O‘zA O`zbek

11.05.2019 19:24 Chop etish versiyasi

Yosh dramaturglarning pyesalari respublikamizdagi teatrlarda namoyish etiladi

Yosh dramaturglarning pyesalari respublikamizdagi teatrlarda namoyish etiladi

Avval xabar berganimizdek, Respublika yosh ijodkorlari kengashi tomonidan Xiva shahrida “Oʻzbekiston bahori” II respublika anʼanaviy ijod festivali davom etmoqda.

Respublika yosh ijodkorlari kengashi 2017 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida Kengash faoliyati haqida turli fikrlar bildirildi, bildirilmoqda. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, bu sohaning ishiga vaqt bilan baho berib boʻlmaydi. Agarda ular arxitektor boʻlganida edi, amalga oshirgan ishi tezda koʻzga tashlangan boʻlardi. Ijod sohasining natijasini koʻrsatish uchun bir necha yillar kerak. Kengash tashabbusi bilan oʻtgan qisqa vaqt davomida toʻrt loyiha amalga oshirildi. Masalan, “Samarqand sheʼr oqshomlari” loyihasi turkiy tilda soʻzlashuvchi yosh ijodkorlar oʻrtasidagi hamkorlikni boshlab berdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ular Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan kelib, yurtimiz yoshlari bilan mustahkam doʻstlik aloqalarini bogʻladi. Bugungi kunda ham oʻzaro hamkorlikdagi ishlar davom etmoqda.

photo_2019-05-11_19-15-59.jpg

Kuni kecha “Nurillaboy” madaniyat va istirohat bogʻida tanishuv, adabiy mushoira hamda ishtirokchilar bilan suhbatlar uyushtirildi. Bugun esa Xorazm Maʼmun akademiyasida 6 ta yoʻnalish nasr, nazm, dramaturgiya, jurnalistika, tasviriy sanʼat va fotografiya boʻyicha davra suhbati tashkil etildi. Suhbatdan soʻng mahorat darslari boʻlib oʻtdi. Mahorat darslarining 4 yoʻnalishi Maʼmun akademiyasida qolgan ikkitasi esa Xiva Ichan qalʼa muzeyida tashkil etildi. Soʻng ijodkorlar belgilangan joylarda ijodiy ishlari boʻyicha fikr almashdi. Ishchi guruh esa yoshlarning ijodiy ishlarini tahlil qildi.

photo_2019-05-11_19-16-03.jpg

– Kimdir oʻz isteʼdodini rasm chizish, boshqasi sheʼr yozish orqali ifodalar, ammo ularni ijodkorlik tushunchasi birlashtirib turadi, – deydi Respublika yosh ijodkorlari kengashi raisi Mehrinoz Abbosova. – Ilgari turli sohadagi ijodkorlar oʻzaro hamkorlikda ishlagan. Kimningdir chizgan suratidan taʼsirlanib sheʼr yozish yoki biror bir badiiy asardan toʻlqinlanib surat chizish mumkin. Ammo orada ijodkorlar oʻrtasidagi hamkorlik, hamjihatlik uzilib qolgan edi. Yoshlar orasida rassom shoirni, shoir rassomni tanimaydigan darajaga keldi. Ular oʻrtasida ijodiy koʻprik kerak, degan maqsadda “Oʻzbekiston bahori” ijod festivali tashkil etildi. Festival birinchi marta Shahrisabzda oʻtkazilgan edi. Unda qatnashgan ijodkorlarning alohida kitoblari chop etildi. Rassomlar, fotograflarning alohida koʻrgazmalari tashkil etildi. 6 yoʻnalishdagi ijodkorlarning almanaxi 10 ming nusxada chop etildi. Bu yil ham festival ishtirokchilari kitoblari chop etiladi. Xorij davlatlarida oʻtkaziladigan ijodiy forum yoki koʻrgazmalarda qatnashishida koʻmaklashamiz. Bundan tashqari, Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi bilan hamkorlikda yosh dramaturglarning pyesalarini respublikamizdagi teatrlarda namoyish etish, ularga yaxshi gonorar toʻlashni rejalashtiryapmiz.

photo_2019-05-11_19-16-06.jpg

Festival 13 mayga qadar davom etadi.

Xurshid Qodirov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA
3 699