Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 20:01 Chop etish versiyasi

Uvaysiy nomidagi mahalla vakillari Uvaysiy yurtida

Uvaysiy nomidagi mahalla vakillari Uvaysiy yurtida Poytaxtimizning Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahallaning bir guruh faollari Farg‘ona viloyatida bo‘lib, Marg‘ilon shahridagi shoiraning uy-muzeyi va viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi.

Mamlakatimizda adabiyotimizni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy merosini asrab-avaylash, targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy merosimizni o‘rganish, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning asarlarini targ‘ib etish orqali kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarning mutolaaga qiziqishini oshirish borasidagi ibratli tashabbus xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Prezidentimiz joriy yil 25-mart kuni Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, bu yerda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishish chog‘ida kitobxonlik, Uvaysiy ijodiy merosini o‘rganish borasida ham o‘z tavsiya va takliflarini bildirdi.

Mazkur tadbir ushbu mahalla ahlini shoira yashagan Marg‘ilon shahri, bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, Uvaysiyning ijodiy merosi bilan yanada yaqindan tanishtirish hamda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.

Shoiraning uy-muzeyida farg‘onalik shoir-yozuvchilar, olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy kengashi raisi Sh.Jalilov, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida adabiyotimiz rivojiga, aholi o‘rtasida kitobxonlikni oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

– Mahallamiz faollari bilan Uvaysiyning uy-muzeyida bo‘lib, shoiraning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishar ekanmiz, qalbimiz g‘ururga to‘ldi, – deydi poytaxtimizning Uvaysiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilshodbek Mahbubov. – Shoira ijodidan o‘qilgan namunalar barchamizga ajib tuyg‘ular baxsh etdi.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Marg‘ilon shahrining 2000-yilligini nishonlash arafasida Uvaysiy uy-muzeyi qayta ta’mirdan chiqarildi. Mazkur maskan doimo ijod ahli, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar, xorijlik sayyohlar bilan gavjum. 17-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Jahon otin Uvaysiy” adabiy to‘garagi ko‘plab iste’dodli yoshlar uchun ijod maktabi vazifasini o‘tamoqda. O‘tgan yillarda to‘garak a’zolari Dilfuza Sodiqova, Nargiza Oxunova, Nilufar Abdug‘aniyeva, Dilnavoz Qo‘ldosheva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

– Prezidentimiz rahnamoligida kitob mutolaasi va kitobxonlikka qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlar kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dilnavoz Qo‘ldosheva. – Uvaysiy kabi ijodkorlarning boy adabiy merosini o‘rganish biz, yoshlar uchun juda muhim. Uvaysiy 4 devon tuzgan. Lekin bu devonlarning asl nusxasi hozircha topilmagan. Shoira mumtoz o‘zbek she’riyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Shoiraning adabiy merosi 269 g‘azal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba’, 1 chiston, 3 doston, tugallanmagan bir manzumadan iborat. Ijodining g‘oyaviy mavzu doirasi teran va ko‘p qirrali.

Mehmonlar Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarining diqqatga sazovor joylariga ham sayohat qildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
4 809






Все о погоде - Pogoda.uz