Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Tasviriy san’at haftaligi doirasida ustoz va shogirdlar ko‘rgazmasi ochildi

Tasviriy san’at haftaligi doirasida ustoz va shogirdlar ko‘rgazmasi ochildi Rassom mahorati borliqni bor tarovati va maftunkorligicha aks ettirib, tomoshabinni hayratlantira olishdadir. Bunga "Moviyga parvoz – II. Ona zamin va inson obrazi" nomli ko‘rgazmada yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.

Badiiy akademiya tomonidan o‘tkazilayotgan Tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma yoshlar, xorijlik mehmonlar, san’at muxlislari bilan gavjum.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston xalq rassomi, Badiiy akademiya akademigi, professor Akmal Ikromjonov va uning shogirdlari asarlari qo‘yilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga saboq berayotgan mo‘yqalam sohibi iste’dodli shogirdlarning kamol topishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

– Zamonaviylikni aks ettirish eng murakkab jarayon, – deydi Milliy rassomlik va dizayn institutining magistranti Avazbek Nasriddinov. – Bunda ijodkor ranglar texnikasi, tasvirlarning, g‘oyaning yillar sinovidan muvaffaqiyatli o‘tishini oldindan ko‘ra olishi kerak. Ko‘rgazma qatnashchilari ustozlar ijodidan ruhlanib, o‘z uslubi, ijod yo‘lini topa olgani yaqqol sezilib turibdi.

Ko‘rgazmaga kelganlar A.Ikromjonov asarlari bilan birga uning shogirdlari Ilhom Otaboyev, Erkin Bozorov, Xurshid Ibrohimov, Sardor Allaberganov, Farrux Ahmadaliyev, Saidbek Sobirboyev va boshqalarning asarlaridan bahramand bo‘lishi mumkin.

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 420






Все о погоде - Pogoda.uz