Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.02.2018 16:37 Chop etish versiyasi

Xalqaro ona tili kuniga bag‘ishlandi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xalqaro ona tili kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, tilshunos olimlar, san’at va madaniyat namoyandalari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Xalqaro ona tili kuni YuNESKO tashabbusi bilan ko‘p yillardan buyon turli tillar va xalqlar madaniyatini muhofaza qilish maqsadida nishonlab kelinadi. Tadbirda ushbu sananing paydo bo‘lishi bilan bog‘liq tarixiy voqealar, uning mohiyati va dunyoda tinchlikni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida YuNESKOning «Insoniyat tarixi» nomli 8 jildlik ensiklopediyasi taqdimoti bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ensiklopediyani tayyorlashga ilm-fanning barcha sohalaridan to‘rt yuzdan ortiq taniqli olim va mutaxassis jalb etilgan.

Tadbir doirasida xalqaro ona tiliga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham ochildi. Unda ona tiliga e’tibor va chet tillarni o‘rganishni targ‘ib etishga bag‘ishlangan kitoblar namoyish etildi. Jumladan, ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys, ispan, arab, chex, turk, italyan, portugal va shved tilidagi o‘quv qo‘llanmalari, risolalar, lug‘at, disk, audio va videokassetalar namoyish etildi.

Tadbir turli xalqlar ijrosidagi raqs, kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlari bilan yakunlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
5 373