Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 15:12 Chop etish versiyasi

Yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmasi – “Orzular qanotida”

Yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmasi – “Orzular qanotida” Bu olamning ta’rif-tavsifi ijodkorlikda yanada aniq namoyon bo‘ladi. Bastakor yaratgan kuyida, qo‘shiqchi ijrosida, yozuvchi asarida, olim yangiligida uning kuchu qudratini his etadi. Musavvirlikda u butunlay falsafiy ko‘rinish kasb etib, bu tuyg‘u ranglarga ko‘chib jilolanaveradi...

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dastgoh va kitob grafikasi fakultetining to‘rtinchi kursida tahsil olayotgan yosh rassomlar Madina Yusupova, Yunus Farmonov, Shahnoza Qosimova, Dilafro‘z Isoqova, Kamola Ro‘ziyeva, Dinara Umarova, Zulfiya Nazirova, Sevara O‘tkirova, Ra’no Mametova chizgan kartinalarda orzular tasviri shunchalik maromiga yetganini ko‘rib, uning cheksiz, chegarasiz ekaniga ishonmoqdan o‘zga iloj qolmaydi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab yosh iste’dod egalari muallifligida tashkil etilgan “Orzular qanotida” ko‘rgazmasiga kelgan ishtirokchilarning ko‘nglidan shunday o‘y kechadi.

Xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori F.Usmonov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuksak samara berayotganini ta’kidladi.

Institutda talabalarga san’atning eng noyob turlaridan saboq beriladi. Grafikaning ofort, litografiya, linogravyura, shinkale kabi usullari shular jumlasidan. Taniqli mo‘yqalam sohibi Narimon Sharipov bu yo‘nalishda ijod qilib, talabalarga uning siri va texnikasini o‘rgatib kelmoqda. Mazkur ko‘rgazmada ishtirok etayotgan yosh ijodkorlar ustozi o‘rgatgan bu murakkab san’at turini puxta o‘zlashtirib kelayotir.

– Ekspozitsiyadagi “Navoiy g‘azallariga illyustratsiyalar”, “Bobur ruboiylari turkumidan”, “Dilorom”, “Labirint egasi”, “Aql o‘yinlari”, “Chorbog‘ chig‘onoqlari”, “Toshlardan yaralgan tabiat”, “Lirika” kabi suratlarda professional ijodkorlikni ko‘rganday bo‘lasiz, – deydi rangtasvirchi rassom A.Kalonov. – Ularning qaysidir jihati maromiga yetmagan bo‘lishi mumkin, lekin bu talabalar ijod mahsulidir. Shu ma’noda yoshlarning izlanishi, o‘z ishiga astoydil mehr qo‘ygani va orzu-istaklarini san’atsevarlarga ulashgani quvonarlidir.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan D.Isoqovaning “Hijron”, “Kuz oqshomi”, K.Ro‘ziyevaning “Yoz”, “O‘yin”, R.Mametovaning “Suv parisi”, “Yurak holati”, Yu.Farmonovning “Illyustratsiya”, “Etyud”, M.Yusupovaning “Zavod”, Sh.Qosimovaning “Toshkent”, “Farg‘onalik kelin”, S.O‘tkirovaning “Natyurmort”, Z.Nazirovaning “Yapon dostoniga illyustratsiya”, D.Umarovaning “Saddi Iskandariy” kabi asarlarini muxlislar katta qiziqish bilan tomosha qilayotir.

Nasiba Ziyodullayeva, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
523






Все о погоде - Pogoda.uz