O‘zA O`zbek

07.06.2019 19:18 Chop etish versiyasi

SHERMUHAMMADBEK

SHERMUHAMMADBEK


Turkiston mustaqilligi uchun sovet rejimi va qizil armiyaga qarshi kurashda istiqlolchilik harakatining harbiy yoʻlboshchilari – qoʻrboshilar muhim rol oʻynashgan. Ana shunday qoʻrboshilardan biri Shermuhammadbek (1893 – 1970) hisoblanadi. Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakatining rahbarlari oʻrtasida Shermuhammadbek alohida ajralib turadi. Shermuhammadbek qoʻrboshi faoliyatini tarixiy manbalar asosida xolis oʻrganish bugungi yosh avlod va Vatan himoyachilari uchun ibrat namunasini oʻtaydi, degan umiddamiz.

Kurash maydoniga kirishi

Shermuhammadbek (arxiv hujjatlari va sovet adabiyotlarida Shermat qoʻrboshi yoki Koʻrshermat, chap koʻziga oʻq tekkanligi uchun shunday nom berishgan) hozirgi Fargʻona viloyati Toshloq tumanidagi Garbuva (Garbobo, Karbobo – azizlar) qishlogʻida, beklar avlodidan boʻlgan Qoʻshoqbek hoji xonadonida, 1893-yilda tugʻildi. Qoʻshoqbek hojining ota avlodlari Qoʻqon xonlari huzurida vazirlik, beklik qilishgan boʻlsa, onalari Oydin ogʻocha Koshgʻardan kelin boʻlib tushgan edi.

Shermuhammadbekning Toshmuhammadbek, Tojmuhammadbek, Roʻzimuhammadbek degan akalari, Nurmuhammadbek ismli ukasi hamda Sarviniso va Toʻfixon ismli singillari boʻlgan. Uning onasi Toʻpaxon aya Qoʻshoqbek hojining kenja xotini edi. Shermuhammadbek oilada toʻrtinchi farzand boʻlib, dastlabki taʼlimni qish­logʻida, keyin Margʻilonda olgan. Shermuhammadbek yoshligidan ilmga chanqoq, ayni paytda jangari va jasur yigit boʻlgan. U koʻp oʻqigan, shuning uchun ham ajdodlarga hurmat va mustamlakachilarga nafrat ruhida tarbiyalangan.

Ali Bodomchining yozishicha, Qoʻshoqbek 1913-yili Hijoz oʻlkasidan – Haj ziyoratidan qaytib kelayotgan paytda Qrimda vafot etgan. Ota besh oʻgʻliga oʻlkadagi Rossiya mustamlakachiligi zulmiga qarshi kurash olib borishni vasiyat qilgan. Otadan oʻgʻillarga meros boʻlib vatanparvarlik tuygʻusi qolgan.

Shermuhammadbek kamgap va adolatpesha shaxs edi, deb xotirlaydilar Fargʻona qariyalari. Ahmad Zakiy Validiy keyinchalik oʻzining “Xotiralar” nomli kitobida yozishicha, Shermuhammadbek 1916-yilda Rossiya imperiyasi tomonidan mardikorlikka olingan va urush marralarida ishlash uchun safarbar qilingan kishilar qatorida Polsha frontiga tashlangan.

Shermuhammadbek Fargʻona vodiysida sovet rejimiga qarshi milliy ozodlik uchun kurashning ilk bosqichidan boshlab jang maydoniga kirgan. U Katta Ergash va Madaminbekning oʻrinbosarlari sifatida istiqlolchilarning tan olingan yirik lashkarboshisi edi. U kurash maydoniga qadam qoʻygan ilk kunlardan boshlab “Turkiston – turkistonliklarning yurtidir, unga boshqa hech kimning egalik qilishga haqqi yoʻq!” degan shiorni oʻrtaga tashlagan. Uning asosiy maqsadi Turkistonda islom jumhuriyatini tashkil qilish boʻlgan. Madaminbek liberal yoʻlboshchi boʻlgan boʻlsa, Shermuhammadbek kes­kin harakat qiladigan (radikal) qoʻmondon edi.

(Shermuhammadbek faoliyati bugungi kunda respublikamizda nashr qilingan ayrim kitoblarda buzib koʻrsatilmoqda. Faylasuf I. Karimov oʻzining “Madaminbek” nomli asarida Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan bu fidoyi insonni Koʻrshermat deb tahqirlash bilan cheklanib qolmasdan, balki koʻrsatgan jasoratlarini soxtalashtiradi. Madaminbekdan tashqari Fargʻonadagi boshqa qoʻrboshilar haqida tuhmatomuz fikrlar tiqilib yotgan, kommunistik gʻoya va sinfiylik ruhi bilan sugʻorilgan bu kitob mustaqilligimizning 9-yilida nashr qilinganligi ajib holdir. Bu haqda qarang: Ibrohim Karim. Madaminbek. – T.: Sharq, 2000. – 160 bet.)

Shermuhammadbekning siyosiy qiyofasi muxoliflar tomonidan u qurolini hali tashlamagan payt­dayoq quyidagicha chizilgan edi: “Koʻrshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) – millati sart (oʻzbek – Q. R.) boʻlib, barcha qoʻrboshilarning eng gʻayratli va qatʼiyatlisi hisob­lanadi. Jangda juda jasur, qoʻl ostidagilarga nisbatan talabchan va ruslarga (chor rossiyasi bosqinchilariga – Q. R.) shafqatsiz. U aholi oʻrtasida gʻoyat katta obroʻ-eʼtibor va shuhratga sazovordir”.

Tarixchi olima D. Ziyoyeva “Turkis­ton milliy ozodlik harakati” nomli kitobida XX asr 20-yillarida matbuot sahifalarida qoʻzgʻolonchilar, xususan, Shermuhammadbekning shiorlari va maqsadlari haqida chop etilgan qiziqarli maʼlumotlarni keltiradi. Uning koʻrsatishicha, Antonov “Krasnaya Fergana” gazetasi (1921-yil 17-may)da shunday yozadi: “Bosmachilar qoʻmondoni Koʻrshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) sovet hokimiyatidan toʻliq mus­taqillik... va umuman, Rossiyadan ajralishni talab qilyapti... Uning bu talabi RKPning milliy dasturiga mos keladigan yaxshi niyat, deb oʻylash mumkin. Uning chaqiriqlarida milliy harakat asoslari yaqqol koʻrinib turibdi”. I. Sols xuddi shu gazetada eʼlon qilingan “Koʻrshermat va avtonomiya” sarlavhali maqolasi (1921-yil 10-iyul)da qu­yidagicha yozadi: “Koʻrshermat (Shermuhammadbek – Q. R.) ishchi-dehqon hukumatiga taʼna qilib, 15 kun ichida Turkis­ton uchun muxtoriyat berishni talab etmoqda”. Verin ham shu gazeta (1921-yil)da qu­yidagilarni taʼkidlaydi: “Koʻrshermat (Shermuhammadbek – Q. R.), Olloyor, burjuaziya, ruhoniylar vakillari bizdan milliy-madaniy muxtoriyat, shariat, islom, urf-­odat va anʼanalar daxlsizligini, hayotni buzishni toʻxtatishni talab qildilar”.

Shermuhammadbek faoliyatiga uning ashaddiy gʻanimlari tomonidan berilgan bu baholar va eʼtiroflar toʻgʻri ekanligini alohida taʼkidlab oʻtmoq lozim.

Oliy bosh qoʻmondon

Madaminbek qizil armiyaga qarshi kurashdan chetlashgach, 1920-yilning erta bahoridan boshlab Shermuhammadbek Fargʻona vodiysidagi qurolli harakatning Oliy bosh qoʻmondoni etib saylandi. Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston – turk mustaqil islom jumhuriyati yoxud Turkiston muvaqqat hukumati (1920-yil 3-may)ning tuzilishi vodiydagi qoʻzgʻolonchilarni qayta birlashtirish va sovet rejimiga qarshi hal qiluvchi janglar sari boshlash uchun muhim oʻrin tutadi.

Shermuhammadbek bu paytda Buxoro va Xorazm Respublikalari hamda Samarqand viloyatida harakat qilayotgan istiqlolchilar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻydi. Anvar Posho va Junaidxon bilan uch tomonlama hamkorlik oʻrnatildi.

Shuningdek, Shermuhammadbekning Sharqiy Buxoro qoʻrboshilari Ibrohimbek va Fuzayl Maxdum bilan munosabatlari yaxshi boʻlgan. Afgʻoniston va Turkiya bilan ham aloqalar jonlangan.

Bolsheviklarning maddohlaridan biri eʼtirof qilishicha, ular uchun “Madaminbek qoʻrboshilar oʻrtasida eng kuchlisi boʻlgan boʻlsa, Shermuhammadbek, shubhasiz, eng xavflisi edi”.

Shermuhammadbek Turkiston mintaqasining barcha aholisiga qilgan murojaatida qurolli kurash mohiyatini shunday ifodalagan edi: “Bolsheviklar aldaydilar va oʻldiradilar. Barcha davlatlar bolsheviklarni tugatish uchun ularga qarshi kurashmoqdalar. Turkiston xalqiga oʻzini oʻzi boshqarish huquqi berilganida edi, biz kurashmagan boʻlardik. Turkistonga oʻz huquqi berilmas ekan, biz huquq va vijdonimiz, or-nomusimiz uchun soʻnggi tomchi qonimiz qolgunicha bolsheviklar bilan kurash olib boraveramiz”.

Xullas, Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakatiga Shermuhammadbek rahbarlik qilishi bilan qizil armiyaga qarshi kurash 1920-yil oʻrtalarida oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Kurashning bu bosqichida u yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Bu holat qu­yidagi omillar bilan izohlanadi.

Birinchidan, 1920-yil bahori va kuzidan boshlab Fargʻona vodiysi va Samarqand viloyatidagi istiqlolchilik harakati bilan bir qatorda endilikda avval Xorazm Respublikasida, soʻngra Buxoro Res­publikasida ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat bosh­landi va qisqa muddatda avj olib ketdi. Ikkinchidan, istiqlolchilik harakatining yangi bosqichi oʻziga xos xususiyatga ega boʻlgan murakkab va ziddiyatli davrni oʻz ichiga olgan edi. Harakatning birinchi va ikkinchi bosqichlarida bolsheviklar hukumatiga qarshi chiqqan qoʻzgʻolonchilar tub yerli aholi vakillaridan iborat boʻlib, ular asosan rossiya­liklardan tashkil topgan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar, yaʼni bu mahalliy xalq bilan bosqinchilar oʻrtasida hayot-mamot kurashi boʻlgan edi.

Bolsheviklar hukumatida xizmat qilayotgan milliy rahbar xodimlarning mahalliy aholi vakillarini qizil armiya safiga chaqirish haqidagi talablari dastlab Turkkomissiya va Toshkentdagi sovet hukumati tomonidan inobatga olinmadi, sirasini aytganda, ular tub yerli aholi vakillari qoʻliga qurol berishdan choʻchidilar. Natijada harakatning dastlabki bosqichlari mohiyat nuqtai nazaridan olganda ham tom maʼnoda bosqinchilarga qarshi milliy istiqlol uchun kurash boʻlgan edi.

Markaziy hukumat rahbarlari va uning Turkistondagi tayanchlari faqat 1920-yilning oʻrtalaridagina bu haqiqatni tushunib yetdilar. Mahalliy aholi vakillarini qizil armiya saflariga qabul qilib, ularni qoʻzgʻolonchilarga qarshi qoʻyish bilan bu kurash mohiyatini oʻzgartirishga, Turkiston xalqini Rossiyadagi kabi fuqarolar urushi girdobiga tortishga harakat qildilar. Shu maqsadda Turkiston fronti qoʻmondoni M. V. Frunze 1920-yil 7-mayda qizil armiya saflariga mahalliy millat fuqarolaridan 30 000 kishini olish toʻgʻrisida buyruq chiqardi.

Lekin bu bilan masala ular oʻylaganidek hal boʻlmadi. Qizil armiya safida qurolli muxolifatga qarshi jang qilishni istamagan chaqiriq yoshidagi minglab erkaklar istiqlolchilik harakati (qoʻzgʻolonchilar) qatorini toʻldirdilar.

Qahramon RAJABOV,

tarix fanlari doktori,

professor

Manba: “Vatanparvar” gazetasi


OʻzA
4 133