Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.10.2017 19:25 Chop etish versiyasi

Rassom nigohidagi Toshkent

Rassom nigohidagi Toshkent “Toshkent ko‘chasi”, “Tungi yo‘l”, “Tog‘da”, “Eski uy”, “Chilonzor. Hovli” kabi qirqdan ortiq asarini muxlislar e’tiboriga havola etgan grafik rassom Yevgeniy Panovning navbatdagi ko‘rgazmasi Toshkent mavzuiga bag‘ishlandi. Bu suratlarda rassom poytaxtimiz inshootlari, ko‘chalari, yo‘llarini tasvirlar ekan, ularda bolalik xotiralari bilan bugungi hayotning qiyosiy ifodasini ko‘rsatib berishga harakat qilgan. Chizmalardagi bunday o‘ziga xoslik tomoshabinni azim Toshkentning o‘tmishi va yangi manzaralari bilan tanishtiradi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida mamlakatimizda tasviriy san’at sohasiga qaratilayotgan e’tibor musavvirlar, jumladan, Yevgeniy Panov uchun iqtidorini yangi yo‘nalishlarda sinab ko‘rishga keng imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi. Bu, ayniqsa, uning manzara janridagi asarlarini akvarelda ishlayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Rassom nigohidagi Toshkent

Ye.Panov Toshkent shahrida tug‘ilib, o‘sgan. Rassomlikka bo‘lgan mehri uni shu yo‘nalishda ta’lim olishga undaydi. Bir necha bor shaxsiy ko‘rgazmalari bilan muxlislar nazariga tushgan ijodkor bugungi kunda kino va reklama sohasida ishlash bo‘yicha ham katta tajribaga ega. 2014 yildan boshlab u “Qadimgi Toshkent” loyihasi bo‘yicha turkum asarlar yaratib kelmoqda.

Rassom nigohidagi Toshkent

– Iqtidorli va izlanuvchan rassom Yevgeniy Panov kartinalarida ichki va tashqi olam tasvirini ko‘ramiz, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi Nusratilla Abdullayev. – Negaki, uning tasvir ob’ekti, o‘z so‘zi va falsafiy qarashi o‘zigagina xosdir. Yevgeniy Panov asarlaridagi bunday holat ijodkor va tomoshabin fikrining mushtarakligiga muhim omil yaratadi. Masalan, musavvirning bolalik xotiralarida eski Toshkent ko‘rinishlari muhrlangan. Shu xotiralarni, deylik, eski uylar, vaqtning ta’siri sezilgan derazalar, muyulishli yo‘llar, eski shahar, hovlilar, balkonlar tasvirini asarga ko‘chirgan rassom sizu bizni o‘tmishni eslashga undaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
3 597






Все о погоде - Pogoda.uz