Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 21:30 Chop etish versiyasi

Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5326-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida:

1. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Amaliy chora-tadbirlar rejasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda turizm infratuzilmasining bandligini hisobga olgan holda hududlar hamda jalb etilgan tashkilotlar miqyosida turlar
va ekskursiyalarni tashkil qilish jadvallarini tasdiqlasin;

yoshlarni turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha axborot-targ‘ibot tadbirlarining muntazam o‘tkazilishini ta’minlasin;

turistlar oqimining mavsumiyligi hamda hududlarning turizm infratuzilmasi to‘liq jalb etilishini inobatga olib, shu jumladan turizm faoliyati subyektlarini jalb etgan holda Amaliy chora-tadbirlar rejasining samarali amalga oshirilishi uchun zarur choralar ko‘rsin;

b) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmog‘ida, shu jumladan respublikaning barcha shaharlarida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» shiori ostida tashqi reklama vositalarini (shit-bannerlar hamda tashqi ekranlar uchun roliklar) tayyorlash va o‘rnatish yo‘li bilan ichki turizmni keng targ‘ib qilish tadbirlari o‘tkazilishini ta’minlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan joylashtiriladigan tashqi reklama ijtimoiy reklamaga tenglashtiriladi.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda 2018-2020-yillarda respublikaning har bir hududida kamida 100 ta joy hisobga olinib markaziy ko‘chalar, aholi gavjum joylar hamda trassalarda joylashgan shitlar, ekranlarda ichki turizmga oid tashqi reklama beg‘araz o‘rnatilishini ta’minlasin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga turistik-ekskursiya turlari uchun to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar:

ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun – o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan;

tashkilotlar xodimlari uchun – o‘z mablag‘lari, ish beruvchi mablag‘lari (byudjet tashkilotlari uchun – tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari) va jamoaviy shartnomalarga muvofiq boshqa mablag‘lar hisobidan;

yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ularning umumiy sonidan kamida 20 foizi qamrab olinishi ta’minlangan holda – xayriya mablag‘lari, shuningdek, har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ko‘rsatkichlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan;

pensionerlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun – o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining mablag‘lari va xayriya mablag‘lari hisobidan;

faol xotin-qizlar uchun – o‘z mablag‘lari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mablag‘lari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari va xayriya mablag‘lari hisobidan;

mahalla faollari va yosh oilalar uchun – o‘z mablag‘lari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tenglik asosida qoplanadi.

Mazkur Dasturda ishtirok etish ixtiyoriy ekanligi belgilab qo‘yilsin.

6. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga:

jamoaviy shartnomalarga rag‘batlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘z xodimlarining kamida 10 foizini oila a’zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasini kiritish;

xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan dam olish kunlari (otgul) berish;

Dastur tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30-dekabrgacha davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-sayohat turlarini tashkil qilish jadvallarini tasdiqlash tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarga guruhli sayohatlarni tashkil qilish uchun mahalliy turoperatorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, shuningdek, mehmonxona va transport tashkilotlariga tashkil etilgan turlar, shu jumladan yashash va kelib-ketish (uchib borish) uchun imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha takliflar yuborishda yordam ko‘rsatsin.

8. 2018-yil 10-fevraldan boshlab 3 yil muddatga quyidagi tartib joriy etilsin, unga ko‘ra:

ish beruvchining turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan subyektlardan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun respublika bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinishi lozim;

jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan subyektlardan sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi. Bunda turistik yo‘llanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yo‘l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi;

turizm sohasida faoliyat ko‘rsatadigan subyektlarning soliq solinadigan bazasi O‘zbekiston turizm brendi va “Uzbekistan.travel” sayti reklamasi bo‘lgan bosma mahsulotlarni (xaritalar, risolalar, bukletlar, flayyerlar va boshqalar), suvenir va qadoqlash mahsulotlarini (sumkalar, paketlar, maktab daftarlari, yorliqlar, g‘iloflar, kiyim-kechaklardagi va oshxona anjomlaridagi yozuvlar) tayyorlash va chop etishga yo‘naltiriladigan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

9. Tijorat banklariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan subyektlardan O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab sayyohlik turlarini sotib olish uchun 10 million so‘mgacha iste’mol kreditlarini ajratish va kreditni ish haqi hisobidan qoplash imkoniyatini berish tavsiya etilsin.

10. Belgilansinki:

turizm obyektlari (me’moriy yodgorliklar va boshqalar) hamda infratuzilmasi (mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, turistik yo‘nalishlar va boshqalar) joylashgan joylarning belgi-ishoralari va ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan tematik turistik xaritalar adadini ko‘paytirish va ularni tarqatishga kartografiya ishlarini amalga oshirish uchun litsenziya (ruxsatnoma) olinishi talab etilmaydi;

turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar (davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros obyektlari va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ma’muriyatlari va boshqalar) o‘z faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5 foizini o‘z faoliyati hamda taqdim etayotgan turizm xizmatlari bayon etilgan reklama-tarqatish materiallarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash va adadini ko‘paytirish uchun majburiy tartibda yo‘naltiradi. Bunda ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan xarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda turizmni rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega tuman va shaharlarda joylashgan hamda asosan muhandislik kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan foydalanilmayotgan yer uchastkalarini 2-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha uch oy muddatda xatlovdan o‘tkazsin hamda keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xulosasiga asosan har bir hududda umumiy maydoni kamida 20 gektar bo‘lgan 20 ta yer uchastkasi hisobidan kelib chiqib, turizm sohasidagi loyihalarni (mehmonxonalar, mehmonxona uylari, kempinglar, motellar va boshqa joylashtirish vositalari, tematik xiyobonlar, muzeylar, galereyalar va boshqa inshootlar qurish) amalga oshirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari hamda potensial investorlarga taqdim etish uchun ajratsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tanlab olingan foydalanilmayotgan yer uchastkalarida 2018-2022-yillarda turizm infratuzilmasini tashkil etish doirasidagi xarajatlar:

yangi loyihalar (maketlar)ning dizayn-eskizlarini ishlab chiqish uchun – byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun – tegishli tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda turistik yig‘imlar, mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash hamda joylashtirish vositalarining javobgarlik qoidalarini saqlab qolgan holda, tashrif buyuruvchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha maxsus elektron avtomatlashtirilgan dasturda joylashtirish vositalari orqali xususiy uylarga (xonadonlarga) mehmonlarni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini joriy etsin;

turizm toifasiga oid mehmonxonalar va mehmonxona uylarining namunaviy loyihalarini, shu jumladan xorijiy loyiha tashkilotlaridan byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sotib olsin va keyinchalik ushbu loyihalarni turizm infratuzilmasi obyektlarini qurish tashabbusini ko‘rsatgan tadbirkorlik subyektlariga beg‘araz taqdim etsin. Bunda namunaviy loyihalarni muayyan hududga biriktirish O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tomonidan beg‘araz asosda ta’minlanadi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ichki turizmni yanada rivojlantirish hamda turizm infratuzilmalarini takomillashtirish maqsadida hududlarda kichik turizm zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalari kichik turizm zonalariga ham tatbiq etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2018 yilning 1 iyuliga qadar tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratishning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etgan holda hududlarda kichik turizm zonalarini yaratish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda quyidagi summalar uchun soliq solinadigan bazani kamaytirish tartibini bir oy muddatda tasdiqlasin:

100 million so‘mgacha – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning 2020-yilning 1-yanvariga qadar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta’mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlari;

12 million so‘mgacha – har yili 2025-yilning 1-yanvariga qadar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan sanitariya-gigiyena tarmoqlarini (farroshlar ish haqi, gigiyena, tozalash va yuvish vositalarini sotib olish, kommunal xarajatlarni to‘lash), turizm infratuzilmasi obyektlarini (tarixiy va me’moriy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari, umumiy ovqatlanish punktlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtomobillar uchun vaqtincha to‘xtash joylari, yo‘lbo‘yi infratuzilmasining servis xizmatlar ko‘rsatiladigan hududlari, bozorlar, rastalar, do‘konlar va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarni) saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining xulosasi asosida zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini yaratish loyihalarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlari va potensial investorlarga shaharlar va tumanlarning tegishli qismlarida reklama va ixcham savdo nuqtalari uchun joylar taqdim etsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Amaliy chora-tadbirlar rejasi bajarilishi ustidan doimiy monitoringni;

monitoring natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi 2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritilishini ta’minlasin.

17. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov):

ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini;

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar – mas’ul ijrochilar rahbarlarining Amaliy chora-tadbirlar rejasini so‘zsiz amalga oshirish borasida ular tomonidan ko‘rilayotgan amaliy choralar haqidagi hisobotlari har chorakda eshitib borilishini ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-sentabrdagi “Toshkent shahrida “Eski shahar” turizm zonasini barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3260-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 7-fevral


16 638