Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 12:09 Chop etish versiyasi

Yurtni madh etmoq saodati

1.JPG

– Qizim Mushtariybegimning qo‘lga kiritgan yutuqlarini eshitib, ko‘p quvonganman, ammo davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lgani haqidagi xushxabar meni juda to‘qinlantirib yubordi, – deydi Shahnoza Qurbonova. – O‘sha paytdagi holatimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Hayotimda hech qachon bunday shirin tuyg‘uni his etmaganman.

Mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, imkoniyat va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Turli ko‘rik-tanlov, san’at va sport festivallari o‘tkazilayotir.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun tanlov ham madaniyat, san’at, sport, ta’lim va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha yuzlab yosh iqtidor sohibalarini kashf etdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-martdagi qaroriga muvofiq Farg‘ona davlat universiteti 1-kurs talabasi Mushtariybegim Qurbonova ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari safiga qo‘shildi.

Farg‘ona shahrida tug‘ilgan Mushtariybegim bolaligidan ilmga chanqoqligi, qiziquvchanligi va qat’iyatliligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Turli tadbirlar, bayram va seminarlarda faol o‘quvchi sifatida oldingi saflarda bo‘lardi. Ayniqsa, uning rasm chizishga ishtiyoqi juda kuchli edi. Maktabda o‘qib yurgan chog‘larida turli mavzularda rasmlar chizib, tanlovlarda qatnashdi. Farg‘ona san’at kollejida interer va mebellar dizayneri yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, tasviriy san’at sirlarini o‘rgandi. Bugungi kunda Farg‘ona davlat universiteti pedagogika fakultetining “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” yo‘nalishida tahsil olmoqda.

– Mushtariybegimning kartinalarini kuzatib, unda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonning ichki dunyosi, yaratuvchanlik kayfiyati, betakror tabiatimizning go‘zal manzaralari o‘z aksini topganiga guvoh bo‘lasiz, – deydi Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi Ibrohimjon Yo‘ldoshev. – Asarlar hayotiyligi, zamonaviy va tabiiyligi bilan o‘ziga rom etadi. Ayniqsa, “Mushoira”, “Oila”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Vodilning zilol suvlari”, “Bahor” kabi asarlari mutaxassislar tomonidan yuksak baholangan. Adras matosiga ishlangan miniatyuralari xorijda ham keng e’tirof etilgan.

Yosh iste’dod sohibasi mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. 2016-yili “Yurt kelajagi” festivalining shahar va viloyat bosqichi g‘olibi sifatida diplom bilan taqdirlandi. Shu yili Qozog‘istonning Ostona shahrida “Evro-Osiyo yulduzlari” xalqaro ijodiy loyihasi doirasida o‘tkazilgan II xalqaro “Feyeriya” tanlov-festivalida Gran-prini qo‘lga kiritdi. Xalqaro “Letniy Feyyerverk” tanlovida maxsus sertifikat bilan taqdirlandi. Rossiyaning Qozon shahrida “Salyut, talantov!” loyihasi doirasida o‘tkazilgan bolalar va yoshlar XIV xalqaro “Sliyaniye kultur. Xoreografiya i teatr” nomli ijodiyot festivalida ham diplomga sazovor bo‘ldi.

– Mustaqil yurtimiz yoshlari dunyodagi eng baxtli yoshlardir, – deydi Mushtariybegim. – Bizga o‘qishda, sportda, san’atda, umuman, barcha sohalarda o‘z iste’dodimizni ro‘yobga chiqarish uchun zamonaviy sharoit yaratib berilgan. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh iste’dodli qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yurtimiz qizlariga bildirilgan yuksak ishonch, alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir. Bu mukofot meni doimo ulkan maqsadlar bilan yashashga undaydi.

Darhaqiqat, Mushtariybegimning orzu-intilishlari bir olam. Hozir o‘qish bilan birga, yangi asarlar ustida tinimsiz ishlamoqda. “Shunday go‘zal yurtni asarlarimda ifoda etish mening burchim” deydi u. Mushtariybegimning dilidagi samimiy niyatlari albatta ijobat bo‘ladi. Chunki unda g‘ayrat-shijoat, intilish bor, qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ulari mujassam. Yuz-ko‘zida o‘ziga, ertangi kunga ishonch porlab turibdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
2 366






Все о погоде - Pogoda.uz