O‘zA O`zbek

10.06.2019 18:40 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning hozirgi sharoitida axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishning maqsad va vazifalari mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga va xalqaro amaliyotga mos boʻlishi zarur. Shu munosabat bilan fuqarolarning axborotdan erkin foydalanish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlarini, shu jumladan, milliy qadriyatlar va jahon madaniyati, amaliy va fundamental bilimlardan bahramand boʻlishini taʼminlaydigan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishning sifat jihatdan yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Bu esa axborot-kutubxona faoliyatiga, kitobxonlarga xizmat koʻrsatish, fondlarni toʻldirish va saqlash, kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyat, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ragʻbatlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga jiddiy taʼsir koʻrsatish imkonini beradi.

Aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar aholiga axborot-kutubxona xizmatikoʻrsatishni sifat jihatidan yanada rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar etib belgilansin:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda axborot-kutubxona faoliyatini isloh qilish;

aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish boʻyicha ijtimoiy kafolatlarni sifatli taʼminlash hamda zamonaviy talablarni hisobga olgan holda axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishni barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish;

axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, yangi bino va inshootlarni qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash;

kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklikni, xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmogʻini rivojlantirish;

kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish (shu jumladan, pullik xizmat koʻrsatish) tezkorligini oshirish uchun elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirish;

axborot-kutubxona muassasalari xavfsizligini hamda milliy va jahon madaniy merosining bir qismi sifatida axborot-kutubxona fondlarining yaxshi saqlanishini taʼminlash;

jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatga qiziqishini shakllantirish vakuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish va targʻib qilish;

axborot-kutubxona muassasalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.

2. Quyidagilar:

a) 2019-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

b) 2019-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 
2-ilovaga muvofiq;

v) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

g) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining (keyingi oʻrinlarda – Milliy kutubxona) xodimlar umumiy cheklangan soni 227 nafardan iborat boshqaruv apparati tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Milliy kutubxona direktoriga zarur hollarda Milliy kutubxona boshqaruv apparati tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni
va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga tushadigan mablagʻlarning ikki foizini Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi huzuridagi byudjetdan tashqari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:

Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish, shuningdek, umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari qoshida faoliyat koʻrsatayotgan barcha axborot-resurs markazlarini tugatish;

umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarining kitob fondlari va shtat birliklarini yangidan tashkil qilinayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga berish;

axborot-resurs markazlarini tugatishda umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining kutubxonalarini amaldagi normativlarga muvofiq tegishli kitob fondi va shtat birliklari bilan birga saqlab qolish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

5. Quyidagilar yangi tashkil etilayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish uchun sifat jihatidan yangi va qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ularning ilmiy, taʼlim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarigaijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, mustaqil taʼlim olish va muloqot doirasini kengaytirish vositasi sifatida axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;

foydalanuvchilarga har qanday (bosma, multimedia va raqamli) tashuvchilarda, shu jumladan, Internet tarmogʻida sifatli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;

oʻz axborot-resurslarini yaratish va ularni sifatli toʻldirib borish orqali kitobxonlarga anʼanaviy xizmat koʻrsatish usulidan ularni zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlari bilan taʼminlashga oʻtish;

aholiga axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyichamasofadan xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

6. Agentlik:

bir oy muddatda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish hamda ularni kompyuter texnikasi va boshqa turdagi orgtexnika, mebel, shu jumladan, maxsus mebel, shuningdek, tegishli kutubxona uskunalari bilan jihozlash boʻyicha talablarni ishlab chiqsin, bunda imkoniyati cheklangan shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun oʻquv zallarini maxsus kompyuter jihozlari va boshqa qoʻshimcha vositalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining Internet tarmogʻiga ulanishini va ular uchun Milliy kutubxona elektron resurslaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlasin;

ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda axborot-kutubxona markazlari faoliyatining reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda aholiga kuni uzaytirilgan tartibda xizmat koʻrsatilishini koʻzda tutsin;

aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar (til oʻrgatish, kompyuter kurslarini tashkil etish, matnli, audio va videomateriallar nusxalarini yaratish, shuningdek, boshqa kutubxona xizmatlari) roʻyxatini kengaytirish orqali axborot-kutubxona markazlarining byudjetdan tashqari daromadlarini oshirish choralarini koʻrsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va jihozlash talablarini hisobga olgan holda:

ikki oy muddatda tumanlar (shaharlar) markazlarida tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va ularning toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun binolarni belgilangan tartibda ajratsin;

ajratilgan binolarni kapital taʼmirlashni taʼminlasin, bunda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining oʻquv zallarida va boshqa umumiy foydalaniladigan xonalarida imkoniyati cheklangan shaxslar toʻsiqsiz foydalanishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratsin, shuningdek, ularni zarur uskuna va texnika bilan jihozlasin;

b) tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirsin va ushbu markazlarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;

v) umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining axborot-resurs markazlarini tugatish natijasida ishdan boʻshagan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.

8. Belgilansinki:

Milliy kutubxonaning qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash xarajatlari 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrida ijtimoiy sohaga moʻljallangan byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutiladi;

tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini saqlash xarajatlari tumanlar va shaharlar mahalliy byudjetlarida umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarini saqlash uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

yangi tashkil etiladigan axborot-kutubxona markazlarini kadrlar bilan toʻldirish birinchi navbatda umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarida faoliyat koʻrsatayotgan malakali kadrlar hisobiga amalga oshiriladi;

tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari binolarini kapital taʼmirlash hamda ularni zamonaviy uskuna va texnikalar bilan jihozlashni moliyalashtirish umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarining maqbullashtirilayotgan byudjet ajratmalari, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining prognozni oshirib bajarishdan olinadigan daromadlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari kutubxona fondlarini toʻldirish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari, Jamgʻarma mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Madaniyat vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda kutubxonachilik ishi sohasida mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish asosida sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlariga “Kutubxona-axborot faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul kvotalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:

vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, shu jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalarni tashkil qilish (takomillashtirish);

idoraviy kutubxonalarning kitob fondini va moddiy-texnika bazasini yaratish, yangilash va toʻldirishni ushbu maqsadlar uchun davlat organlariga byudjetdan ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;

Agentlik takliflari asosida idoraviy kutubxonalarning kitob fondini yangilash va toʻldirish uchun zarur nashrlar roʻyxatini har yili shakllantirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

11. Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 21-mayni Kutubxonachilar kuni deb belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin, bunda kutubxonachilarni koʻp yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ragʻbatlantirish koʻzda tutilsin.

Agentlik bir oy muddatda “Kutubxonachilar kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

12. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi K.I.Allamjonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 7-iyun


O'zA
4 594