Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 21:31 Chop etish versiyasi

Yuksalish yo‘llarida

Yuksalish yo‘llarida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Vladimir Jirnov fotografiya san’atining yetakchi namoyandalaridan. Uning ijodida klassik usulda portretlar, manzaralar, etnografik lavhalar va bayram tantanalaridan tortib, uslublashtirilgan va murakkab konseptual fotografiyalar turkumi hamda loyihalarini gavdalantirish muhim o‘rin egallaydi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida Vladimir Jirnovning muxlislar e’tiboriga havola etilayotgan “Yuksalish” shaxsiy fotoko‘rgazmasida bu yanada yorqinroq namoyon bo‘lgan.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar V.Jirnovning ijodiy faoliyati va hayotning barcha jabhasini aks ettirgan lavhalari fotografiya san’ati ravnaqida munosib o‘rin egallashi hamda shu sohaga kirib kelayotgan yoshlarga ijodiy maktab vazifasini o‘tayotgani xususida so‘z yuritdi.

V.Jirnov 1955-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1978-yili oliy o‘quv yurtini fizika mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomlaydi. U bolaligidan fotograf bo‘lishga qiziqqan edi. Oliy ma’lumotli fizik bo‘lsa-da, uni bu qiziqish tinch qo‘ymadi. Qo‘liga fotoapparat olib yurt kezdi. Hayot va odamlar uning lavhalarida muhrlandi. Shu tariqa fotorassom do‘stlari va muxlislari nazariga tushib, mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilgan tanlovlar sovrindoriga aylandi. "O‘zbekiston tasviriy san’at antologiyasi" va 10 dan ortiq albomlardan uning ijod namunalari joy oldi. Taqdim etilayotgan mazkur ko‘rgazma fotorassomning 1984-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan ijodiy faoliyatini o‘z ichiga olgan.

– Vladimir Jirnov o‘z kasbining mohir ustasi, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi fotosho‘basi raisi R.Sharipov. – Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ishlar muallifning mahorati va o‘z kasbiga bo‘lgan mehridan dalolat berib turibdi. Bu suratlarning har biri bir olam. Ularda san’at, falsafa, hayot aksi, yurtimiz tabiati va odamlarini ko‘ramiz. Bu bizga quvonch va hayrat bag‘ishlaydi.

Ekspozitsiyadagi “O‘g‘lim portreti”, "Sog‘bon ko‘chasi", "Qizaloq portreti", "Ko‘pkari", "Haqiqatga yo‘l", "Osmon va yer", “Boltiqbo‘yi xotiralari”, “Bu hammasi jaz”, “Soyadan nurga parvoz” singari lavhalarda turli texnik va kompozitsion usullarni qo‘llay olgani fotorassomning yuksak mahoratidan darak beradi.

Nasiba Ziyodullayeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
1 583






Все о погоде - Pogoda.uz