Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 13:09 Chop etish versiyasi

Ulug‘ siymolar yodi

Ulug‘ siymolar yodi O‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligi rivojida O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiyning xizmatlari beqiyos. U iste’dodli xonanda va mohir sozanda sifatida elga tanilgan. «Girya», «Ushshoq», «Ko‘cha bog‘i», «Eshvoy», «Qalandariy», «Gulyor-Shahnoz», «Bayot», «Dugohi Husayniy», «Chorgoh», «Miskin», «Nasrulloyi» kabi ashulalar va kuylarni maromiga yetkazib ijro etgan.

Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy o‘zbek musiqali dramasining shakllanishiga ham hissa qo‘shgan. «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Avaz» kabi ko‘plab spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan. Ayniqsa, uning o‘zbek musiqa merosi namunalarini to‘plashdagi xizmati katta e’tiborga loyiq. 1935-yildan xalq kuyi va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Yunus Rajabiy 5 jildli «O‘zbek xalq musiqasi», «Shashmaqom»ning 6 jildli yangi nashri hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini tayyorlagan ulkan san’atkordir.

Poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida bo‘lib o‘tgan xotira kechasida «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Yunus Rajabiyning xalqimizga va kelajak avlodlarga qoldirgan ulug‘ va ezgu ishlari, ijodi yodga olindi.

O‘zbekiston xalq artisti A.Ismoilov, O‘zbekiston xalq hofizi H.Rajabiy va boshqalar Yunus Rajabiyning hayot yo‘li, ijodiy va ilmiy faoliyati madaniyatimiz va san’atimiz rivojida munosib o‘rin egallab, u kishi qoldirgan o‘lmas musiqiy asarlar xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

– Bugun ijro etilgan kuy va qo‘shiqlarda Yunus Rajabiyni ko‘rganday bo‘ldim, – deydi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘qituvchisi Q.Sayitov. – Xayolimda u yaratgan «O‘zbekiston», «Yangrasin gulyor», «Dugonalar», «Koshki», «Gul sochar», «Judo», «Ra’nolanmasun», «Chapandoz», «Kuygay» kabi qo‘shiq va ashulalar, «O‘yin bayoti», «O‘yin dugohi» kabi kuylar jaranglab turdi. Xalqimiz o‘zining ulug‘ siymolarini hech qachon unutmaydi. Ularning ijodiy merosi har birimiz uchun qadrli va ardoqlidir.

Tadbirda Yunus Rajabiy nomidagi maqomchilar ansambli atoqli san’atkor yaratgan kuy va qo‘shiqlardan jamlangan konsert dasturini namoyish etdi.

Nasiba Ziyodullayeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
223






Все о погоде - Pogoda.uz