Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2018 13:56 Chop etish versiyasi

Uch she’r sharhi

Qutlov o‘rnida

XPI_9364.JPGAtoqli shoirimiz O‘tkir Rahmat qutlug‘ yosh bo‘sag‘asiga yetib kelguncha ko‘p qirrali mehnat faoliyatini sidqidildan ado etib, mo‘jizakor she’riyat olamida ham yuksak iste’dodini namoyon qila oldi. O‘nlab she’riy majmualarini nashr ettirdi. Uning kitoblariga kirgan she’rlarida o‘ziga xos yo‘li, betakror so‘zi va ovozi borligi o‘quvchi ko‘nglini rom etadi. Tomchida quyosh aks etgani kabi men ramziy ma’noda uning uch she’ri misolida tiniq tuyg‘ularga limmolim she’riyati haqida ikki og‘iz so‘z aytmoqqa jazm etdim.

“Vatan” deb ataluvchi she’rida shoir bor vujudi bilan ona yurtga mehru muhabbatini, sevgisini samimiy satrlarda tarannum etadi. Odam bolasi uchun kindik qoni to‘kilgan Vatan tuprog‘i qanchalar aziz va mo‘tabar ekanligi haqida dunyodagi shoir zoti borki, to‘lib-toshib madh etgan, she’r yozgan, qo‘shiq kuylagan. Hammaniki har xil ma’no bilan sug‘orilgan, yurak tafti bilan sayqallangan. Lekin, hanuz bu mavzu barcha nashrlar uchun yangi, hech qachon o‘zining to‘la ta’rif-tavsifini topmagan, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Katta shoirimiz O‘tkir Rahmat ona Vatanga nistaban: “Agar sen bo‘lmasang menga ne hayot, Ming parcha-parchadir bu jon, bu tanim!”, deya vatanparvarlik g‘oyasini o‘zgacha bir fidoyilik bilan ifoda etadi. Vatan, ona buyuk, muqaddas! Shoir ijodida ona obrazi yaqqol ko‘zga ko‘rinadi. Arman shoiri Avetik Isaakyanning “Ona yuragi” she’rini kim ham bilmaydi, deysiz. Bu she’rning dovrug‘i butun dunyoga ma’lum. Avetik Isaakyan yozishlarida: “Men butun ijodimni onamga bag‘ishladim”, deb alohida uqtirgan edi. Bizning dilga yaqin suyukli shoirimiz O‘tkir Rahmat ham ko‘pgina she’rlarini onaga, Vatanga bag‘ishlagan. U mustaqil ona Vatan kuychisiga aylangan.

Shoir tabiat oshig‘i. Nabotot olamining sevguvchi bir yurak. Uning “Manzara” she’ri fikrimizni dalili bo‘la oladi. Shoir so‘z bilan jonli tabiat manzaralarini go‘yo nafis bo‘yoqlar bilan diltortar qilib chizadi. Dunyo go‘zal, sehru sinoatga boy, yeru osmon go‘zalligida ulug‘ Olloh qudrati bor. Porloq quyosh, to‘lin oy, charaqlagan yulduzlar, mo‘jizakor sayyoramiz alomatlari shoir tafakkurida mujassamdir. O‘tkir Rahmat ushbu she’rida o‘ta nafis bir holatni tasvir etadi:

Etaklarin yelpitib,
Nozlanar mayin sabo.
Jiyda guli atrini
Sepib olgan dilrabo!
Ko‘tarolmas boshini,
Sehrlangan majnuntol.
Soy qo‘ynida yalang‘och
Cho‘miladi oy behol.

Shoirning “Sevinch” she’ri hamisha navqiron, har doim yosh ishqu muhabbat haqida. Tatar shoiri Xodi To‘xtash sevgini shunday ta’riflagan edi: “Muhabbat, ul eski narsa, lekin uni har bir yurak yanglaydi”. O‘tkir Rahmat shoirni otashin shoir qilgan chinakam ishq mavzusida kishi ko‘nglini tebratadigan bir qancha she’rlar ijod qildi. Unda vafo va javo, sadoqat va hiyonat o‘zaro jangga kirishadi. Shoir she’rlarida vafo va sadoqat doimo g‘olib keladi. U chin insoniy fazilatga, mustahkam iymonga aylanadi. Oshiq o‘zini quyidagi holatda ekanligini aytadi:

Sutday oqshom qo‘ynida,
Vasling umidida zor,
Seni intiq kutarman
Sahargacha men bedor,

deb zorlanadi va ma’shuqaga uqtiradi:

Oqmoqda-ku umrimiz,
Bu tinimsiz soydayin.
Qo‘shiqlari turfa xil,
Nola qilar naydayin.

She’rning yakunida lirik siymo sevgilisiga e’tiroz bilan iltijo qiladi, oxirida pushaymon bo‘lmaslikka chaqiradi:

G‘aflatda qolib bir kun,
Izlab dema:-Qaydasiz?!
Umr o‘tib ketgan so‘ng,
Bilsang, bari foydasiz!

Do‘stimiz, ajoyib shoir O‘tkir Rahmat ayni paytda yetarli hayotiy tajribaga erishib, donishmandlik rutbasini boshidan kechirmoqda.

Nurlangan qalami qaynoq qalbidan otilib chiqayotgan pokiza tuyg‘ularini oq qog‘oz yuzasida muhrlamoqda. Misli ko‘rilmagan milliy mustaqillik sharofati bois hayotimiz kundan-kunga yuz ochib, ozod va obod Vatanimiz abadiylik sari dunyo bo‘ylab shahdam bormoqda. Mehnatkash va zaxmatkash, xalqparvar, ma’naviyat va ma’rifatparvar, muhtaram yurtboshimiz aytganidek, dunyo havas qiladigan adabiyotimiz ham, san’atimiz ham albatta bo‘ladi. Erkin xalq turmushi, jo‘shqin hayot go‘zalliklari bugungi zamondosh shoirlarni katta ijod maydoniga chorlar ekan, do‘stim, yirik shoir O‘tkir Rahmat haqidagi so‘zimni ulug‘ piru komilimiz, ilohiy ilhom sohibi, Mir Alisher Navoiyning quyidagi naqli bilan tamomladim:

Lutfu tarovat nechakim gulda ko‘p,
Hasratdan g‘ulg‘ula bulbulda ko‘p.

To‘lan Nizom,
O‘zbekiston xalq shoiri.


4 147