Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 14:53 Chop etish versiyasi

Oq ko‘ngilning oppoq jilosi

Oq ko‘ngilning oppoq jilosi Milliy qiyofamiz, o‘zligimiz, an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylashda qo‘ligul usta va hunarmandlarning xizmatlari beqiyos. Toshkent Fotosuratlar uyida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin olgan asarlarni ko‘zdan kechirgan har bir muxlis bunga yana bir bor ishonch hosil qiladi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston xalq ustasi Asrol Muxtorovning ijod namunalari, uning faoliyati aks ettirilgan fotosuratlar, usta yaratgan ganch o‘ymakorligi bezaklari o‘rin olgan.

"Hunarmand" xalq ustalari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Hakimov, O‘zbekiston xalq rassomi B.Jalolov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan san’atning barcha yo‘nalishlarida samarali mehnat qilayotgan ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ijodiy marralar sari ilhomlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalq ustasi Asrol Muxtorov umrini, qalb qo‘rini ganch o‘ymakorligiga bag‘ishlagan fidoyi ustalardan. Toshkent ganchkorlik maktabining yetakchi vakillaridan bo‘lgan mohir hunarmand mamlakatimizdagi ko‘plab muzeylar, ma’muriy binolar, teatr va san’at maskanlari, muhtasham sport komplekslari, konsert zallari, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlar kabi 300 dan ortiq inshootni bezashda qatnashgan. "Ustoz-shogird" an’anasining bardavomligini ta’minlab kelayotgan hunarmand hozirgacha ellikdan ortiq yoshlarga ganch o‘ymakorligi sirlarini o‘rgatgan.

Ijod namunalarini ko‘rib, oddiy gips materiali g‘oyat go‘zal va betakror, nafis bezakka aylanishida ustaning qunt va saboti, mahorati, iste’dodi, mashaqqatli mehnati nechog‘li katta ahamiyatga ega ekanini dildan anglash mumkin. Mazkur ko‘rgazmaning "Oq ko‘ngilning oppoq jilolari" deb nomlangani bejiz emas. Zero, betakror ijod namunalarida ustalarning fidoyiligi, pokiza qalbi, mehnatsevarligi, el-yurtga cheksiz ehtiromi va mehr-muhabbatini, kasbiga sadoqatini ham ko‘rgandek bo‘lamiz.

Ko‘rgazmada ganchkorlikni umrboqiy san’atga aylantirish yo‘lida izlanayotgan ustaning ijod namunalari – ganchli palaklar, pannolar, dekorativ bezaklar bilan birga uning izlanishi, faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlarga keng o‘rin berilgan.

Nazokat Usmonova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
1 471






Все о погоде - Pogoda.uz