Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 20:32 Chop etish versiyasi

Tarixiy madaniyat – ma’naviyatimiz asosi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi: nazariya va amaliyot” mavzuida an’anaviy ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Milliy universitet, Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanga oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, mustaqil tadqiqotchilar, ilmiy xodim izlanuvchilar, magistrantlar, bakalavrlar, kollej va akademik litsey o‘quvchilari taklif etildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori O.Xolmuhamedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarda inson qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida ustuvor masalaga aylanganligi, keng ko‘lamli dasturlar doirasida bajarilayotgan ishlar jahon miqyosida tan olinayotganligi, barcha sohalardagi islohotlarning bardavomligi osuda va farovon hayotimizning muhim omillaridan ekanini ta’kidladi.

– Bugungi tadbirda milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi, ilmiy izlanish va natijalar haqida batafsil fikr yuritildi, – deydi falsafa fanlari doktori, professor A.Qodirov. – Bu boradagi ilmiy izlanishlar «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirishga qaratilgandir. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish, hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishda milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi ta’minlanishiga ko‘maklashish, ma’naviy yetuk, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir masalalarni ilmiy asoslash mas’uliyati olimlar zimmasidadir.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida jahon ahlining katta qiziqishini uyg‘otib kelmoqda. Ular insoniyat tamaddunining ajralmas qismi sifatida ulkan tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. Shu bois mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilib, ularni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, xalqimizning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissasini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Mazkur anjumanga 200 dan ortiq maqola taqdim etilgan, – deydi Namangan davlat universiteti o‘qituvchisi D.Toshboyeva. – “Ahmad Yugnakiyning falsafiy qarashlarda madaniyat va ma’naviyat masalalari” mavzuidagi izlanishimda Sharq mutafakkirlarining bu boradagi ijodini o‘rganib, o‘z fikr-mulohazalarimni ilmiy jamoatchilikka havola etdim.

Tadbir doirasida Milliy universitetning “Ma’naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan yangi o‘quv-uslubiy adabiyotlar jamlanmasi, Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining «Asrlararo sayohat», «Adras jilosi» milliy liboslar kolleksiyalari, tasviriy san’at asarlari namoyish etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 069






Все о погоде - Pogoda.uz