Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 18:51 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i mustaqillik yillarida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan tobora chiroy ochib bormoqda.

Qayd etish lozimki, 1991-yili Milliy bog‘ hududida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning muazzam haykali barpo etilib, o‘tgan davr mobaynida ulug‘ ajdodimiz tarannum etgan yuksak gumanistik g‘oyalarga hamohang ravishda, aniq me’moriy reja asosida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ushbu hududda 2007-yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor, 2010-yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi Oybek, 2013-yili O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va taniqli shoira Saida Zunnunova xotiralariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatildi.

Milliy bog‘ni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan, nafaqat yurtimiz, balki jahonning turli mamlakatlaridan mehmonlar va sayyohlar tashrif buyuradigan har tomonlama go‘zal va betakror maskanga aylantirish, ma’naviy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan atoqli so‘z san’atkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillarining O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bog‘ning umumiy ko‘rinishi va Alisher Navoiy haykali bilan uyg‘un ravishda Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansambl shaklidagi loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

3. Adiblar xiyobonining me’moriy loyihasini ishlab chiqishda ushbu manzilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy yangi bino qurish nazarda tutilsin.

4. Mazkur hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga o‘tkazilsin va bu yerda doimiy ravishda kitoblar ko‘rgazmalari va taqdimotlari, turli adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan adabiy markaz tashkil etilsin.

5. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tegishli tashkilot va idoralar bilan birgalikda milliy adabiyotimizning ulkan namoyandalari:

O‘zbekiston Qahramoni, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov;

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov;

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov;

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualarini barpo etish bo‘yicha bir oy muddatda ijodiy tanlov e’lon qilsin va uni belgilangan tartibda o‘tkazsin.

6. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi:

Toshkent shahar hokimligining poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Hamid Olimjon haykalini;

G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom haykalini;

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi yonidagi xiyobonda o‘rnatilgan O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya haykalini Adiblar xiyoboniga ko‘chirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

7. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansamblini barpo etish bo‘yicha, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mazkur qarorning 5-bandida ko‘rsatilgan adiblarning haykallarini yaratish bo‘yicha buyurtmachi etib, shuningdek, “ToshkentboshplanLITI” DUK loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun bosh loyihachi etib belgilansin.

8. O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazsin va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tasdiqlangan loyiha hamda ushbu qarorning 5-bandida ko‘rsatilgan ijodiy tanlov natijalari asosida Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansamblini barpo etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni, shuningdek, moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda qaror qabul qilsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 18-aprel

6 992






Все о погоде - Pogoda.uz