Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 17:40 Chop etish versiyasi

"Yoshlik bahori" – iste’dodlar ko‘rigi

"Yoshlik bahori" – iste’dodlar ko‘rigi O‘zbekiston davlat konservatoriyasida "Yoshlik bahori" yosh opera ijrochilarining ko‘rik-festivali boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil qilgan mazkur ijodiy loyihada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh opera ijrochilari ishtirok etmoqda.

Yosh iste’dodlarni aniqlash, ularni yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari ruhlantirish, san’atga mehr qo‘ygan yigit-qizlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda alohida o‘rin egallaydi.

Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rik-festival opera san’atiga qiziqqan yoshlar uchun chinakam ijod va izlanish maktabiga aylandi.

– Ko‘rik-festival iqtidorli yoshlarni aniqlash, ulardagi ijodiy intilishlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlarning badiiy didi va ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi hakamlar hay’ati raisi, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov. – Ayni paytda mazkur ijodiy loyiha mamlakatimiz yoshlarining san’atga bo‘lgan mehrini, qiziqishi va ijodiy faolligini oshirish, iste’dodini rag‘batlantirishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagan.

Ko‘rik-festivalda 18-32 yoshli 90 nafar opera ijrochisi qatnashmoqda. Ishtirokchining ijro dasturi, jo‘ravoz bilan birgalikda ishlash mahorati, musiqiy asar mohiyatini tinglovchiga yetkaza olishiga asosiy e’tibor qaratiladi. Qatnashchilar mamlakatimiz va jahon kompozitorlari operalaridan ariyalar yoki kamer vokal asarlaridan namunalar ijro etishi talab etilmoqda.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
2 554






Все о погоде - Pogoda.uz