Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:38 Chop etish versiyasi

Qadimshunos olimga ehtirom

Qadimshunos olimga ehtirom Termiz arxeologiya muzeyida yaponiyalik arxeolog olim Kato Kyudzoning Surxondaryo viloyatidagi madaniy va tarixiy yodgorliklarda olib borgan izlanishlari chog‘ida topgan noyob eksponatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalari boshqa sohalar qatori ilm-fan rivojida ham yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbek-yapon arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyatidagi qadimiy obidalarda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari buning yaqqol dalilidir.

Yaponiyalik professor Kato Kyudzoning qadimiy vohaning madaniy-tarixiy yodgorliklarida olib borgan ko‘p yillik izlanishlari hududning boy o‘tmishi, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi va madaniy-ma’naviy merosini dunyoga yanada keng tanitishga xizmat qilmoqda.

– Kato Kyudzo uzoq yillar Zartepa, Dalvarzintepa, Eski Termiz, Fayoztepa, Qoratepa kabi qadimiy yodgorliklarda arxeologik tadqiqot olib borishda ishtirok etib, ikki mamlakat ilm-fani o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik yaratdi, – deydi Termiz arxeologiya muzeyi direktori Zebuniso Alimardonova. – Qadimshunos olimning hamkorlikdagi izlanishlari ajdodlarimizning hayot tarzi, boy madaniy-ma’naviy merosi, savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi, qurilish, hunarmandlik va boshqa sohalar rivoji tarixi bilan tanishtirishda muhim manba vazifasini o‘tayotgani bilan ahamiyatlidir.

Kato Kyudzo Surxon vohasida saqlanib qolgan buddaviylik ibodatxonalari va arxeologik yodgorliklarni chuqur o‘rganib, yigirmadan ortiq monografiya yaratdi. 200 dan ziyod ilmiy maqola yozdi. 20 dan ortiq ilmiy-tarixiy asarlarni tarjima qildi. “Termiz haqida”, “O‘rta Osiyoda Buddaviylik yodgorliklari tarixi”, “Xorazm”, “O‘rta Osiyo yodgorliklari bo‘ylab sayohat” kabi asarlar yozdi.

Olimning sohadagi xizmatlari O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari tomonidan munosib taqdirlangan. O‘zbekistonda amalga oshirgan ilmiy-tadqiqot ishlari, O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va mamlakatimizni dunyoga tanitishdagi samarali xizmatlari uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘lgan. O‘zbekistondagi tarixiy obidalarda olib borgan yigirma yillik ilmiy-tadqiqot ishlari uchun Yaponiya davlatining “To‘pbarggul hoshiyali tilla rangdagi muqaddas xazina” oltin ordeni bilan mukofotlangan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti faxriy doktori unvoniga sazovor bo‘lgan. Termiz shahrining faxriy fuqaroligiga qabul qilingan.

– O‘zbekistonga uchinchi marta kelishim, – deydi Yaponiyaning Rissho universiteti professori Yasuda Xaruki. – Bu muzeyda avval ham bo‘lganman. Mavzu juda yaxshi tanlangan. Ushbu ko‘rgazma Kato Kyudzo nomi va xotirasini abadiylashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu yerda Qoratepa, Fayoztepa, Dalvarzintepa singari yodgorliklardan topilgan ayrim eksponatlarni birinchi bor ko‘rib turibman. Bunday noyob topilmalar qadimiy vohaning boy o‘tmishini chuqur o‘rganish va tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rgazmada viloyat hududidagi tarixiy obidalarda qazish ishlari olib borish chog‘ida yaponiyalik arxeolog olim tomonidan topilgan milodiy III-IV asrlarga oid sopol qopqoq, ohaktoshdan yasalgan ustun asosi, sopol chiroqlar, buddaning o‘tirgan holatdagi haykali, urchuq boshlari, tangalar, posangi, sopol ko‘za va boshqa ko‘plab noyob eksponatlar o‘rin olgan. Surxon vohasining boy o‘tmishini o‘zida aks ettirgan bu topilmalar yosh avlodning tariximizni o‘rganishga qiziqishini yanada oshiradi, ularda qadimgi ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan bunyodkorlik ishlaridan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltiradi.

Ko‘rgazmada hassos qadimshunos olim tomonidan chop etilgan va tarjima qilingan kitoblar ham joy olgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
326






Все о погоде - Pogoda.uz