Hujjatlar

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”

29.08.2010 21:28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganligining
o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:

1. Sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlar jazodan ozod qilinsin (ushbu Qarorning 8-bandida ko‘rsatilgan cheklashlarni hisobga olgan holda):

a) ayollar;

b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

v) 60 yoshga to‘lgan erkaklar;

g) chet el fuqarolari.

2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

3. Birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek, ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan deb topilgan shaxslar (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.

4. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o‘talmay qolgan jazo muddati ikki yildan ko‘p bo‘lmagan, hukmi ushbu Qaror e’lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.

5. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

6. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, ushbu Qaror e’lon qilingan kunga o‘talmay qolgan jazo muddati uch yildan ko‘p bo‘lmagan shaxslar manzil-koloniyaga o‘tkazilsin.

7. Ushbu Qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan barcha ishlar tugatilsin.

8. Tatbiq etilmasin:

a) ushbu Qaror – uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan; o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek, o‘lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarga;

b) ushbu Qarorning 1-bandi – o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarga;

v) ushbu Qarorning 1-4, 6 va 7-bandlari – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir qilganligi uchun sudlangan shaxslarga;

g) ushbu Qarorning 4-6-bandlari muqaddam amnistiya tartibida jazodan ozod bo‘lgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga.

9. Senatning tegishli qo‘mita va komissiyalari ushbu amnistiya akti qo‘llanilishi tartib-taomillarida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralik amalga oshirilishida deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta’minlasin.

10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi yuzasidan mas’ullik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.

11. Ushbu Qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov

Toshkent shahri, 2010 yil 28 avgust

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama