Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2017 21:27 Chop etish versiyasi

Opa-singillarga atalgan ko‘rgazma

Opa-singillarga atalgan ko‘rgazma Dilbar opa-singillarimizning go‘zalligi, nafosatini aks ettirishda fotografiya san’ati beqiyos ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ayollarimizning ma’naviyati, beg‘ubor orzu-niyatlari, sabr-qanoat, shukronalik, hayotdan rozilik tuyg‘usi bilan yashashini teran ochib berishda mazkur san’atning o‘rni qanday?

Toshkent Fotosuratlar uyida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan badiiy fotoko‘rgazma shu savolga javob topish imkonini berishi mumkin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida xonadonlar obodligini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, qizlarni 12-yillik ta’lim bilan to‘laqonli qamrab olish, bandligini ta’minlash, xotin-qizlar salomatligi haqida qayg‘urish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur ko‘rgazmadan o‘rin olgan fotoasarlarda ham ayollar azaldan yurtimizda aziz va muqaddas sanalgani, ibratli udum va an’analarimiz, umrboqiy qadriyatlarimiz aks ettirilgani bilan ahamiyatlidir. Ekspozitsiyadagi suratlar asosan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining fotorassomlar sho‘basi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining fotomuxbirlari tomonidan yaratilgan ijod namunalaridir.

– Jonajon O‘zbekistonimiz shu kunlarda yanada go‘zal va maftunkor qiyofa kasb etgan, – deydi mohir fotoijodkor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdug‘ani Jumayev. – Ko‘rgazma yurtimizdagi barcha ayollarning yaxlit siymosini, ularga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tiborni ochib berishi bilan ahamiyatlidir.

Ko‘rgazmada Tursun Ali, Abdug‘ani Jumayev, Vladimir Shlosberg, Rustam Shagayev, Muhammad Amin, A’lo Abdullayev, Yolqin Shamsiddinov, Hotamjon Mamadaliyev, Farhod Abdurasulov, Tohir Istatov kabi mohir fotorassomlar bilan birga Nazira Boymurodova, Gayane Avanesyan, Nadejda Rixsiyeva singari fotografiya sohasida izlanayotgan ijodkorlarning ishlariga ham keng o‘rin berilgan. "Nigoh", "Hayrat", "Birinchi o‘qituvchim", "Erta bahor", "Gullagan novda" nomli fotosuratlar ayol, Vatan, ona tabiatning nechog‘li uyg‘un ekanini aks ettirishi bilan diqqatga sazovordir.

Nazokat Usmonova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
3 346






Все о погоде - Pogoda.uz