Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.10.2017 16:04 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda “Ko‘hna Turonning shonli o‘tmishi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

Poytaxtimizda “Ko‘hna Turonning shonli o‘tmishi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli rassom Imyar Mansurovning “Ko‘hna Turonning shonli o‘tmishi” deb nomlangan ko‘rgazmasi ochildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti va Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish tadbirida tasviriy san’at ahli, san’atshunoslar, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori H.Aminov, akademiklar A.Mirzayev, V.Burmakin va boshqalar taniqli rassom I.Mansurovning ijodiy va pedagoglik faoliyati, yaratgan asarlaridagi uslub va mavzular rang-barangligi yosh ijodkorlarga katta maktab vazifasini o‘tayotgani haqida so‘z yuritdi.

Poytaxtimizda “Ko‘hna Turonning shonli o‘tmishi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

Imyar Mansurovning kasb sirlarini puxta egallashida Rahim Ahmedov, Vladimir Burmakin kabi taniqli rassomlar xizmati beqiyos. Tabarruk yetmish yoshni qarshilagan Imyar Mansurov bugungi kunda qizg‘in ijod bilan birga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida talabalarga saboq bermoqda.

Imyar Mansurov ko‘hna Turon madaniyatini, uning shonli o‘tmishi, tarixini o‘rganib, shu mavzuda qator asarlar yaratayotir. Bugungi ko‘rgazma uning ko‘p yillik ijod mahsuli bo‘lib, ularda tarixiy lavhalar jonlanganday bo‘ladi. Chizmalardagi mavzuning qiziqarliligi, syujetning harakatchanligi, chizgilarning nozikligi, atlas ranglarning tovlanishi kishi e’tiborini tortadi. “Kushon shahzodasi mehmonlari bilan ovda”, “Oltin odam. Jang”, “Kushon shahzodasi malika bilan”, “Amir Temur”, “Afrosiyob”, “Ipak yo‘li”, ”G‘alaba bilan qaytish”, “To‘maris”, “Afrosiyob malikasi”, “Bibixonim” kabi kartinalarida buyuk tariximiz ranglar, detallar, mimikalar, holatlar orqali mohirona talqin etilgan.

– Rassom Imyar Mansurov ijodida tasvir, musiqa va she’riyat sadolari uyg‘unlashib ketgan, – deydi rangtasvir ustasi Rahimjon Rizomuhamedov. – Chunki u yaratgan asarlarni kuzatsangiz, bo‘yoqlarga aralash kuy-ohang, unga monand so‘zlar ohanrabosini sezasiz. Ekspozitsiyadagi suratlarni birma-bir ko‘rib, men shunday his-hayajonni tuydim. Bu menga katta quvonch baxsh etdi.

Ko‘rgazmada rassomning ellikdan ortiq rangtasvir asari namoyish etilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 661






Все о погоде - Pogoda.uz