Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 18:01 Chop etish versiyasi

Tasviriy san’at haftaligi chorlaydi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod memorial-bog‘ muzeyida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan Tasviriy va amaliy san’at festivali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini, badiiy didi va tafakkurini yuksaltirish, ibratli an’ana va qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Joriy yilning 18-22-aprel kunlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkaziladigan Tasviriy va amaliy san’at festivali istiqlol yillarida mamlakatimiz tasviriy san’ati sohasida erishilayotgan yutuqlar, bugungi kundagi badiiy ta’lim jarayonlari bilan muxlislarni tanishtirish, yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.

Festival doirasida turli ko‘rgazmalar, konsertlar, mahorat saboqlari, milliy liboslar namoyishi, uchrashuv va davra suhbatlari, ijodiy anjumanlar, taqdimot tadbirlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. "Eng yaxshi o‘quv muassasasi", "Eng yaxshi murabbiy", "Eng yaxshi tasviriy san’at asari", "Eng yaxshi ko‘rgazma", "Eng yaxshi mahorat darsi" tanlovlari tashkil etilishi ham nafis san’at fidoyilarini aniqlash imkonini beradi.

Festival kun tartibidan o‘rin olgan eng yirik ko‘rgazmalardan biri – "Bahor nafasi" ijodiy loyihasi rassomlarning ona tabiatga, milliy an’ana va qadriyatlarimizga, xalqimizning ezgu orzu-intilishlariga munosabatini aks ettirsa, "Kamoliddin Behzod izdoshlarimiz" ijodiy tanlovi tasviriy san’atga mehri baland yoshlarni aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga Xitoy, Indoneziya, Bangladesh, Yaponiya, Falastin va boshqa mamlakatlarning madaniyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, rossiyalik fotorassom Aleksandr Markevich ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 420






Все о погоде - Pogoda.uz