Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.02.2018 11:00 Chop etish versiyasi

Til – o‘tmish va bugungi kun o‘rtasidagi ko‘prik

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.

Unda diplomatik korpus vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari ishtirok etdi.

Tillar o‘zaro muloqot, tushunish va fikrlash vositasi sifatida o‘tmish, bugungi kun va kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlikni aks ettiradi. Shu bois mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari o‘z ona tillarida bemalol so‘zlashishi, urf-odati, san’ati va madaniyatini rivojlantirish huquqi kafolatlangan. O‘zbekistonda ta’lim yetti tilda olib boriladi.

– O‘zbekistonda 56 ta qirg‘iz tilida ta’lim beriladigan maktab bor, – deydi Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Abiba Yunusaliyeva. – Maktablar uchun qirg‘iz tilidagi darsliklar byudjet hisobidan nashr qilinadi va o‘quvchilarga tarqatiladi. Undan tashqari badiiy adabiyotlar ham chop etiladi. Radio va televideniyeda qirg‘iz tilida ko‘rsatuv va eshittirishlar berib boriladi. Mamlakatimizda turli millat vakillari uchun yaratilgan bunday imkoniyat va sharoitdan juda mamnunmiz.

Tadbirda milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan dasturlar namoyish etildi. O‘zbek, ozarbayjon, boshqird, rus, ukrain, polyak va boshqa tillarda she’rlar o‘qildi, qo‘shiqlar ijro etildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
4 804