Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 21:12 Chop etish versiyasi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni (keyingi o‘rinlarda Ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:

umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;

o‘quvchilarda dasturlash asoslarini, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;

yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta’minlash;

o‘quvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;

o‘quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida 10-11-sinf o‘quvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashlarini tashkil etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

Ixtisoslashtirilgan maktabni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi negizida tashkil etish;

Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Ixtisoslashtirilgan maktabga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;

Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejining 2-3-bosqich o‘quvchilari Ixtisoslashtirilgan maktab binosida o‘qishni bitirgunlariga qadar davom ettirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. Belgilansinki:

Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og‘zaki sinov natijalariga ko‘ra tanlov asosida qabul qilinadi;

Ixtisoslashtirilgan maktabning binolarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, zarurat bo‘lganda yangi binolar qurish, sinf va laboratoriya xonalarini, kutubxona va boshqa inshootlarini zamonaviy jihoz, mebel, komputer va boshqa o‘quv-laboratoriya vositalari bilan jihozlash, o‘quv adabiyotlari va metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash, yuqori kasb mahoratiga ega o‘qituvchilar va xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;

Ixtisoslashtirilgan maktabni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:

Ixtisoslashtirilgan maktabni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, o‘quv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda jalb etsin;

bir hafta muddatda – Ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

uch oy muddatda – respublikaning maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilariga matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofotni ta’sis etsin.

6. 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Ixtisoslashtirilgan maktabning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda maktabning kutubxona fondini zarur darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2017-yilgi Davlat byudjeti parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 14-sentabr


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya 
texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga 
ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Zamonaviy axborot-kommunkatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib borishi mazkur sohada xizmat qilishga qodir kadrlarni tayyorlash masalasini o‘ta dolzarb vazifaga aylantirdi. Xorijiy davlatlarda kommunikatsiya texnologiyalari xalq xo‘jaligining barcha sohalariga joriy etilgani siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyot ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga yangidan-yangi investitsiyalarning kiritilishiga olib keladi. Eng muhim investitsiya esa, kadrlarni tayyorlashga, ularni yoshlik davridan tayyorlab borishga katta e’tibor qaratishdir.

Ulug‘ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ham aynan ana shu vazifani amalga oshirishdagi ilk qadam bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida oxirgi yillarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatning barcha sohalari, shu jumladan, davlat boshqaruvi, jamiyat, ta’lim, tibbiyot sohalariga joriy etish hamda davlat xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha yirik islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Mazkur maktabning tashkil etilishi davrning ana shu da’vatiga javob bera oladigan kadrlarni yoshligidanoq tayyorlab borish, sohada yetuk hamda zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.

Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad – ulug‘ ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, o‘rganish va tadqiq etish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarga aniq fanlarning yuksak cho‘qqilarini zabt etish, boshlang‘ich sinflardan boshlab o‘quvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorini aniqlash va ularni qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar bazasini yaratishdan iboratdir.

Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib –axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirilishiga erishish, o‘quvchilarni dasturlash asoslari, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘nikmalarga ega qilish, axborot va media hamda intellektual madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirishdan iboratdir.

Shuningdek, mazkur sohada yuqori mahoratga ega pedagoglarni hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi maxsus maktabini yaratish, yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tuzish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam va samarali ishtirokini ta’minlashni tashkil etish ham maktabning asosiy vazifalaridandir.

Maktab oldiga qo‘yilayotgan talablardan biri – ana shu maqsadlarga erishish uchun yuqori malakali, sohasining bilimdoni bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar bazasini shakllantirish bilan birgalikda, maktabda chet tilini o‘qitishga ham katta e’tibor qaratilganidir.

Maktabda o‘quv jarayoni xalqaro andozalar asosida olib borilishi maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-o‘qituvchilarini ham jalb etish belgilangan.

Mazkur qaror bilan maktabda tahsil oladigan o‘quvchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratish bilan birgalikda ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirib borish, maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilarga matematika, fizika, informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, ularning natijalariga ko‘ra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofot ham ta’sis etildi.

Ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi – respublikada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, kelajak avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib etib tarbiyalash, davr talablariga dadil javob bera oladigan mutaxassislarga bo‘lgan katta ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

1 990






Все о погоде - Pogoda.uz