O‘zA O`zbek

15.07.2018 08:00 Chop etish versiyasi

OYNI UZIB BЕRING, DЕSANG-KU, MAYLI...

Bu ko‘hna olamning rangin qiyofasidan ko‘ngil shodlansa, jafolaridan, xiyonatlaridan aziyat chekadi. Yosh ulg‘ayib, ko‘z ostida nurli chiziqlar yuzga “zeb” berganda alamli o‘ylarga chap berishga majol qolmas ekan. G‘am-anduhdan bosh chayqalganda bir mehribon qo‘l boshing silasa, qarog‘ing g‘ilq yoshga to‘lib, nadomat yuragingni tilka-pora qiladi. Tiling bazo‘r kalimaga keladi: “Yaxshiyam bu tor dunyoda yonimda sen bor singlim!”

Biz yurak yutib, bir dardu ohli olamga qadam bosmoqqa jazm etdik, qadrdon! Unga bo‘ylab goho mehru-oqibatdan lol qolsam, goho yuzsizliklardan tosh qotaman. Shunday “aka”lar borki, singil(lar)idan yilda bir hol so‘rab, xabar olmaydilar... Hayot tashvishlariga ko‘milib ketgan akalardan singillar “bormisiz?” deya hol so‘raydi.

“Dardingizni olay, o‘zim sizga qurbon bo‘lay, akajon”, deya bag‘ir ochib kelgan singil oq oralagan sochingizni silaydi. “Davlatmandim, jonu-jahonim, akajonim”, deb dil so‘raydi. Yoningizda o‘tirib, yurak-yurakdan dardlashadi. Qumsalgan sog‘inchli onlarni yodga soladi. Elas-elas hadsiz armonlar o‘kinchi quloqqa chalinadi. Qiyomatga qolgan diydorlar sari chorlaydi. Ota-ona, yaqinlar tomon tikilgan nursiz nigoh ravshan tortadi. “Bor bo‘l, singlim!” deya qadrdon bo‘ylarni to‘yib-to‘yib hidlaging kelaveradi. O‘kinch yurakga og‘riq soladi. Nega? Nima uchun? Shu onlarda hofizning dardchil nolishi qalbni o‘rtaydi:

Onajonim oy yuzidan uzilgan nursan o‘zing, 
Toza mehrim taftlaridan ochilgan gulsan o‘zing,
Meni deya jon halagim jon saragim, munisim,
Yonimda tur, kaftimda tur, jonimda turgin o‘zing,
Onam menga tashlab ketgan, yolg‘iz yodgorim singlim,
Yaxshiyam bu tor dunyoda yonimda sen bor singlim!

Ha, shunday: “Yaxshiyam bu tor dunyo¬da yonimda sen bor singlim!” Bu dunyoning tashvishlari borlig‘ingni chirpirak qilganda ruhing madad istaydi. Beun yig‘idan ko‘zing tinadi. Chaqnab turgan quyosh ko‘ksingni ilitolmaydi. Go‘yoki yuz million yil avvalgi muzlik davri boshlanganday tuyuladi. Beixtiyor taskin ummoniga jon-jahd bilan sho‘ng‘iging keladi. Mana shunda ham mushtipar singil senga peshvoz chiqadi. Poyingga qalbini poyandoz aylaydi. “Boringizga shukr, akam”, deb dardingizni oladi. Uning yupanchidan chil-chil bo‘lgan umid qayta bosh ko‘taradi. Oldinga, hayot kurashlariga qayta ot soladi. Ana, ko‘ryapsizmi, singil mehrining qudrati nelarga qodir-a?!

“Sen akasan… Singilning akada haqi bor, unutma! Singil mushfiq hisoblanadi, u kishi bandasi, kishi qo‘liga qaragan. Bug‘doyzordan yurishga birgina singilni ko‘rish uchun borayotgan akagagina yo‘l bo‘larkan”.

Bu hikmatning mag‘zini chaqib ko‘rsangiz singilning, opaning mushfiqligini anglaysiz. Haqiqatan ham shunday.
Yana bir rivoyat bor: “Ko‘cha-ko‘yda o‘tib ketayotgan aka “Hu, anavi yoqda mening singlim yashaydi”, deb ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘rsatib o‘tsa ham, o‘sha qo‘li narigi dunyoda do‘zax otashida kuymas ekan”. Qarang-a, nafaqat singildan hol so‘rab eshigiga borish, uni eslab, qo‘li bilan ko‘rsatsa ham kifoya ekan, a?!

Katta yoshli bir akaning aytib bergan voqeasi hali-hanuz meni chuqur o‘yga toldiradi. Uzoq mushohadaga chorlaydi.
Aka, talabalik davrida singlisining tug‘ilgan kunlarida qo‘lidan kelganicha sovg‘a ulashib turar ekan. Oila qurgach, tashvish ketidan tashvishlar ulanib, goho hol so‘rash ham nasiyaga qolgan kezlar bo‘lgan ekan. Ammo bordi-keldilar uzilmagan. Hammasi vaqt yetishmasligi vajidan o‘lda-jo‘lda bo‘lib turgan-da. To‘y bahona borishib, yaxshi kayfiyatda to‘y tantanlarini o‘tkazib qaytishayotsa, xotin erini turtib gap boshlabdi. Oradan o‘ttiz yil o‘tgan voqealarni yodga solibdi.

— Singlingizni ko‘rdingizmi? 
— Ha, ko‘rdim, deganday bosh qimirlatibdi, aka.
— Uning ro‘moliga e’tibor qildingizmi? Ro‘moli...
Jahli chiqqan aka shu singlimning ro‘molidan olib bering, deydi deb, keskin, sovuq ohangda:
— Nima qipti? Senga nima? — deb g‘o‘ldirab mashinaning yon oynasidan atrofga razm sola boshlabdi.
Xotin esa avvalgi kayfiyatda davom etibdi:
— U siz sovg‘a qilgan ro‘molni, o‘rab olgan ekan. Akam ko‘rib xursand bo‘lsinlar, deb.
— A? Qachon? — debdi chehrasi ma’yus tortib. Oxirgi marta sovg‘a berganiga ham o‘ttiz yildan oshibdi-ku. Xayolini chaqin urgandek tebranib, og‘riqli “uh” tortibdi. — Bo‘lishi mumkin emas-ye!
— Ha, shunday. Asrab olib qo‘ygan ekan, akamdan esdalik deb...
Bu gap akaning boshiga gurziday urilibdi. Yopiray, qanday

chidash mumkin-a?! Joniga olov purkagan bu gap-so‘z akani giribonidan xippa bo‘g‘ib, to manziliga yeta-yetguncha tilsiz qoldirib, karaxt qilgan ekan. Tasavvur qilavering, endi...

“Kimningdir so‘ziga doim muntazir,
Kimningdir mehriga zor yashar inson”, — deydi shoir Muhammad Ali.
Axir singil akadan bir narsa umidida emas… mehr istamaganmidi?!
Mana shunday kishi bilmas onlarda ko‘ngillar sinib, parchalanib, to‘kilib boraveradi yon-atrofimizda. Kimdir mehrga, kimdir bir og‘iz iliq so‘zga gado bo‘lib o‘taveradi. Haqiqatdan ham ularning holidan vaqtida xabar olib turibmizmi? Nimang kam singlim? Opa bizga nima yumushingiz bor? Nima uchun bu so‘zlarni keyingi payt¬da juda kam ishlatyapmiz?
Beparvomiz. O‘z-o‘zimiz bilan andarmon yuraveramiz. Umr ham o‘taveradi... Mehr-oqibat esa anqoning urug‘i bo‘lib boraveradi... 
Shu lahzada o‘sha hofizning dardli xonishining davomi yangraydi.

Sendan topdim men onamning izlarini,
Yo‘qlab bordim sog‘inganda chiroyli yuzlarini,
O‘pkam to‘lib, ko‘nglim to‘lib, yashirdim ko‘zyoshimni,
Ovozlaring eslatganda onamning so‘zlarini.
Onam menga tashlab ketgan, yolg‘iz yodgorim singlim,
Yaxshiyam bu tor dunyoda yonimda sen bor singlim!
Jon qadrdonim, bu ohlarning boi¬si, aka-uka, opa-singildek jigarlarni qayta topa olmaslikdandir. Ming afsuski, hayotimizda mana shunday oqibatsizliklar yo‘q emas. Unutmaylik, yaqinlarni yod etish, ular holidan xabar olish har birimizning odamiylik burchimizdir. Shu o‘rinda shoir do‘stimiz Ulug‘bekning singlisi Mehrigulga atalgan “Qaytish” nomli she’ri yodga tushadi.

Yodimda, yoshlikning xotiralari,
Qo‘lingdan yetaklab yurardim.
Aka, osmondagi yulduzlar qancha?
Oyning akasi kim? ― deya so‘rarding.

Javob berar edim, rostdir, yolg‘ondir,
Ertaklar aytardim sochingni silab.
Ba’zan ko‘zlarimga uyqu to‘lganda,
O‘zim mudrar edim seni erkalab.

Oylar, yillar o‘tib, fasllar o‘tib,
Yoshing ham ulg‘ayib qolibdi.
Yo‘llarimga nigohin tikib,
Onamning ko‘zlari tolibdi.

Bir kun qishlog‘imga boraman qaytib,
Faqat ko‘zlarimga yig‘lab qarama.
Oyni uzib bering, desang-ku, mayli,
Uning akasi kim? ― deya so‘rama.

Ona, opa, singil ― mehribon xilqat,
Mening yo‘llarimga mushtoq bo‘lgan ― Baxt!
Qadrdon, siz bugun singlingizdan xabar oldingizmi?!

G‘ayrat Shirinov, O‘zA
4 643