Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.07.2018 10:00 Chop etish versiyasi

Shavkat Rahmon (1950-1996)

Shavkat Rahmon (1950-1996) Shavkat Rahmon 1950-yil 12-sentyabrda O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida tug‘ilgan. 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1996). Moskvadagi Adabiyot institutini tugatgan (1975). Dastlabki she’riy to‘plami — “Rangin lahzalar” (1977). “Yurak qirralari” (1981), “Ochiq kunlar” (1984), “Gullayotgan tosh” (1985), “Uyg‘oq tog‘lar” (1986), “Hulvo” (1988), “Saylanma” (1997) singari she’riy kitoblari e’lon qilingan. F. G. Lorka (“Saylanma”, 1979), X. R. Ximenas, A. Alberti she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1996 yil 2 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

QASAM

Shavkat Rahmon degan
bir o‘jar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim ma’nisin juda ko‘p o‘ylab,
sayladim so‘zlarning
saralarini.
Har bir so‘z
yuz so‘zning o‘rnini bosar —
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.
Har bir so‘z yetajak yuzta umrimga,
Har biri baxsh etar
ruhimga shodlik.
Hozirlik ko‘rarkan buyuk safarga,
pushtirang pardali minglab darchadan
mo‘ralab o‘tirgan go‘zal so‘zlarni
qoldirib ketaman endi barchaga.
Aslida atirgul bo‘yin taratgan
bu o‘ynoqi so‘zlar menikimasdir.
Menga nonday zarur qilichday keskir,
zaharday mard so‘zlar bo‘lsayoq basdir.
Sayladim so‘zlarning saralarini,
kurashlar shamoli kirdi nazmimga.
Yurtimni kezaman, endi har narsa –
egilgan narsalar tegar g‘ashimga.
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim so‘ylamasin yolg‘onni hech kim,
tokim buyuk tog‘lar saltanatida
egilgan boshlarni qilichlar kessin.

QIZIL OLMAGA QASIDA

Yiqildim kuzakning qoralig‘ida,
Tun-da bir chayqaldi,
asta tinchlandi.
Borlig‘u yo‘qlikning oralig‘ida
ko‘zimga ko‘rindi olam sinchlari.
Yotardim toshdayin jimlik tubinda,
xayolim — bemahal so‘lgan g‘unchadir.
Voy, ko‘nglim, desammi
jimlik suvinda,
ayt, ko‘nglim,
kimlarga kuyding bunchalik?
Vaqt ham tun bo‘yi yulduz qoni-la
ularkan ko‘nglimning siniqlarini,
tirildi bir dilbar saboh yonida
tolg‘in qush galasi —
xo‘rsiniqlarim.
Shunda dimog‘imga bo‘ying urildi,
tag‘in yurilmagan yo‘l bo‘ldi olam —
ulkan bir sayyora kabi ko‘rinding,
menday bir faqirga, olmajon, olma!
Manim kichik ko‘nglim,
Ay, shoir ko‘nglim,
nokaslar ra’yiga tushmagan ko‘nglim,
dunyoning million xil noz suvratidan
bir qizil olmani xushlagan ko‘nglim!
Olmajon,
Tushdingmi osmon bogidan,
Qaysi bir dunyodan elchi bo‘p kelding.
Ko‘nglim so‘lar chogi tun qiynog‘idan,
nahotki, fazoda olovday yelding.
Manim kichik ko‘nglim,
ay, shoir ko‘nglim,
tagan kunduzlarning ishqida bedor.
Olmani olamga otaman to‘lib,
bormisan,
bormisan bu dunyoda, yor…

UCHAYOTGAN ODAM

Tobora tushlarim qiziq tus olar,
tobora qisqarar qush tushlariday.
Ko‘pincha uchaman,
uzoq uchaman
shundoq teraklarning uch-uchlarida.
Sezaman,
tigdayin shoxlar jismimni
o‘zimning qonimga bo‘yar, alhazar.
Yuragim qamalgan qushday potirlar,
Quvar qon hidini olgan kalxatlar.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yerning tortish kuchin yengmoqchi bo‘lib,
silkiyman qontalash qanotlarimni,
ming bor tirilaman,
ming bora o‘lib.
Yuksakda bir olam — moviy ranglarda,
ozod ruhlar uchun boshpana bergan.
Uchib ketolmasdim,
go‘yo jismimni
ko‘rinmas rishtalar boglagan yerga.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yurak o‘ynogadan sovuq ter bosib,
uygonar ekanman,
oylab o‘ylayman
G‘aroyib tushlarning ta’bir, ma’nosin.
Nega men uchaman,
Qayga uchaman,
nega takrorlanar g‘aroyib tushlar?
Demak, qachonlardir qanotim bo‘lgan,
demak, ajdodlarim to‘ralgan qushdan.
Haftalab o‘ylayman,
oylab o‘ylayman,
ne uchun qushlarga tortar qonlarim?
Qachondir bahaybat qush edim, desam,
nega siz kulasiz, og‘ajonlarim!
Qush edim,
o‘t bilan o‘ynashgan bir qush,
balki o‘t kuydirgan qanotlarimni.
Shu xolos, yillarcha urindim bekor
o‘qiyman deb, kuygan yodim xatini.
Men qushman,
qachondir yerga qulagan,
keyincha zaminga moslashgan jismim.
G‘aroyib tushlarim esa, shubhasiz,
yodimning kuymasdan qolgan bir qismi…
Goh esa o‘ngimda
kuymasdan qolgan
xotiram parchasi sabab bo‘larmi,
gavjum shaharlarning ko‘chalarida
qanotday yozilib ketar qo‘llarim.
Qayga uchish kerak,
bilmayman, ammo
bilarsiz bemalol uxlayotganlar –
qushdan to‘ralgansiz desam, ustimdan
silkinib-silkinib kulayotganlar?!
Bilsangiz,
shu tobda jismu jonimni
zaharga aylanib, yogar qonlarim.
Qushday bo‘zlab uchdim boshlaringizda,
Qushligin unutgan, ogajonlarim!
Zora eslagansiz,
zora tilagim,
balki nasib bo‘lar sizlar-la uchmak.
Hozircha kechirdim, saqlamadim kek,
chunki men odammas,
chunki men qushman.

* * *

Titroq sezdingmi hech
bir shum lahzada —
xatar-la yuzma-yuz turgan chogingda.
Tubsiz jar labida oniy larzadan
titrab kelganmidi joning ogzingga.
Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,
titramay aytdingai keskir so‘zingai.
Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,
asrab qololdingmi o‘zing o‘zingni?!
Qaltis lahzalar bor —
dosh bermak mushkul,
biroq chidaganlar tirik xotirda,
goho elitarlar — nafasi mushkin,
goho ko‘rinarlar ko‘zingga tig‘day.
Osmondan kelganda tuban odamlar —
biri chinorkesar,
biri kesar til.
Butun qilmishlarin qarasang jamlab,
namoyon bo‘ladi suvrati qotil.
Qaltis lahzalar yo‘q,
Qaltis umr bor,
mo‘r-malax nom aro yolg‘iz noming bor.
Lahzada titroqqa aylanib tursang,
demakki, ichingda bitta xoin bor.
O‘ldir,
ichingdagi xoinni o‘ldir,
volida ko‘ziga boqishdan avval,
ma’shuqa qo‘ynida yotishdan avval,
zulmat ummoniga botishdan avval.
Yo‘ldir bu,
nafsning botqog‘i emas,
qilichning damiday chaqnagan yo‘ldir.
Bu yo‘lga yuzingni burishdan avval,
o‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir.

* * *

Chaqin bo‘lma, bo‘lma guldirak,
yerdan ko‘pam uzoqlab ketma.
Ovozingni yirtmagin bekor,
Yerni quchma — quloching yetmas.
Undan ko‘ra biror odamning
Makoni bo‘l — irmokli, soyli.
Shamollarni to‘sgan tog‘i bo‘l,
Osmoni bo‘l — yulduzli, oyli.

XO‘RSINIQ

Tog‘ xo‘rsinib yubordi og‘ir –
Vodiylarga yugurdi shamol,
Yuzlarini yashirdi hilol.
Tog‘ xo‘rsinib yubordi og‘ir,
Teran xobdan uyg‘ondi yurak,
Tog‘lar kabi xo‘rsinmoq kerak.

O‘zA muxbiri O.Bekmurodova tayyorladi
3 100