Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 13:24 Chop etish versiyasi

Tarixiy merosimiz – bebaho boyligimiz

Mamlakatimiz hududi qadimiy obida va madaniy yodgorliklarga boy. Ular xalqimiz o‘tmishini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyat sifatida bebaho mulk hisoblanadi.

Ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida jahon ahlini lol etib kelmoqda. Ayni paytda insoniyat tamaddunining ajralmas qismi sifatida ulkan tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. Shu bois mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilib, ularni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, xalqimizning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissasini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xalqimizning boy tarixidan dalolat beruvchi ushbu arxeologik va me’moriy yodgorliklar, san’at asarlari, diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish, ta’mirlash va qayta tiklash, ularni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish borasida Andijon viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Viloyat hududida mahalliy va respublika ahamiyatiga molik 371 tarixiy va madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan, – deydi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilshodbek Yusupov. – Ulardan 114 tasi arxeologik, 66 tasi me’moriy yodgorliklar, 117 tasi mahobatli san’at yodgorliklari – haykallar bo‘lib, 74 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlardir. Ular muayyan bir davr, maskan, ulug‘ shaxslar haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Bugungi kunda viloyatda maxsus dastur asosida ana shu tarixiy obida va madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, obodonlashtirish borasida zarur ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislar ishtirokida tuzilgan tarixiy-madaniy ekspertiza komissiyasi tomonidan tuman va shaharlardagi madaniy meros obyektlari, deb e’tirof etilgan yodgorliklar to‘la o‘rganib chiqildi. Ularning aksariyatida kadastr-baholash, muhandislik-tadqiqot, toponomik, kartografiya ishlari amalga oshirildi. Arxeologlar, tarixchi olimlar tomonidan Marhamat tumanidagi Mingtepa, Izboskan tumanidagi Elatan, Jalaquduq tumanidagi Dalvarzintepa yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi.

Andijon shahridagi Mirpo‘stin ota, Baliqchi tumanidagi Tuzluq momo, Uchbuloq, Andijon tumanidagi Mehmoni Valiy, Paxtaobod tumanidagi Xovuskon ota, Xo‘jaobod tumanidagi Imom ota, Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq singari ziyoratgoh va dam olish maskanlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ziyoratchi va dam oluvchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. 50 dan ziyod tarixiy yodgorliklar va ziyoratgohlarning kadastr hujjati, 50 dan ziyod obyektning pasporti tayyorlangan.

Milliy davlatchiligimiz tarixini o‘zida aks ettiruvchi arxeologik yodgorliklarni, tarixiy va madaniy obidalarni asrab-avaylash, o‘rganish va tadqiq etish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
3 319






Все о погоде - Pogoda.uz