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko‘rsatish uchun biznes-inkubatorlar tashkil etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ikki hafta muddatda 2017-2018-yillarda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish chora-tadbirlari dasturini belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar jamg‘armasi negizida Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etilsin, uni shakllantirish manbalari saqlab qolingan holda, mablag‘larni xususiylashtirilgan korxonalarni amaliy ravishda qo‘llab-quvvatlashga, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga hamda tadbirkorlarning o‘qishini tashkil qilishga yo‘naltirish uning ustuvor vazifasi etib belgilansin.

Quyidagilar xususiylashtirilgan korxonalarni Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:

xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushi bo‘yicha respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan dividendlar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladigan davlat mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar;

Jamg‘armaning respublika va mahalliy byudjetlarga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan tushumlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-yanvardagi PF-4933-sonli Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladigan davlat mulki obyektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar bundan mustasno.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin.

9. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasini belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlari qo‘mita zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarning ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4483-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A.Golishev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 18-aprel

465






Все о погоде - Pogoda.uz