O‘zA O`zbek

13.07.2018 21:53 Chop etish versiyasi

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

So‘nggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini faol jalb etish va investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ko‘lami va samaradorligi nafaqat mamlakatimizdagi investitsion faollikning ortishi bilan, balki nufuzli xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklari tomonidan berilayotgan munosib baho bilan ham o‘z isbotini topmoqda.

Xususan, so‘nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarildi. Bundan tashqari, so‘nggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘ntaligidan joy oldi.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlar talablariga hanuzgacha to‘liq javob bermaydi. Ayrim davlat organlari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida e’lon qilingan islohotlarning amaldagi ijrosini yetarli darajada ta’minlamayapti.

Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar faoliyatining aniq muvofiqlashtirib borilmasligi, shuningdek, ular rahbarlari javobgarligining past darajadaligi sababli ayrim sohalarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni amaliyotda ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifalar va islohotlarning o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlarini e’tiborga olmasdan amalga oshirilmoqda hamda barcha hollarda ham kutilgan samarani bermayapti.

Eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamjamiyatda mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish, hududlarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash yuzasidan yakuniy natijalarga erishish uchun vakolatli organlar rahbarlarining javobgarligini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Belgilab qo‘yilsinki:

investitsiya muhitini yaxshilash sohasida olib borilayotgan islohotlarning strategik maqsadi – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun mamlakatda 2022 yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi (keyingi o‘rinlarda “Biznes yuritish” hisoboti deb yuritiladi) jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratishdir;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda bu yo‘nalishda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

2. Quyidagilar:

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

islohotlarni sifatli amalga oshirish hamda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarning ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari zimmasiga islohotlarni sifatli amalga oshirish hamda “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining tegishli ko‘rsatkichlarini yaxshilash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va lozim darajada bajarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarning faoliyatini samarali muvofiqlashtirishni;

“Biznes yuritish” hisobotidagi O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar bilan o‘zaro amaliy hamkorlikni;

Jahon banki guruhi ekspertlari va “Biznes yuritish” jamoasi bilan O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini asoslash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun har yili idoralararo ishchi guruhni Vashington shahriga (AQSH) yuborishni;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda

eng muhim xalqaro reytinglarni va tarkibiy indikatorlarni, ularni shakllantirish metodologiyasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslarda oxirgi ikki yilda egallab turgan mavqeini chuqur o‘rganishni;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda

2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tegishli xalqaro reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining mavqeini yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashni ta’minlasin.

5. Ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda har yili:

fevral-mart oylarida “Biznes yuritish” hisobotini tayyorlash doirasida Jahon banki ekspertlari tomonidan yuboriladigan savolnomalarni o‘rganilayotgan yo‘nalishlarda amalga oshirilgan islohotlar va qonun hujjatlari normalarini inobatga olgan holda sifatli va o‘z vaqtida to‘ldirishni;

15 noyabrga qadar e’lon qilingan “Biznes yuritish” hisoboti natijalarini o‘rganishni hamda u bo‘yicha keyinchalik Jahon banki va “Biznes yuritish” jamoasiga taqdim etish uchun o‘rganilayotgan har bir yo‘nalish kesimida asoslantirilgan dalillar va statistik ma’lumotlardan iborat sharhlarni tayyorlashni ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda:

“Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar

va ularning natijalari haqida ushbu qarorning 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini har chorakda eshitib borsin, keyinchalik tegishli yo‘nalishlarda biznes yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashni ta’minlamagan rahbarlarga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan takliflar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichi reyting tuzish metodologiyasi talablariga muvofiqligini baholagan holda “Biznes yuritish” hisobotlarini tanqidiy o‘rganib borsin va har yili 1 dekabrga qadar “Biznes yuritish” hisobotida respublikaning alohida ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida ishbilarmonlik muhiti va qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq amalga oshiriladigan tadbirlar hamda loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining texnik ko‘magi, grantlari va kreditlarini jalb etish yuzasidan zarur tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini hamda “Biznes yuritish” hisoboti yo‘nalishlari yuzasidan qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini xolisona baholash uchun har yili tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida, shu jumladan, ularning murojaatlarini qabul qilish, qayta ishlash, ko‘rib chiqish va takliflarini muhokama qilish bo‘yicha maxsus portal orqali so‘rovlar o‘tkazsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida qonun hujjatlari talablarining amaliyotga joriy etilishini tizimli ravishda o‘rganib borsin, bunda tasdiqlangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlamagan hamda kechikishlarga yo‘l qo‘ygan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan aniq ta’sir choralarini qo‘llasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2018-yil 13-iyul

4 970