Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 17:16 Chop etish versiyasi

Qalbi asarlarida qolgan adib

Butun qalb boyligini va bor iste’dodini bir nuqtaga yig‘ib, qog‘ozga tirik tushira oladigan yozuvchigina kitobxonni hayajonga soladigan, uning ko‘ngil mulkiga aylanadigan asarlar yaratadi.

Rahmatli Tog‘ay Murod ana shunday qalbi boy, iste’dodi yorqin adiblardan edi. Yozuvchining asarlaridagi o‘ziga xos, takrorlanmas fazilatlar uning tug‘ilib-o‘sgan yurti, tuprog‘i olingan joylarning tarovati bilan naqadar bog‘liq ekanini men Surxondaryoning Xo‘jasoat deb atalmish qishlog‘idan olgan taassurotlarimga qiyoslab payqagan edim.

Bu qishloqqa biz Asqad Muxtor, Odil Yoqubov – uchovimiz 1963-yilning kuzida borgan edik. Termiz orqali Sariosiyoga, so‘ng Hazorbog‘, Sino orqali Xo‘jasoatga o‘tgan edik. Qorli tog‘larga borib tutashgan adirlar bag‘rida tog‘ suvlari hosil qilgan iliq kamarlar ko‘p ekan.

Bu kamarlar shiftidan buloq suvlari ipday tizilib oqib turadi. Qishda ham muzlamaydigan bu iliq suvlar himoyasida kamar shiftidan soch tolalariday pastga osilib o‘sadigan sumbullarni biz o‘sha yerda birinchi marta ko‘rdik. Asqad aka «Chinor» romanida bu sumbullarni tog‘dan zo‘ravonlik bilan ko‘chirilgan Shivilg‘on qishlog‘ining ko‘chalarida tuproqqa qorishib yotgan holda tasvirlagan edi. Shu bilan mustabid tuzumning sumbulday noyob go‘zallik o‘sadigan qishloqni yoppasiga ko‘chirishi shafqatsizlik bo‘lganini ko‘rsatgan edi. Lekin tabiat mo‘jizalarini avaylab o‘rgangan xalqimiz sumbulni qanchalik e’zozlashini men «Qora ko‘zlar» romanida Avazning suyukli yori Hulkar tog‘ kamaridan uzib olgan bir necha tola sumbulni uzun qora sochiga taqib, boshida olib yurganini tasvirlagan edim. Qisqa bir safar paytida Xo‘jasoat adirlaridan olingan taassurot o‘sha oltmishinchi yillarda yozilgan bir emas, ikkita romanga go‘zal hayotiy detal berganligi tasodif emas ekan. Keyinchalik Tog‘ay Murodning shu Xo‘jasoat qishlog‘i, Surxon vohasi va u bilan tutash o‘zbek diyoridan olgan taassurotlari uning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» nomli qissalarida va «Otamdan qolgan dalalar» romanida nihoyatda yorqin hayotiy obrazlarga aylanganini ko‘rib, uning iste’dodi va mahoratiga qoyil qolganman.

Dunyoda jug‘rofiy kashfiyotlar asri bo‘ldi, fan-texnika kashfiyotlari asri bo‘ldi. Shundan keyin etnos deb ataladigan millatlarning ajoyib xususiyatlarini kashf etish asri boshlandi. Yigirmanchi asrning Gabriel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov kabi yozuvchilari o‘zlari mansub bo‘lgan millatlarning dunyoda takrori yo‘q ajoyib yeri, hayotlarini badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaganliklari uchun butun jahonda o‘z asarlariga nisbatan ko‘p qiziqish uyg‘otdilar. Tog‘ay Murod asarlari hali dunyo tillariga tarjima etilgan emas. Uni asosan o‘zbek kitobxoni suyib o‘qiydi. Masalan, o‘zbek kurashi birinchi marta Tog‘ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi bilan adabiyotimizga kirib kelgan edi. Afsuski, qissa yaratilgan yetmishinchi yillarda unda qanday katta ijodiy kashfiyot borligini ko‘plarimiz hali anglab yetmagan ekanmiz. Oradan o‘nlab yil o‘tgach, istiqlol davrida o‘zbek kurashi jahon miqyosiga chiqqandan keyin Tog‘ay Murod kelajakni oldindan ko‘rganday katta ijodiy kashfiyot qilganini, uning qissasida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan o‘zbeklar uzoq tog‘ qishlog‘ida qanday ajoyib polvonlar qiyofasiga kirib, kurash tushishini o‘qiganda siz ham shu polvonlar millatiga mansub bo‘lganingizdan g‘ururlanasiz.

Adib «Ot kishnagan oqshom» qissasida ham o‘zbek millatiga xos chavandozlik mahoratini va Ziyodullaning mardona qiyofasini adabiyotimiz uchun yangilik bo‘lgan bir badiiy kashfiyot darajasiga yetkazib tasvirlaydi. «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi Jamoliddin va Dehqonqul, «Oydinda yurgan odamlar» qissasida Qoplon va Oymomo to‘g‘risida ham shu fikrlarni aytish mumkin. Mana shu fazilatlar uchun shaxsan men Tog‘ay Murod asarlarini mumtoz kitoblarim orasida saqlayman, ularni har safar qayta o‘qiganda, uning qahramonlaridagi erkakcha tantilikdan va muallif uslubidagi mardona ohanglardan zavq olaman.

Afsuski, bugungi ayrim erlar oriyat tuyg‘ularini unutib, xotinlarini chet elga, nomunosib joylarga ishga yuboradilar, hatto «Bor, pul topib kel», deb ko‘chaga haydaydilar, o‘zlari esa uyda ayolcha yumushlarni qilib, bola boqib o‘tiradilar. Ayniqsa, mana shunday erlar Tog‘ay Murod asarlarini o‘qisalar, balki erkaklik g‘ururining qadriga yetarmidilar?

Tog‘ay Murod hayotligida u bilan yurakdan suhbatlashgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan edi. Endi kitoblarini o‘qisam, u o‘z qalbini asarlariga joylab ketganini sezaman. Shuning uchun ularni o‘qish jarayonida Tog‘ay Murod bilan qalban suhbatlashganday bo‘laman. O‘ylaymanki, uning kitoblari umrboqiy asarlar qatorida kitobxonlar tomonidan ham doim sevib o‘qiladi.

Pirimqul Qodirov, 
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

O'zA
2 800