Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.12.2017 15:26 Chop etish versiyasi

Samarqandda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali bo‘lib o‘tdi

Samarqandda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali bo‘lib o‘tdi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan viloyat xalq ta’limi va madaniyat boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 600 ga yaqin iste’dodli o‘g‘il-qiz qatnashdi.

Har yili an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan mazkur festival bolalarning ma’naviy olamini boyitish, musiqa, san’at va adabiyotga qiziqishini oshirish, yosh iste’dod sohiblarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Bu yil ham tanlovning quyi bosqichlari tuman va shaharlarda yuqori saviyada tashkil etilib, unda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 6 mingdan ortiq bola qatnashdi. Ular orasidan saralangan ishtirokchilar yakuniy bosqichda klassika, vokal, xalq cholg‘ulari, raqs, tasviriy va amaliy san’at, nazm va nasr yo‘nalishlarida o‘z iste’dodini namoyon etdi. Ayniqsa, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari badiiy jamoalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.

17.JPG

10.JPG

– Festivalda bir necha qo‘shiqlarim bilan ishtirok etganim va ular tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olinganidan xursandman, – deydi tanlov g‘olibi, Payariq tumanidagi 17-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Kamol Rashidov. – Tadbir davomida taniqli xonandalardan saboq oldim, tengdoshlarim ijodi bilan tanishdim. Kelgusida boshqa tanlovlarda ham qatnashib, g‘olib bo‘lish niyatidaman.

Tadbir doirasida malakali mutaxassislar tomonidan bolalar uchun mahorat saboqlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va cholg‘u asboblari ko‘rgazmalari o‘tkazildi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 639