Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 17:02 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi

Poytaxtimizda tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida tasviriy va amaliy san’at festivali boshlandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur festivalning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz asos solgan milliy tasviriy san’atni yanada ravnaq toptirish, uning betakror maktab va an’analarini boyitib borish, ijodkor yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda ham izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, ta’limning barcha bo‘g‘inlarini tubdan takomillashtirish, yosh avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlikni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xalqchilligi bilan yurtdoshlarimiz e’tiborini qozondi. Bu masalalar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsadlar bilan hamohang.

San’at haftaligi tadbirlari g‘oyat qiziqarli va rang-barang bo‘lib, ularda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ijodkorlar, musavvirlar, xalq amaliy san’ati ustalari, dizaynerlar, haykaltaroshlarning o‘zaro ijodiy muloqoti uchun qulay sharoit yaratiladi. Ayni paytda festival tadbirlari, turli ko‘rgazmalar, taqdimot marosimlari, ijodiy tanlovlar davomida yangidan-yangi iste’dod sohiblarini aniqlash, ularning ijod namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniyati paydo bo‘ladi.

37.JPG

Festival doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent Fotosuratlar uyi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida ustoz-shogird an’analarining bardavomligi, bahor, bugungi tinch va osoyishta kunlarimizni, xalqimizning kayfiyati, ruhiyati, ezgu orzu-intilishlarini aks ettiruvchi asarlardan iborat qiziqarli badiiy ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tadi.

Nafis san’at marafoni davomida Markaziy ko‘rgazmalar zali atrofi hamda unga tutash xiyobonda o‘quvchi-yoshlar Vatanimiz, maftunkor tabiat manzaralari, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tasvirga ko‘chiradi. Kulolchilik, kashtado‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik va boshqa amaliy san’at yo‘nalishlarida ijod qiladi. Shu yerning o‘zida ustoz musavvirlar ishtirokidagi mahorat saboqlari asosida bilim va tafakkurlarini yanada boyitadi.

– Ushbu tadbir g‘oyat ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda, – deydi Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito. – Bu yerda tasviriy va amaliy san’atning ko‘plab yo‘nalishlari, O‘zbekiston hamda turli mamlakatlarning madaniyati va san’ati namoyish etilayotgani ijodiy muloqot uchun muhimdir. Xalqlarimiz tasviriy san’atidagi hamohanglik, o‘xshashlik ko‘proq miniatyurada, har bir detalni g‘oyat aniq va mo‘jaz ifodalashda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Festival kunlari "Eng yaxshi o‘quv muassasasi", "Eng yaxshi murabbiy", "Eng yaxshi tasviriy san’at asari", "Eng yaxshi amaliy san’at asari", "Eng yaxshi ko‘rgazma", "Eng yaxshi mahorat darsi" tanlovlari ham o‘tkaziladi.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
12 799






Все о погоде - Pogoda.uz