Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.11.2017 21:40 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 

Zamonaviy sharoitlarda jahon fani va innovatsiya faoliyatining yutuqlaridan keng foydalanish jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini izchil va barqaror rivojlantirishning, mamlakatning munosib kelajagini barpo etishning muhim omili bo‘lib bormoqda.

O‘tgan davrda fan va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi.

Shu bilan birga, quyidagi tizimli muammolarning mavjudligi, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mavjud imkoniyatlar va salohiyatdan yetarlicha foydalanmaslik ko‘zlangan islohotlarning samarali amalga oshirilishiga hamda mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:

birinchidan, davlat dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalarini lozim darajada kompleks tahlil qilish va o‘rganish mavjud emas, buning oqibatida mazkur dasturlar aksariyat holatlarda muammolarning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamda uzoq muddatli rivojlanish masalalarini hal etmayapti;

ikkinchidan, fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishning hozirgi ahvoli innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va amaliy joriy etish uchun lozim darajadagi sharoitlarni ta’minlamayapti;

uchinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni ta’minlovchi yagona organning mavjud emasligi, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining tarqoq holda faoliyat ko‘rsatishi fan, ta’lim va ishlab chiqarishning to‘liq integratsiyalashishiga imkon bermayapti, bu esa o‘tkazilayotgan izlanishlarning samaradorligini pasaytirmoqda;

to‘rtinchidan, yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni birinchi navbatda joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etishdagi kamchiliklar texnologik qoloqlikka va innovatsion tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning cheklanganligiga olib kelmoqda;

beshinchidan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish hamda innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy etishda alohida holatlardagi tor idoraviy manfaatlarning ustunlik qilishi byudjet mablag‘laridan nooqilona foydalanishning sabablaridan biridir;

oltinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikni tatbiq etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;

yettinchidan, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish sohasida yuqori tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik, shuningdek, ulardan butun mamlakat fani, sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qilishda foydalanish past darajada saqlanib qolmoqda.

Mazkur holatlar innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish sohasida davlat boshqaruvining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishni talab qiladi.

Ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish;

hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi, shuningdek, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;

innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish, ularning yanada rivojlanishini ta’minlovchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini, eng avvalo, yosh avlodning ijodiy g‘oyalari va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, shuningdek, ushbu faoliyatda iqtidorli yoshlar faol ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish;

mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targ‘ib qilish va joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, shu jumladan ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarni, xususan, chet el investorlari ishtirokida tashkil etish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, jumladan, muqobil energiya manbalarini, suvni tozalash va chuchuklashtirish, undan oqilona foydalanishning zamonaviy shakllarini keng qo‘llash orqali faol joriy etish;

sog‘liqni saqlash sohasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, o‘z vaqtida va samarali davolashga imkon beruvchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan kompleks tizimni yaratish;

agrar sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni, shu jumladan ishlab chiqarish samaradorligini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini targ‘ib qilish;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini har tomonlama rivojlantirishni ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya, sanoat va boshqa innovatsion texnologiyalarni jadal joriy etish;

innovatsiya faoliyati sohasida ilg‘or xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan, shu jumladan ularni nou-xau, nanotexnologiyalar va yuqori texnologik tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqarishning mahalliy bozoriga jalb qilish orqali hamkorlikni kengaytirish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi);

Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilsin.

3. Quyidagilar Vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqishni, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish;

davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilma obyektlari va resurslar eng ko‘p sarf qilinadigan tarmoqlarda keng joriy etishga ko‘maklashish;

dolzarb muammolarni, eng avvalo, joylardagi muammolarni hal etishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari va aholi bilan o‘zaro hamkorligining innovatsion yondashuvlarini ishlab chiqish;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

b) iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

mamlakatimizdagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni targ‘ib qilish va ulardan amaliy foydalanishning mexanizmlarini shakllantirish, bozorning tez o‘zgaruvchan jahon kon’yunkturasini hisobga olgan holda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;

atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish imkonini beruvchi ekologik toza texnologiyalarni qo‘llagan holda unumdorlikni oshirishni nazarda tutadigan “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarining prinsiplarini ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish;

respublika innovatsion salohiyatining, erkin iqtisodiy va kichik
sanoat zonalari, texnoparklar, shuningdek, logistik xablar faoliyati samaradorligining o‘sishiga faol ko‘maklashish;

makroiqtisodiy, soliq-byudjet, pul-kredit parametrlari, shuningdek, integratsiya jarayonlarining iqtisodiyotga ta’sirini baholash bilan o‘zaro bog‘liqlikda iqtisodiyot tarmoqlarini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish ssenariylarini shakllantirishga ko‘maklashish;

xizmatlar sohasini tubdan takomillashtirish, eng avvalo, innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish hisobiga ularning sifatini va yalpi ichki mahsulotni shakllantirishdagi rolini oshirish;

innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish orqali turizm sohasining raqobatbardoshligini tubdan oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;

innovatsiyalarni joriy etish va hududlar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish ko‘lamini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish hisobiga hududlar iqtisodiy taraqqiyotidagi nomutanosibliklarning oldini olish;

v) qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

eng avvalo, mavjud yer, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish imkonini beruvchi “Aqlli qishloq xo‘jaligi” konsepsiyasiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining zamonaviy sinalgan shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish;

agrar sektorda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini maksimal darajada avtomatlashtirish, hosildorlikni jiddiy oshirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, shuningdek, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beruvchi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini, shu jumladan yirik riteylerlar yordamida ta’minlash orqali savdo bozorlarini va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni kengaytirishga ko‘maklashish;

g) ijtimoiy rivojlanishga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

ta’lim tizimida innovatsiyalarni, shu jumladan o‘qitishning zamonaviy, interaktiv va ijodiy uslublarini joriy etish orqali targ‘ib qilishga ko‘maklashish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni nazarda tutuvchi innovatsion o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni ta’minlash;

sog‘liqni saqlash tizimini, shu jumladan kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni, “Aqlli tibbiyot” va “Yagona tibbiyot axborot markazi” konsepsiyalarini joriy etish orqali jadal rivojlantirishga, shuningdek, aholining uzoq umr ko‘rishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;

“Xavfsiz shahar”, “Aqlli shahar” konsepsiyalarini joriy etishni, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydigan madaniy, sport va boshqa obyektlarni tashkil qilishni ham nazarda tutuvchi ilg‘or standartlarni hisobga olgan holda, shaharsozlikning faqat bosh rejalar, rejalashtirish va qurilish loyihalariga muvofiq izchil rivojlanishini ta’minlashga ko‘maklashish;

d) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish tizimiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:

atrof-muhit ifloslanishini kamaytirishga, jumladan, atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni, suv obyektlariga tashlanadigan oqova suvlarni kamaytirishga, biologik xilma-xillik va ekotizimni saqlashga qaratilgan innovatsion texnologik yechimlar ishlab chiqish;

atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarning, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, energiya tejamkor, ekologik toza avtotransport yoqilg‘isini ishlab chiqarish texnologiyalari, chang va gazdan tozalovchi texnologiyalarning amalda qo‘llanishiga ko‘maklashish;

suvdan foydalanish tizimini, shu jumladan suvni tozalash, chuchuklashtirish, oqova suvlardan qayta foydalanish va suv tejashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish orqali takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash, shu jumladan energiya va bioo‘g‘itlarni ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;

iqtisodiyotning energiya va resurs sarfini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

e) ilg‘or texnologiyalar joriy etilishini tashabbus qilish, muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish sohasida:

innovatsion tadqiqotlar, g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish, shuningdek, istiqbolli fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda novatorlik g‘oyalarini, shu jumladan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish orqali ishlab chiqish;

imtiyoz va preferensiyalar taqdim qilish, ko‘rgazma tadbirlarini tashkil etish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa muassasalar, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar va boshqa innovatsiyaga yo‘naltirilgan tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish (ilmiy-tadqiqot ishlari qismida), shuningdek, ularning moddiy-texnika va ilmiy salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashish;

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqish
va tijoratlashtirish bo‘yicha zamonaviy ilmiy-texnologik komplekslar, biznes-inkubatorlar, startap-akseleratorlarni, shu jumladan yetakchi jahon ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda tashkil etish, shuningdek, IT-infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashish;

uzoq muddatli texnologik rivojlanish ehtiyojlari va tendensiyalarini hisobga olgan holda zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarishni, shu jumladan yangi avlod transport vositalari, robot texnikalari va yuqori texnologik mahsulotlarning boshqa turlarini mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan tashabbus ko‘rsatish;

mahalliy innovatsion mahsulotlarni, shu jumladan rasmiylashtirilgan xalqaro patent va litsenziyalar asosida joriy etish, ichki va jahon bozorlariga yo‘naltirish imkonini beruvchi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlik:

O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

innovatsion faoliyatni uning samaradorligi indikatorlari asosida baholaydi, ilg‘or texnologiyalarni birinchi darajada joriy etish talab qilinadigan tegishli tarmoq va sohalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi;

yuklatilgan vazifalar doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlarning holatini o‘rganadi, innovatsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni to‘plash va umumlashtirishni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

5. Belgilansinki, Vazirlikning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart.

6. 2018-yil 1-yanvardan:

Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi;

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi;

Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi hamda uning Ijro etuvchi direksiyasi tugatilsin.

Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan tugatilayotgan idora va muassasalarning bo‘shayotgan shtat birliklari Vazirlikka o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda tugatilayotgan idora va muassasalarning xodimlarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Fanlar akademiyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqidiy o‘rganishni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati, uning natijalarini amaliyotga joriy etish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritishni;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda vazirliklar va idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalarini ular faoliyatida bir-birini takrorlashning oldini olish maqsadida tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlarini optimallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tanqidiy o‘rganishni va takliflar kiritishni;

mazkur Farmonning 6-bandida ko‘rsatilgan idoralar va muassasalar tugatilishi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkillashtirish, shuningdek, Vazirlikni joylashtirish, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning binolari va moddiy-texnika bazasini o‘tkazish orqali uning moddiy-texnika bazasini tashkil etish, ishni samarali tashkil qilish uchun zarur bo‘lgan komputer texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlashni;

tugatilayotgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini Jamg‘arma hisobiga o‘tkazishni;

Vazirlikni yuqori malakali kadrlar bilan, shu jumladan tugatilayotgan idoralar va muassasalarning xodimlari hisobidan to‘ldirishni;

ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllarini, shuningdek, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni ham belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonunlari loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash, olim va mutaxassislarning xorijda amaliyot o‘tashini tashkil etish uchun kredit va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan tizimli ishlarni olib borsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Vazirlik va Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.S.Ismailov, O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 29-noyabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini
tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga
SH A R H 

Jahon tajribasi barcha sohalarda sifatli o‘sishni ta’minlovchi yangiliklarni uzluksiz tarzda amaliyotga joriy etish jamiyat va iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganligini ko‘rsatmoqda.

Bugun rivojlanishning innovatsion modellari va “aqlli” texnologiyalar amalga oshirilayotgan mamlakatlar eng muvaffaqiyatli va barqaror hisoblanadi. Bunday mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti, ularning jahon bozorlarida raqobatbardoshligi tabiiy resurslarni eksport qilish va jismoniy mehnatdan foydalanishga emas, balki innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarga asoslanadi.

Ushbu mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat strategiyasining ijrosi shartli ravishda “kelajak vazirliklari” deb nomlanuvchi maxsus idoralar tomonidan amalga oshiriladi.

Innovatsion rivojlanish uchun mas’ul idoralarning asosiy vazifasi innovatsiya va fan yutuqlarini keng joriy etish hisobiga mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini ta’minlash hamda iqtisodiyotda intellektual ulushning ko‘payishi hisoblanadi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama hamda jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi.

Boshqacha qilib aytganda, biz O‘zbekistonni ishlab chiqarishda innovatsiya va intellektual hissaning yuqori ulushi bo‘lgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, zamonaviy va global bozorda raqobatbardosh sanoatga, shuningdek, qulay investitsiyaviy va ishchanlik muhitiga ega jadal rivojlanayotgan mamlakatga aylantirishimiz lozim.

Qo‘yilgan maqsadlarga O‘zbekistonni rivojlanishning innovatsion modeliga to‘liq o‘tkazmasdan turib erishish mumkin emas, bu mamlakatda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning hamda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalda joriy qilishni rag‘batlantirishning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo etadi.

Biroq, boy intellektual va infratuzilmaviy salohiyatga qaramasdan, mamlakatda innovatsiyalarni joriy etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yilmagan, bunga quyidagi tizimli muammolar mavjudligi sabab bo‘lgan:

davlatning rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda zamonaviy fan va innovatsion texnologiyalarning yutuqlari va rivojlanish tendensiyalari lozim darajada kompleks tahlil qilinmasdan va o‘rganilmasdan kelgan;

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni strategik prognoz qilish, qo‘llab-quvvatlash va joriy etishni, shuningdek, mamlakatning ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan yagona organ mavjud emas;

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlarini keng tatbiq etish, investitsiyalarni jalb etishga, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti;

yuqori texnologiyalar, nou-xau va zamonaviy ishlanmalarni joriy etishni talab qiluvchi ustuvor soha va tarmoqlarni aniqlash bo‘yicha tizimli va maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat yo‘lga qo‘yilmagan;

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar sohasida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan hamkorlik past darajada saqlanib qolmoqda.

Mavjud muammolarni hal qilish, shuningdek, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar, ilmiy yutuqlarni joriy etishni rag‘batlantirishning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.

Mazkur Farmonga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni keng joriy etish borasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim qadam sifatida qarash mumkin.

Farmon bilan strategik rejalashtirish tizimini yaratish, davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini amalga kiritish, fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning dolzarb sohalariga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish kabi mamlakat innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi hamda uning davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy rivojlanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohalaridagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutildi.

Bundan kelib chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasining innovatsion va ilmiy-texnik rivojlanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib belgilandi.

Vazirlik davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi bo‘ladi, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat boshqaruv organlari, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Innovatsion texnologiyalar hisobiga rivojlanishning zamonaviy yondashuvlarini ishlab chiquvchi, shartli ravishda “kelajak vazirliklari” deb nomlanuvchi ixtisoslashtirilgan idoralarni tashkil qilish bo‘yicha jahon tendensiyasini qayd etib o‘tish lozim.

Faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish, yagona yondashuvlarni ta’minlash maqsadida 2018-yil 1-yanvardan boshlab Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, Fan va texnologiyalar agentligi tugatilmoqda.

Tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha hisobot berishning shaffof tizimidan foydalangan holda innovatsion g‘oyalar va ularni ishlab chiqishni moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbasi hisoblanadi.

Farmonni amalga oshirish doirasida faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish maqsadida vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalarining vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqiladi, ularning tashkiliy-shtat tuzilmalari va vakolatlari optimallashtiriladi.

Shu bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning natijalarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnoparklarni tashkil etish maqsadida Fanlar akademiyasi va Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyatini tanqidiy o‘rganish topshirildi.

Farmonda innovatsiyalarni joriy etishning qonuniy asoslarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari hamda qo‘llab-quvvatlash shakllarini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni belgilovchi “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Fan to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi innovatsion va ilmiy-texnikaviy rivojlanish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan. Yangi idora innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ro‘yobga chiqarish uchun byudjet mablag‘laridan oqilona foydalangan holda mavjud resurs va mablag‘larning safarbar etilishini ta’minlaydi.

Pirovard natijada, O‘zbekistonni rivojlantirishning innovatsion yo‘li iqtisodiy o‘sishning harakatlantiruvchi kuchi, mamlakat barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlashning omili bo‘lishi lozim.


1 870






Все о погоде - Pogoda.uz