Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 16:10 Chop etish versiyasi

Yuksak ma’naviyatli inson ikki dunyo saodatiga erishadi

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ma’naviy tiklanish va yangilanish islohotlarini ulug‘ ajdodlarimizning muborak nomi, boy merosi va xotirasini abadiylashtirish asosiga qurib, xalqimizning g‘ururini tiklagan, ertangi kunga ishonchini uyg‘otgan, odamlarni yangi marralarga ruhlantirgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 14-fevraldagi «Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ana shunday ulug‘ ishlar silsilasining yangi bosqichi sifatida tarixiy ahamiyatga ega. O‘zA muxbirining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov bilan suhbati mazkur xalqaro tashkilotning maqsad-vazifalari, buyuk muhaddis vatandoshimiz merosining bashariyat tamaddunidagi o‘rni va bugungi murakkab globallashuv sharoitida inson tarbiyasidagi ahamiyati haqida bo‘ldi.

– Muqaddas zaminimiz azaldan ulug‘ allomalarga beshik bo‘lgan, bu aziz zotlarning insoniyat tamadduni, ayniqsa, islom dini va madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini jahon jamoatchiligi yaxshi biladi, tan oladi, – deydi U.Uvatov. – Davlatimiz rahbarining shu yil 14-fevraldagi qarori bilan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashdek ulug‘ maqsadlarga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 11-oktabrda Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. Mutasaddilar, quruvchilar, olimlar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari bunda bir necha masalani kun tartibiga qo‘ydi. Avvalo, ushbu ziyoratgohning bugungi holati buyuk muhaddis Imom Termiziyning yuksak maqomiga mos emasligini, shu bois bu yerda tubdan ta’mirlash ishlarini bajarish hamda zamonaviy yaxlit yodgorlik majmuasi barpo etish lozimligini ta’kidladi.

Prezidentimiz shu yil 10-fevralda Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida yana mazkur ziyoratgohdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, majmuani obod maskanga aylantirish, ziyoratchilarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Sobiq tuzum davrida islom diniga bo‘lgan salbiy munosabatlarni eslasa, odamning eti uvishadi: masjidu madrasalarimiz, ulug‘ allomalarimiz mangu qo‘nim topgan ziyoratgohlar xarob ahvolda edi, islom dinidan faqat soxtadan soxta xurofiy ma’nolar izlanardi. Yillar davomida dahriylik safsatasi bilan xalqimizning bosh-ko‘zini aylantirishga urinishlar bo‘lgani hali unutilgani yo‘q.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov jasorati bilan 1990-yili mamlakatimizda Abu Iso Muhammad at-Termiziy tavalludining 1200-yilligi keng nishonlangani, Toshkentda «Imom at-Termiziy merosi va hozirgi zamon» mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazilgani tarixiy voqea bo‘lgan. Eng muhimi, sobiq tuzum rahbarlarining qarshiligiga qaramay Islom Karimov mazkur xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘llagani xalqimizning ruhini ko‘targan, g‘ururini tiklashga xizmat qilgan.

– Abu Iso Muhammad at-Termiziy buyuk muhaddislardan biri. Ul zot qanday yuksak fazilatlar evaziga bu ulug‘ darajaga musharraf bo‘lgan?

– Hadis – so‘zlashuv va xabar berish ma’nosida kelgan naql bo‘lib, istiloh sifatida payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning so‘zlari, fe’llari yoxud biror masaladagi ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlarini anglatadi. Hadisshunoslik VIII asrning ikkinchi yarmidan XI asr o‘rtalariga qadar asosiy ilm bo‘lgan. IX asr hadis ilmining oltin davri sanaladi. Bu davrda yuzlab muhaddislar orasida eng yuqori martabaga erishgan olti ulug‘ imom eng mashhur, ishonchli va mo‘tabar hadis kitoblarini yozgan. Bu asarlar Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manbalardir. Bizga g‘urur baxsh etadigani mazkur «kutubi sitta», ya’ni eng sahih (eng to‘g‘ri, haqqoniy) olti hadis kitoblarining ikki musannifi buyuk vatandoshlarimiz Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziydir.

Imom at-Termiziy hozirgi Sherobod tumanidagi Bug‘ qishlog‘ida milodiy 824-yilda dunyoga kelib, 892-yilda vafot etgan. Ul zot Termiz, Samarqand, Marv va Xurosonda ta’lim olgach, 26 yoshida uzoq yurtlarga ilm istab yo‘lga tushadi. Yigirma yillik ilmiy safarda Bag‘dod, Basra, Kufa, Makka, Madina kabi shaharlarda bo‘lib, ko‘plab muhaddisu ulamolar bilan suhbatda bo‘ladi. Biror roviydan hadis eshitsa, uning asli, roviylari va dalilini sinchiklab o‘rganib, qayta-qayta obdon tekshiradi.

Bir tasavvur qilaylik: payg‘ambarimiz (s.a.v) yashagan davrdan ikki yarim asr o‘tgan, Rasuli akramning so‘zlari hali kitob ko‘rinishida emas, roviydan roviyga og‘zaki o‘tib yurgan paytda hadislarni yig‘ish, saralash, tahlil qilish, asl va to‘qimalarni ajratish – bularga shunchaki iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. Manbalarda Termiziyning quvvai hofizasi shu qadar kuchli bo‘lganidan minglab hadislarni so‘zma-so‘z yod olgani haqida ma’lumotlar ko‘p. Sharqning yetuk allomalaridan Abdulkarim as-Sam’oniy «Imom Termiziyning hadislarni yodda saqlashi va aniq bilishi borasida odamlar orasida zarbulmasallar tarqalib ketgandi», deb yozsa, Ibn al-Imod al-Hanbaliy «Hadis ilmida o‘z tengqurlaridan batamom ustun, hadislarni hifzi (yodda saqlash)da va ularni har tomonlama mukammal bilishda ayni bir mo‘jiza edi», deb e’tirof etadi.

864-yilda Nishopur shahrida tarixiy bir voqea yuz beradi: qirq yillik xorij safarlaridan yurtiga qaytayotgan Imom Buxoriy va Nishopurdagi olti ulug‘ muhaddisning yana biri – Imom Muslim safiga Imom Termiziy ham qo‘shiladi. Uch buyuk muhaddisning bu tarixiy uchrashuvi, ma’naviy quvvatlarning birlashuvi, mana, o‘n ikki asrdan buyon islom olami uchun eng ishonchli manbalar sifatida ezgulikka va inson kamolotiga xizmat qilayotgan sahih hadislar to‘plamlarining yaralishida beqiyos omil bo‘lgan.

Abu Iso at-Termiziy Imom Buxoriyga ham shogird, ham safdosh bo‘lib, yanada kamol topadi. Bir necha yillik samarali ilmiy hamkorlik, avvalo, ularning o‘ziga, qolaversa, xalqimizga, islom olamiga, umuman, butun insoniyatga foydali bo‘ldi. Imom al-Buxoriy shogirdining mukammal ilmi, ma’naviy salohiyati va boshqa ko‘plab fazilatlariga shunday yuksak baho bergan: «Men Sizdan ko‘rgan foyda Siz mendan ko‘rgan foydadan ko‘proqdir». O‘z navbatida Imom at-Termiziy ham bir umr ustoziga juda yuksak hurmat va sadoqatda yashab o‘tgan. Ayrim manbalarda keltirilishicha, u aynan buyuk ustozi vafotidan so‘ng juda og‘ir g‘am-qayg‘u va iztiroblar tufayli ko‘z nurlaridan ayrilgan.

– Ulug‘ vatandoshimizning islom dini va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi?

– Imom al-Buxoriy faqat sahih hadislarni o‘z asarlariga kiritgan bo‘lsa, uning shogirdi Imom at-Termiziy islom olamida ilk bora hadislarning darajalarini belgilagan: ularni sahih (eng to‘g‘ri), hasan (ma’qul), zaif (ishonchsiz), g‘arib (g‘alati) kabi turlarga ajratgan. O‘z navbatida ularning har birida turli tabaqalarni belgilagan...

Imom at-Termiziy bunda ustozi izidan borib, uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Eng haqqoniy, sahih hadislar bilan birga, insonlarga fikr beradigan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, turli masalalarda yechim topishga yordam bo‘ladigan hadis va rivoyatlarni ham avlodlarga meros qoldirdi. Bu ham ul zotning inson kamoloti yo‘lida aqida chegaralarini kengroq belgilagani ifodasidir.

Imom at-Termiziy islom olamida ilk bora qiyosiy qonunshunoslikka asos solgan. Fiqh masalalarini qiyosiy o‘rgangan. Ulug‘ allomaning yana bir xizmati hadis illatlarini (roviyda yoki matnda biror so‘z yo o‘zgartirish qo‘shilib qolgan-qolmaganini) chuqur o‘rganib, bu borada alohida kitoblar yozganidir.

Abu Iso Termiziy o‘ndan ortiq asar yaratgan. Ular orasida eng mashhuri – «Sunani Termiziy» («Sahihi Termiziy») kitobi. Bu boshqa hadislar to‘plamlari orasida tartibi eng ixcham, takrori eng oz asardir. Imom Termiziy boshqa ulug‘ muhaddislardan farqli ravishda har bir bobning hadisini zikr qilgach, xuddi shu bobga tegishli hadis rivoyat qilgan sahobai kiromlarning ismlarini sanab o‘tgan. Fiqh masalalarida faqihlarning fikr-qarashlarini ko‘p zikr qilgan, dalillarga ishorat etib, xuddi o‘sha masalada bir-biriga zid hadislarni sharhlagan. Har bir hadisning sihhat-sog‘lomlik va zaiflik darajasini aniqlab, hadisning illatlari, roviylar haqida batafsil izohlar bergan.

At-Termiziyning «Ash-Shamoil an-nabaviyya» asarining ona tilimizda nashr qilinishi ham Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liq: 1992-yili Birinchi Prezidentimizning Saudiya Arabistoniga ilk rasmiy tashrifida Saudiya Arabistoni Qiroli yuksak hurmat ifodasi sifatida ka’bapo‘shdan katta bir qit’ani, ulug‘ allomalarimizning qator asarlari nusxalarini sovg‘a qilgan. Ular orasida Imom at-Termiziyning «Ash-Shamoil an-nabaviyya» asari ham bor edi.

Mazkur kitob zudlik bilan o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr qilingan. Bu asar payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning suvratlari va siyratlari, fazilat va odatlariga doir 408 hadisi sharifdan iborat g‘oyat qimmatli manbadir.

– Markazning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

– Adliya vazirligi shu yil 14-mart kuni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ayni paytda Termiz shahrida tashkilot binosi qad rostlamoqda, tegishli mutaxassislikdagi kadrlardan jamoa shakllantirilmoqda.

Prezidentimiz qarorida belgilaganidek, markazda islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyati, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslari, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosi har tomonlama chuqur o‘rganiladi, keng targ‘ib etiladi. Bu borada yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan yozma manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bugun mamlakatimizdan tashqari Birlashgan Arab Amirligi, Saudiya Arabistoni, Misr, Eron, Turkiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Germaniya va boshqa davlatlardagi fond va kutubxonalarda Imom Termiziy va termiziy allomalarning ko‘plab asarlari qo‘lyozma va toshbosma nusxalarda saqlanmoqda. Ularni izlab topish, tizimli o‘rganish, elektron nusxalarini mamlakatimizga keltirish, o‘zbek tiliga o‘girib, nashr qilish vaqti kelgan. Bu borada ilmiy-tadqiqot va ekspeditsiya ishlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

2016-yil oktabrda Toshkent shahrida «Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» mavzuida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tgani ham bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ushbu anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu g‘oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohangdir.

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. Chunki ta’lim va ma’rifat insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘sha sessiyada «inson ma’naviy olami, xalqlar madaniyatini belgilaydigan manbalarni asrab-avaylash va boyitish bugungi kunda har qachongidan ham muhim» ekanini qat’iy ta’kidladi: «Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom – haqiqatni anglash demakdir, u odamzotni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi».

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalaridan biri turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni, ilm-fanga va ta’lim olishga intilish tuyg‘usini yanada kuchaytirishdan iborat. Bu insonlarning islom qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglashi, turli aqida masalalarida yo‘ldan ozmasligida ham katta ahamiyatga ega.

Abu Iso Muhammad Termiziy hazratlari «otaning o‘z farzandiga bergan tarbiyasi katta miqdorda pul sadaqa qilganidan ko‘ra ham avloroqdir», deb ta’kidlagan. Darhaqiqat, bugun yot oqimlarga kirib, adashib qolayotganlar kimlar? Avvalo, oilasida yetarlicha tarbiya ko‘rmagan kimsalardir.

Buyuk muhaddis bobomiz o‘z asarlarida hamisha inson bu hayotning qadriga yetib, o‘lchab berilgan umrini ezgu ishlarga sarflashini uqtiradi, insonga axloq, did, e’tiqod, tasavvur va tafakkurning eng ezgu g‘oyalaridan saboq beradi. Yoshlarimiz ulug‘ allomalarimizning ana shu boqiy merosini chuqur o‘rgansa, har qanday vaziyat va sharoitda ham yuksak ma’naviyatga tayansa, ikki dunyo saodatiga erishadi. Zotan, o‘z qarashlari va mezonlariga ega, yo‘li oydin, manzili yorug‘ xalq karvonini hech qanday kuch chalg‘itolmaydi.

Umid Yoqubov, O‘zA
2 576






Все о погоде - Pogoda.uz