O‘zA O`zbek

05.10.2019 Chop etish versiyasi

Tilga xiyonatni kechirmaydi dil...

Tilga xiyonatni kechirmaydi dil...

ONA TILIM

Manim oftoblarim, manim oylarim,

Toshbitigim – Oʻrxun-Enasoylarim.

Faqat yuragimga ayon oʻronim*,

Ona tilim – jonim Oʻzbekistonim.

Bu jahon ichinda bir jahon tilim,

Otajon tilimdir, onajon tilim.

Olis-olislardan kelgan dardlarim,

Mahmud Qoshgʻariydan meros xatlarim.

Olam aro mening shajaram, koʻrkim,

Ildizim – “Devoni lugʻotit turk”im.

Ruhim eshigini kelgaydir ochib,

Oʻn asr naridan Yusuf Xos Xojib.

Soʻzlar ganji birlan toʻqdir iligim,

“Qutadgʻu bilig”dir qutlugʻ biligim.

Ne uchun toliblar boʻlmasin zakiy,

Oʻzi til oʻrgatsa Ahmad Yugnakiy.

Haqning tuhfasiga tomm loyiqdir ul,

Anglasang, “Hibat ul haqoyiq”dir ul.

Paygʻambar hadisi – neʼmatlarga boq,

Undan bahra olgan hikmatlarga boq.

Kim Ahmad Yassaviy soʻzini bilmish,

Haqni, Rasulini, oʻzini bilmish.

Bizlarga Tangrining atoyi – tilim,

Mavlono Lutfiyyu Atoyi tilim.

Bitgaydir ichimni toʻldirgan hasrat,

Tavajjuh qilsalar Navoiy hazrat.

Bori tillar ichra rutbam tayindir,

Bu “Muhokamat ul lugʻotayin”dir.

Qoʻlimdan qoʻymayman “Boburnoma”ni,

Vatanga muhabbat – taqdir nomani.

Yuragimga yuqqan dard-ohi bilan,

Hayotim nurlidir Ogahiy bilan.

Oshiq dil maqsudu matlabi undan,

Tarjima sanʼatin maktabi undan.

Vatan, til mangudir, kishi bor – oʻtar,

Qay dilda shu soʻz bor – u Avaz Oʻtar.

Vosita, robita, olamiyon – til.

Bani odamga jon, foida kon – til.

Daraxtdan uzilgan yashil barglarim,

Oh, juvonmardlarim – juvonmarglarim.

Hayotim toʻlagan oʻlponlarimdir –

Fitratu Qodiriy, Choʻlponlarimdir.

Millatning, Vatanning joni til bilan,

Shuhrati, shavkati, shoni til bilan.

Hayot yoʻli bizga oina – ibrat,

Behbudiy, Sidqiyu Isʼhoqxon Ibrat.

Bildim, iymon uchun zoʻr qoʻrgʻon – tilim,

Yoʻlim ham, dilim ham charagʻon tilim.

Tilga xiyonatni kechirmaydi dil,

Elga xiyonatni kechirmaydi el.

Tilga sadoqat bu – elga sadoqat.

Elga sadoqat bu – tilga sadoqat.

Manim Mahshargacha ravon yoʻlim bu,

Olam ayvonida mangu tilim bu.

Yuragim tarannum etgan bayotman,

Turkiy tilim bordir, men barhayotman.

*Oʻron – oʻz kishilarini tanish uchun uchrashganda aytiladigan va oldindan belgilab qoʻyiladigan shartli maxfiy soʻz

TOʻRTLIKLAR

*

Koʻrmas dema, togʻning ham koʻzi boʻladi, doʻstim,

Oyoqlari, qoʻllari, yuzi boʻladi, doʻstim.

Xudo jonli-jonsizga til bitgandek goʻyoki,

Jilgʻalari, soylari – soʻzi boʻladi, doʻstim.

*

Mutloq Mulk sohibi – boydan, ona til,

Qadimdir quyoshdan, oydan, ona til.

Agar bugun seni yoʻqotib qoʻysam,

Soʻng oʻzimni izlay qaydan, ona til.

*

Bir qutlugʻ nasiba – bugʻdoy soʻzlarim,

Koʻksingni koʻtargay tugʻday soʻzlarim.

Ona tilin pisand etmaganlarning,

Qalbiga sanchilsin tigʻday soʻzlarim.

*

Chaqaloq tugʻildi, allalar boʻlgay,

Ulgʻayar, keyin toʻy-yallalar boʻlgay.

Jaranglasa bular ona tilimda,

Misoli zang bosmas tillalar boʻlgay.

Gʻayrat MAJID

1 700
O'zA