Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 13:04 Chop etish versiyasi

Yangi galereyada ilk ko‘rgazma

Yangi galereyada ilk ko‘rgazma Namangan shahrida foydalanishga topshirilgan Tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalar saroyi zali o‘z faoliyatini viloyat ijodkorlarining “O‘zbekiston – ozod va betakror diyor” nomli badiiy asarlar ko‘rgazmasi bilan boshladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, rassomlar, haykaltaroshlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, ijodkor va hunarmand-ustalar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, iste’dodli yoshlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

– XIX asrda barpo etilgan mazkur me’moriy obidaning Tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmalar saroyi sifatida bo‘limimiz tasarrufiga berilgani mamlakatimizda bu sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Komiljon Qambarov. – Obidani ta’mirlashga 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Uning me’moriy qiyofasiga soya tashlab turgan imoratlar o‘rnida ko‘rkam xiyobon barpo etildi. Bu yerda turli ko‘rgazmalar tashkil etish, ularda nafaqat mahalliy, balki mamlakatimiz va xorijlik ijodkorlarning asarlarini namoyish etish imkoniyati yaratildi. Bu tasviriy va amaliy san’at bilan bir qatorda viloyatimiz sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Yangi galereyada tashkil etilgan ilk ko‘rgazmada Erkin Azizov, Abdumajid Husainov, Muhammadjon Tojimirzayev, Ravshan Yo‘ldoshev kabi musavvir, haykaltarosh va amaliy san’at vakillarining 200 dan ziyod ijodiy ishi namoyish etildi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
2 474






Все о погоде - Pogoda.uz