O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:40 Chop etish versiyasi

Qozog‘istonlik Ismag‘ul oqinning nevarasi Termizda barchani maftun etdi

Qozog‘istonlik Ismag‘ul oqinning nevarasi Termizda barchani maftun etdi

Surxondaryo viloyatida boshqa millat vakillari bilan qozoqlar ham ahil, inoq, farovon turmush kechirmoqda. O‘zbeklar bilan dini bir, urf-odat va an’analari, tili o‘xshash qardoshlarimiz viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotir. Iqtidorli farzandlari o‘z iste’dodini keng namoyon etib, el olqishini olmoqda. 

Viloyat markazidagi To‘proqqo‘ron mahallasida yashovchi Dilbar Musaeva bilan Termiz shahrida o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida suhbatlashib qoldik. 

Ko‘p yillar viloyat suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilgan D.Musaeva hozir qarilik gashtini surmoqda. To‘rt o‘g‘ilni tarbiyalab, kamolga yetkazayotir. Opa bilan tanishib, suhbat qurishimizga 9 yoshdagi o‘g‘li Husanning baxshichilik san’atiga mehr qo‘ygani sabab bo‘ldi.

– Ajdodlarimiz Qozog‘istonning qadimgi Akmala, ya’ni Rossiyaning hozirgi Omsk viloyatida yashagan, – deydi Dilbar opa. – Bu haqda bizga onam Xotira Alimova juda ko‘p gapirib bergan. Ayniqsa, shoir va oqinlar avlodidan ekanimizni tez-tez eslar edi. Bobom Ismag‘ul Sadvoqasovning so‘zga chechanligi va ko‘plab dostonlarni yoddan kuylashini, davralarni qizdirishini faxr bilan yodga olar edi. Bunday fazilat tog‘amda ham bo‘lganini aytib yurardi. Kenja o‘g‘lim Husanjonning ana shunday qobiliyatini sezib qolgach, bobomga, tog‘amga o‘xshabdi-da, deya juda suyinib ketdim. Uni bu sohaga qanday yo‘naltirsam ekan, deb yurganimda shahrimizda baxshilar maktabi ochilganini eshitib, yana bir quvondim.

O‘tgan yili D.Musaeva Hasan-Xusan o‘g‘lini yetaklab, Termiz shahridagi 22-musiqa, san’at va baxshichilik maktabiga bordi. Mutaxassislar suhbati asosida Hasan pianino, Husan esa baxshichilik guruhiga o‘qishga qabul qilindi.

– Ikkovi ham qiziqish bilan o‘qimoqda, – deydi Dilbar opa. – Xusanjonning dostonlardan parchalarni do‘mbira jo‘rligida berilib kuylashidan zavqlanaman. Akmalada elga shavq ulashgan bobomni ko‘rgandek, mehrini tuygandek bo‘laman. Bir kun kelib, u zotning amalga oshmay qolgan orzularini ruyobga chiqaradi, qo‘lda do‘mbira bilan dunyo kezadi. Katta-katta davralarda yurtimiz orini oladi, deya umid qilaman.

Termiz shahrida ilk marta o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida tashkil etilgan sayllarda Xusan Musaev ham boshqa guruhdoshlari singari do‘mbira nag‘malari jo‘rligida qadimiy dostonlardan parchalarni, xalq og‘zaki ijodi asosida yaratilgan termalarni shirali ovozda yurakdan kuylab, mezbonu-mehmonlarda boy taassurot o‘yg‘otdi. Qozog‘istonlik shoir bobosidek faqat mahalliy ishtirokchilarni emas, balki Mag‘ribu Mashriqdan Termizga kelgan mehmonlarni ham maftun etdi. 

Bularning barchasi yurtimizda yosh avlodning o‘z iste’dod va mahoratini keng namoyish etishi uchun yaratilayotgan sharoitlarning, milliy va umumbashariy qadriyatlarni ulug‘lashga qaratilayotgan etiborning amaldagi ifodasidir. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
380