Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.12.2017 22:57 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolarini yanada qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini rag‘batlantirish, respublikaning akademik ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki:

2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari va sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari (keyingi o‘rinlarda akademiklar deb ataladi) uchun eng kam oylik ish haqining o‘n ikki barobari miqdorida, sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining muxbir a’zolari (keyingi o‘rinlarda muxbir a’zolar deb ataladi) uchun esa – eng kam oylik ish haqining sakkiz barobari miqdorida oylik gonorar to‘lanadi; akademiklarga va muxbir a’zolarga to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yil 1-yanvardan boshlab ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni ajratishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; o‘zlari qabul qilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsinlar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4907-son Farmonining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5146-son Farmonining 1-bandida ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.

5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yo‘ldoshev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOYEV


Toshkent shahri, 2017-yil 29-dekabr

2 160